WARC|99

Daraxtlar kamaymoqda — bu hayotimizga tahdid solmoqda

2025-yilning may oyida Jombosqala maktablari o‘quvchilari "Orol bo‘yi dunyosi" xayriya jamg‘armasi, Ekolog.uz va O‘zbekiston Ekologik harakati bilan hamkorlikda ekologik dasturda ishtirok etishdi. Orol bo‘yi hududida – cho‘llanish chegarasida yashovchi o‘quvchilar iqlim o‘zgarishi haqidagi shaxsiy tajribalariga asoslangan insho va hikoyalar yozishdi. Ushbu matnda ekologiya Do‘ndixonning samimiy so‘zlari orqali aks etadi.

Daraxtlar kamaymoqda — bu hayotimizga tahdid solmoqda


So‘nggi yillarda daraxtlar sonining kamayishi nafaqat ekologlarni, balki oddiy fuqarolarni ham tashvishga solmoqda. Atrofimizdagi yashil hududlarning yo‘qolishi sog‘lom turmush tarziga, inson salomatligiga va umuman tabiat muvozanatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Daraxtlar miqdorining kamayishi tufayli havodagi kislorod miqdori kamayadi, tabiiy soya va salqinlik yo‘qoladi, chang bo‘ronlari esa tez-tez takrorlanib turadi. Bularning barchasi insonlar salomatligiga jiddiy xavf soladi. Shu sababli O‘zbekistonda daraxtlarni asrash va himoya qilish bo‘yicha bir qator qonun va huquqiy normalar joriy etilgan.

Afsuski, ayrim hollarda bu qonunlarga amaliyotda yetarlicha rioya qilinmaydi. Mamlakatning turli hududlarida, jumladan, mahallamizda ham daraxtlar bir necha bor kesilgan. Yaqinda mahallamizda anhorlar o‘tkazilishi munosabati bilan ko‘plab daraxtlar yo‘q qilindi. Natijada ko‘chalar chang ostida qoldi va ayanchli ahvolga keldi. Soya-salqin joylarning yo‘qligi ayniqsa issiq yoz kunlarida juda kuchli seziladi.

Ba’zida daraxtlarni kesish majburiy sabablarga bog‘liq bo‘ladi. Masalan, ayrim daraxtlar quriydi yoki qishda yoqilg‘i yetishmovchiligi tufayli ularni kesishga to‘g‘ri keladi. Hududimizda hali ham tabiiy gaz yo‘q, biz faqat suyultirilgan gazdan foydalanamiz. Shuning uchun qishda oilamiz a’zolariga ba’zida daraxt kesishga to‘g‘ri kelgan. Daraxtlarning qurishining asosiy sabablari – suv yetishmovchiligi va zararkunandalar (hasharotlar). Hattoki ichimlik suvini ham mahallamizda sotib olishga to‘g‘ri keladi, shuning uchun daraxtlarni sug‘orish juda mushkul.

Shunga qaramay, biz muammolar bilan kurashamiz. Har yili oilamiz bilan birga qurigan daraxtlar o‘rniga yangi ko‘chatlar o‘tqazamiz. Asosan mevali daraxtlarga e’tibor qaratamiz. O‘rtacha har yili 10 ta daraxt o‘tqazamiz. Biz uyimiz atrofida yana toza havo, salqin soya va tabiiy kislorod bo‘lishini istaymiz. Shu sababli barcha yurtdoshlarimga murojaat qilmoqchiman: imkon qadar uy atrofida, hovlida va jamoat joylarida daraxtlar eking. Mahalliy sharoitga moslashgan mevali va manzarali turlarni tanlashni maslahat beraman.

Do‘ndixon Arazdurdiyeva