Orol fojiasi va suv muammosining asosini global iqlim o‘zgarishi kabi ekologik muammo tashkil etadi. Ammo achinarlisi shundaki, mazkur mavzu ham respublika ommaviy axborot vositalarida yetarli darajada yoritilmaydi va natijada, yurtdoshlarimiz iqlim o‘zgarishining oqibatlari va xavflari xususida deyarli axborotga ega emaslar. Zero, global iqlim o‘zgarishi borasida O‘zbekiston Respublikasida iqlim o‘zgarishini yumshatish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan. Iqlim o‘zgarishi masalalariga bizning mamlakatda alohida umumdavlat maqomi berilgan. Mazkur mavzudagi chiqishlar ham asosan mutaxassislarga tegishli. “Yangi O‘zbekiston” gazetasining yuz.uz saytida e’lon qilingan akademik I. Abdurahmonov qalamiga mansub “Global iqlim o‘zgarishi” nomli katta maqolada 2021 yil 30 may kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik — 2030” ikkinchi xalqaro sammiti kun tartibidan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengib o‘tish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini ta’minlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim bo‘yicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari o‘rin olgan edi. Maqola aynan iqlim o‘zgarishi oqibatlari va ularni yengib o‘tishda nimalarga e’tibor qaratish zarurligiga bag‘ishlangan. Ammo muammoga batafsil yondashilgan maqolalar juda ham kam. Bundan tashqari, maqolaning sarlavhasi ham juda umumiy, o‘quvchi e’tiborini o‘ziga tortmaydi, material mazmunini to‘liq ochib bermaydi. Eng katta auditoriyaga ega bo‘lgan kun.uz saytida berilgan “Iqlim o‘zgarishi va insoniyat. Global isish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar” sarlavhali maqolada jurnalist D.Axrorov muammoni umumiy ochib berishga harakat qilib, aksariyat holatda xorijdan misollar keltirgan. Faqat bir abzasda “Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda ham qator salbiy oqibatlarga olib kelyapti” degan savol bilan murojaat qilib, mamlakatimizda iqlim o‘zgarishi oqibatlarini sanab o‘tgan. Tavsiyalar ham juda umumiy berilgan. Bunday yondashuvni “Xalq so‘zi” gazetasida berilgan “Global iqlim o‘zgarishi oldini olish uchun qanday choralar ko‘rish kerak?”, “Iqlim o‘zgarishi yangi epidemiyalarga va bakteriyalarning global tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin”, “O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qanchalik tayyor?” kabi jurnalistik materiallarda ham ko‘rish mumkin.
Global iqlim o‘zgarishi muammosi bugun qator respublika nashrlari –“Xalq so‘zi”, “Jamiyat”, “XX1 asr” gazetalari, “Yangi avlod”, “Ekologiya xabarnomasi” jurnallarida, sharh.uz, uza.uz saytlarida bot-bot yoritilayotgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonda global iqlim o‘zgarishi mavzusi tizimli yoritilmayapti. O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi 2016-2017 yillarda Kanadaning fuqarolar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida respublikaning barcha viloyatlarida “OAVda global iqlim o‘zgarishi muammosini yoritishda jurnalistlar salohiyatini oshirish” mavzusida seminar-trening o‘tkazgan va loyiha yakunida jurnalistlar o‘rtasida mavzuga oid tanlov e’lon qilgan edi.
Tanlov hamda 2010 – 2022 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan monitoring natijalariga ko‘ra, mazkur mavzuda respublika matbuotida 226 ta jurnalistik material chop etilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, jurnalistik materiallarda iqlim o‘zgarishi oqibatlari va unga moslashishni biror bir qahramon (fermer, suv, energiya iste’molchisi va hokazo) misolida ko‘rsatish, jurnalistik yondashuv mavjud bo‘lgan iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga bag‘ishlangan ekologik roliklar umuman yo‘q. Vaholanki, iqlim o‘zgarishi muammosi O‘zbekistonga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgani so‘nggi yillarda yaqqol sezilmoqda.
Eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan chiqindi muammosiga munosabat 2017 yilgacha ancha sust bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2915-sonli qarorida boshqa muhim masalalar qatorida respublikada chiqindi muammosini bartaraf etish vazifasi ham ko‘rib chiqildi. Aynan shu kundan boshlab, mamlakatimizda chiqindi muammosiga e’tibor kuchaydi. Albatta, bu narsa OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘z aksini topdi.
Ayniqsa kun.uz saytining muxbiri S.Abdurahmonova tomonidan tayyorlangan “O‘zbekistonda chiqindi muammosi: to‘layotgan poligonlar, himoyalanmagan tabiat, yangi mexanizmga ehtiyoj” maqolasida muammo yaxshi tahlil etib berilgan. Adolat gazetasining muxbiri S.Mamirov ham “Chiqindi polisiyasi kerak (MI?). Chiqindi masalasiga kelganda…begona” nomli maqolasida masalaga tahliliy yondashib, asosan Toshkentdagi aholining bu boradagi ekologik madaniyati yetishmayotganini qayd etadi. Ammo aksariyat tahliliy maqolalar 2019-2021 yillarda yozilib, so‘nggi vaqtlarda mazkur mavzuda tahliliy maqolalar deyarli berilmayapti. Materiallar asosan xabar shaklida. Bunga “Maishiy chiqindilar uchun yangi poligon tashkil etilishi mumkin”, “Bir kunda tonnalab chiqindi to‘kiladigan Ohangaron poligonidan fotoreportaj”, “Ko‘chada urna bo‘lmasa, chiqindini qaerga tashlash kerak?” kabi materiallar misol bo‘la oladi.
Afsuski, bunday xabar va korrespondensiyalar o‘quvchi, tomoshabin, tinglovchida mavzuni chuqur o‘rganish, chiqindiga nisbatan fikrini o‘zgartirish, ekologik madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmaydi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, respublika ommaviy axborot vositalarida ekologik muammolarning yoritilishi ko‘lami avvalo aholining ulardan qay darajada xabardorligi bilan bog‘liq. Iqlim o‘zgarishining oqibatlari (yog‘ingarchilikning kamayishi, havoning o‘ta isib ketishi va hokazo) mamlakatimizda endigina yuz berayotgani bois jurnalistlar mazkur masalaga e’tiborlarini yetarlicha qaratishgani yo‘q. Ammo suv muammosi yillar davomida aholini qiynab kelayotgani, chiqindi masalasi so‘nggi yillarda yanada dolzarblashgani bois mazkur mavzular OAV da tez-tez o‘z aksini topmoqda. So‘nggi yillarda ekologik muammolarni bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar – gazeta, jurnal, televidenie, radio, onlayn OAV va ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan jurnalistik materiallar, tanlovlar, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasining Ekologik harakati, Ekologik partiya tomonidan amalga oshirilgan aksiyalar (har yili bahor-yoz oylarida ko‘ngillilar, jurnalistlar jalb qilingan holda tog‘li dam olish hududlarida chiqindilarni yig‘ish aksiyasi o‘tkaziladi), konferensiyalar, uchrashuvlar, davra suhbatlari natijasida aholini mavjud ekologik muammolardan xabardor qilish, fuqarolarni ularni bartaraf etishga jalb qilish sezilarli darajada oshdi.
Ta’kidlash joizki, respublikamizdagi birorta oliy o‘quv yurtida ekojurnalistlar tayyorlanmaydi. Jurnalistika fakul’tetlarida mazkur soha alohida yo‘nalish sifatida o‘qitilmaydi. Ekologiya mavzusida qalam tebratadigan jurnalistlar va blogerlar esa soha vakillari uchun o‘tkaziladigan treninglar, seminarlar va mediaturlarda o‘z mahoratlarini oshiradi, xolos. Bu esa respublikamiz ommaviy axborot vositalarida ekologiya mavzusi va muammolarini yoritish borasida hali ko‘p ishlarni amalga oshirish lozimligini anglatadi.
Nargis Qosimova