O‘zbekiston suv inqirozi yoqasida: muammo, yechim va istiqbollar

O‘zbekiston suv inqirozi yoqasida: muammo, yechim va istiqbollar

Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyoti, ekologik barqarorligi va ijtimoiy farovonligiga tahdid solayotgan suv inqirozi bilan kurashmoqda. Mamlakatning suv muammolari chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, iqlim o‘zgarishi bilan yanada kuchaydi va murakkab va tezkor yechimlarni talab qiladi.

Tarixiy meros va bugungi holat

Qadim zamonlardan hozirgi O‘zbekiston hududi aholisi sug‘orish tizimlarini yaratgan. Samarqand, Buxoro kabi buyuk shaharlar suvdan mohirona foydalanish tufayli gullab-yashnadi. Suv resurslari nafaqat qishloq xo‘jaligining asosi, balki mintaqada savdo va madaniyatning muhim elementi ham edi.

O‘zbekistonda suv inqirozi tarixi sho‘rolar davridan boshlangan. 1960-yillardan boshlab O‘rta Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda paxta va boshqa ekinlar yetishtirishni ko‘paytirish maqsadida sug‘oriladigan yerlarni kengaytirish loyihalari amalga oshirildi. Bu mintaqadagi suv resurslarining, ayniqsa, Amudaryo va Sirdaryoning keng miqyosda qayta taqsimlanishiga olib keldi.

Suv inqirozining kulminatsion nuqtasi Orol dengizining sayozlashuvi bo‘ldi. Suvning chekinish jarayoni 1960-yillarda boshlanib, keyingi o‘n yilliklarda davom etib, mintaqa ekotizimiga, mahalliy aholi va iqtisodiyotga jiddiy oqibatlarga olib keldi. 1991-yildan boshlab postsovet davrida O‘zbekiston boshqa Markaziy Osiyo davlatlari kabi suvdan foydalanish muammolarini yangi siyosiy va iqtisodiy voqelik sharoitida milliy miqyosda hal etish zaruriyatiga duch keldi. SSSR davrida  O‘zbekistonda suvdan foydalanish tizimida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Qoraqum va Katta Farg‘ona kanallari kabi yirik sug‘orish kanallari qurilib, mamlakatning asosiy eksport ekiniga aylangan paxta yetishtirish maydonlari kengaytirildi. Biroq, bu suvning intensiv iste’mol qilinishiga va ekologik vaziyatning yomonlashishiga olib keldi.

Mintaqadagi eng mashhur ekologik ofatlardan biri Orol dengizining qurishi bo‘ldi. Sug‘orish uchun Amudaryo va Sirdaryo suvidan keng ko‘lamli foydalanish  oqibatida ekotizimning buzilishiga, mahalliy aholining hayot sifatining yomonlashishiga va mintaqadagi iqlim o‘zgarishiga olib keldi.

O‘zbekistonda suvdan foydalanish masalalarini shartli ravishda to‘rtga bo‘lish mumkin:

  1. Qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish
  2.  Ichimlik suvi iste’moli
  3.  Oqova suvlar muammosi
  4. Virtual suv yoxud O‘zbekistonning suv izi

Respublika iqtisodiyot tarmoqlari tomonidan bir yilda o‘rtacha 56–57 mlrd.kub.m miqdorida suv resurslaridan foydalaniladi, shundan 48–49 mlrd.kub.m, ya’ni 87 foiz qishloq xo‘jaligida, 5,5 mlrd.kub.m (9 foiz) energetika, sanoat va baliqchilik maqsadlarida hamda atiga 2,2 mlrd.kub.m (4 foiz) ichimlik suv ishlab chiqarish maqsadlarida foydalaniladi.

Qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish

Suv xo‘jaligi vazirligi axborot xizmatining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatimizning 20 foizga yaqin suv resurslari o‘zimizda, qolgan qismi qo‘shni davlatlarda shakllanadi. Iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib, aholi soni va suvga talab esa ortib bormoqda. Bularning ta’sirida 2030-yilga borib yurtimizdagi suv tanqisligi 15 mlrd kub metrga yetishi bashorat qilinayapti. Aytish joizki, O‘zbekiston foydalanadigan suv resurslarining 87 foizdan ortig‘i  qishloq xo‘jaligi sohasida sarflanadi. Mintaqada irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari eng ko‘p va yirik suv xo‘jaligi infratuzilmasiga ega davlat hisoblanib, sug‘oriladigan ekin maydonlari 4,3 mln gektarni tashkil etadi. Shu bilan birga, 60 foizdan ortiq yerlar nasos stansiyalari yordamida sug‘orilishi, 50 foizga yaqin sug‘oriladigan maydonlar turli darajada sho‘rlangan bo‘lib, meliorativ tadbirlar o‘tkazilishi vazifalarimizning murakkabligini ko‘rsatadi.   Mazkur muammolarni bartaraf etish va 2024-yilda suv xo‘jaligi sohasini takomillashtirish maqsadida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5 yanvardagi PQ–5-sonli qarori bilan respublika bo‘yicha 155 ta tuman irrigatsiya bo‘limlari hamda 161 ta suv xo‘jaligi maxsus xizmatlari tugatilib, ularning negizida xo‘jalik hisobida faoliyat yuritadigan 159 ta tuman “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasalari tashkil etildi.

