Suv – bu hayotning asosi, insoniyat va barcha tirik mavjudotlar uchun bebaho ne’matdir. Yer yuzidagi hayot suv bilan chambarchas bog‘liq. Inson organizmining katta qismi suvdan iborat bo‘lgani kabi, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ekologik muvozanat va kundalik turmushimiz ham suvsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun suvni asrash va undan oqilona foydalanish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Afsuski, so‘nggi yillarda mahallamizda suv tanqisligi tobora kuchayib bormoqda. Ilgari to‘lib oqadigan anhorlarimizda bugun suv juda kam, ayrim paytlarda esa umuman kelmaydi. Natijada ekin maydonlari yetarli darajada sug‘orilmayapti, yerlarning hosildorligi pasaymoqda. Bu esa dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi oilalarning daromadiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, butun mahalla hayotiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda.
Ichimlik suvi masalasi ham dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘plab xonadonlarda markazlashgan suv tarmoqlari mavjud emas. Odamlar har kuni uzoq masofalardan suv tashishga majbur bo‘lishmoqda. Ayniqsa, yozning jazirama kunlarida suv topish yanada qiyinlashadi. Suv tanqisligi nafaqat maishiy hayotga, balki aholining sog‘lig‘iga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Qurg‘oqchilik kuchaygan sari atrof-muhitdagi muammolar ham ortib bormoqda. Havoda chang va tuz zarrachalari ko‘payib, odamlarning nafas olishiga qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bolalar, keksalar va surunkali kasalligi bor insonlar bunday sharoitdan ayniqsa ko‘proq aziyat chekmoqda. Oxirgi 5–6 yil davomida biz bu o‘zgarishlarni o‘z ko‘zimiz bilan kuzatib kelmoqdamiz. Bir vaqtlar suvga to‘la bo‘lgan anhorlarda baliqlarning qirilib ketgani, qirg‘oqlarning qurib qolgani va tabiatning asta-sekin o‘z qiyofasini yo‘qotayotgani juda achinarli holatdir.
Ba’zan anhorlarga suv kelganida, odamlar elektr nasoslari yordamida ekinlarini sug‘orishga harakat qiladilar. Biroq bu vaqtinchalik va qimmatga tushadigan yechimdir. Aslida muammoni faqat texnika yordamida hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun tabiatga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartirishimiz kerak. Chunki suv tanqisligining asosiy sabablaridan biri insonlarning tabiatga beparvo munosabatidir. Daraxtlarning kesilishi, suv resurslarining isrof qilinishi, ekologik qoidalarga amal qilinmasligi va atrof-muhitning ifloslantirilishi bugungi muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Buning eng yaqqol misoli – Orol dengizi fojiasidir. Bir vaqtlar dunyodagi eng yirik ko‘llardan biri bo‘lgan Orol dengizi bugungi kunda inson faoliyati natijasida deyarli qurib ketdi. Orolning qurishi natijasida millionlab gektar yerlar ekologik inqiroz hududiga aylandi, havoga ko‘tarilayotgan tuz va changlar esa butun mintaqa aholisi salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Endilikda bunday muammolarning ayrim belgilari bizning hududimizda ham sezilmoqda.
Shu sababli har birimiz tabiatni asrashga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur. Daraxtlarni kesish o‘rniga ko‘proq ko‘chat ekaylik, mavjud yashil hududlarni asraylik. Suvdan foydalanishda tejamkor bo‘laylik, ortiqcha isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaylik. Sug‘orishda zamonaviy, suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanishga harakat qilaylik. Atrof-muhitni toza saqlash, chiqindilarni to‘g‘ri tashlash va ekologik madaniyatni rivojlantirish ham barchamizning vazifamizdir.
Har bir tomchi suv – bu hayot demakdir. Bugun asragan bir tomchi suvimiz ertangi kunimiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Shuning uchun suvning qadriga yetishimiz, uni behuda sarflamasligimiz va kelajak avlodlar uchun saqlab qolishimiz kerak.
Haqiqat shuki, tabiat bizsiz yashay oladi, ammo biz tabiatsiz yashay olmaymiz. Tabiatga mehr bilan munosabatda bo‘laylik, suvni asraylik, chunki suvni asrash – bu hayotni, sog‘lig‘imizni va kelajagimizni asrash demakdir.
Gulsima Mambetjanova