2024-yilning 1-apreldan 1-oktyabrgacha bo‘lgan sug‘orish mavsumi uchun respublika bo‘yicha jami suv manbalaridan 31,5 mlrd kub metr suv olish limiti ajratilib, shundan sug‘orish ishlariga 28,2 mlrd kub metr suv olish limiti tasdiqlandi. Amalda sug‘orishga 29,7 mlrd kub metr suv yetkazib berildi.  Yil yakuni bo‘yicha qishloq xo‘jaligida 8 mlrd kub metr suvni tejash ko‘zda tutilgan. 2024-yildan boshlab qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 1 kub metr suv uchun 100 so‘m etib belgilandi.

2024-yilda 326 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, shundan 82,7 ming gektarda tomchilatib, 39 ming gektarda yomg‘irlatib, 30,6 ming gektarda diskret sug‘orish, 174 ming gektarda egiluvchan quvur va egatga plyonka to‘shab sug‘orish joriy qilindi hamda 507 ming gektar maydon lazerli tekislandi.

Suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olingan maydonlar 2017-yilda 28 ming gektar bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda 1,9mln gektarga, shu jumladan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi 561ming gektarga yetkazildi. Tejamkor texnologiyalardan foydalanish hisobiga joriy yilda 2 mlrd kub metr suv tejalishiga erishildi. Albatta, bu raqamlar insonni quvontiradi, ammo suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanishni  yaqin yillarda 100%ga yetkazmas ekanmiz, fermer va dehqonlarning  suvni tejash borasidagi mas’uliyatini oshirmas ekanmiz suv tanqisligi muammosi dolzarbligicha qolaveradi.

Ichimlik suvi iste’moli

Bugungi kunda respublika dunyodagi suv tanqisligidan aziyat chekayotgan 164 mamlakatlar ichida   25  o‘rinni egallaydi. Respublika aholisining soni har yili yarim million kishiga ko‘payib borayotganini va  bugungi kunda  O‘zbekiston aholisi (01.07.2024-yil holatiga) 37 million 134,2 ming kishidir. Ularning barchasi albatta yaxshi yashash, toza ichimlik suvidan foydalanish huquqiga ega. “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmatining bergan ma’lumotlariga ko‘ra,  2024 yilning 11 oyligida “O‘zsuvta’minot” AJ tizimidagi korxonalar tomonidan 1 625 mln kub. metr yoki o‘rtacha kuniga 4 859 ming kub. metr ichimlik suv ishlab chiqarildi. Ushbu hajmlar 2023 yilda – 1 711 mln.kub.m, 2022 yilda – 1 698 mln.kub.m, 2021 yilda – 1 658 mln.kub.m, 2020 yilda – 1 610 mln.kub.m tashkil etgan.

Markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan aholi punktlarida, sanoat korxonalari va boshqa iste’molchilarni chiqarib tashlaganda, respublika bo‘yicha kunlik bir kishiga iste’mol o‘rtacha 99,2 litr (Farg‘ona viloyatida – 200 litr, Toshkent shahrida – 174 litr, Navoi viloyatida-170 litr, Xorazm viloyatida – 143 litr, Jizzax viloyatida – 130 litr, Toshkent viloyatida – 126 litr, Sirdaryo viloyatida – 103 litr, Samarqand viloyatida – 96 litr, Andijon viloyatida – 84 litr, Namangan viloyatida – 75 litr, Surxondaryo viloyatida – 74 litr, Qoraqalpog‘istonda – 55 litr, Qashqadaryo viloyatida – 42 litr)ga to‘g‘ri keladi. Agarda buni suvi ko‘p mamlakatlar bilan solishtiradigan bo‘lsak, Germaniyada  bir kishiga suv iste’moli 121 litr,  Shveysariyada 105 litr, Niderlandiyada 110 litr, Angliyada 102 litrni tashkil etadi.    Bu avvalo mazkur davlatlarda bolalikdan suvni tejash, suvdan foydalanish borasida ekologik ijtimoiy mas’uliyatning shakllanganligini bildiradi.

Suv qimmatmi?

Respublikamizda aholiga markazlashgan ichimlik suv tarmog‘i orqali yetkazib berilayotgan 1 m3 (1 000 litr) ichimlik suvining respublika bo‘yicha o‘rtacha narxi 1 384 so‘mga teng. Ma’lumot sifatida, respublikada 1 m3 ichimlik suvining eng arzon narxi Toshkent shahrida 1400 so‘mni, eng baland narxi Jizzax viloyatida 4 000 so‘mni tashkil etadi. “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmatining bergan ma’lumotlariga ko‘ra  1 m3 ichimlik suvini ishlab chiqarish o‘rtacha tannarxi 1 681 so‘mni tashkil etadi. Misol uchun,

Qoraqalpog‘istonda ichimlik  suv narxi ishlab chiqarish tannarxiga nisbatdan 1,7 barobarga kam (suv narxi – 1 850 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi – 3 221 so‘m);

–  Sirdaryo viloyatida ichimlik suv narxi ishlab chiqarish tannarxiga nisbatan 1,9 barobarga kam (suv narxi – 1 250 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi – 2 374 so‘m);

–  Toshkent viloyatida ichimlik suv narxi ishlab chiqarish tannarxiga nisbatan 1,8 barobarga kam (suv narxi – 950 so‘m, ishlab chiqarish tannarxi 1 722 so‘m).

Ichimlik va oqova suv xizmatlari tarif darajalari so‘nggi 3-yilda o‘zgarishsiz saqlanganligi natijasida, o‘rta hisobda 40 foizga oshgan tannarx xarajatlari hisobidan 1,2 trln.so‘m qoplanmasdan qolgan.

Xo‘sh, xorijda suvning narxi qancha? 

Qo‘shma Shtatlar davlatlar ichida eng qimmat ichimlik suvi bilan mashhur. AQSHda 1,5 litr ichimlik suvi narxi 2,19 dollar (28 256 so‘m) ni tashkil qiladi. Birinchilik  esa  Monakoga tegishli. U yerning aholisi 1,5 litr suv uchun 5,8 dollar (74 832 so‘m) to‘lashadi. AQSH va Monakodan tashqari, Karib dengizi va Afrika mamlakatlarida 1,5 litr suvning narxi  Antigua va Barbuddaa (1,5 litr uchun 2,59 dollar), Markaziy Afrika Respublikasida (2,49 dollar), Barbadosda (2,48 dollar), Bagama orollarida (2,41 dollar), Kosta-Rikada (2,35 dollar), Grenada (2,26 dollar) va Eritreyada (2,14 dollar)dir. Islandiya ushbu reytingda oxirgi, o‘ninchi o‘rinni egalladi: u erda 1,5 litr suv narxi 2,04 dollarni tashkil qiladi. Dunyoning 77 davlatida ichimlik suvi narxi 1,5 litr uchun bir dollardan oshadi.

Rossiya ichimlik suvi narxi bo‘yicha dunyoda 155-o‘rinda. O‘rtacha Rossiyada bunday hajmning narxi dollar hisobida 55 sentni tashkil qiladi. Ichimlik suvi narxi eng maqbul bo‘lgan davlatlar qatorida Misr –(18 sent) va Liviya (24 sent) turadi.

   O‘zbekistonda suvni kim boshqaradi? 

Suv hajmlarining oxirgi yillarda o‘zgarganligi, keyingi yillarda qanchaga yetishi va ko‘payish hamda kamayishiga, Suv xo‘jaligi vazirligi (yer usti suvlari bo‘yicha) hamda Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri huzuridagi “O‘zbekgidrogeologiya” DUK (yer osti suvlari bo‘yicha) tomonidan hulosa beriladi.

Suvni ifloslantirgan huquqbuzarlarni joylarda  Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tortadi. Aholiga suvni yetkazib berishga, oqova suvlarni boshqarishga esa “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati mas’ul.

Suv hammaga yetadimi?

Yana “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2024-yillar mobaynida jami 6 350 ta obyektlarda qurilish ishlari olib borilib, 36 797,2 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.

Ushbu ishlar natijasida 13,2 mln aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilanib, 7,8 mln aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi.

Respublika aholisini 2030-yilda ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga yetkazish borasida hududlar kesimida loyiha takliflari ishlab chiqilmoqda.

Bunda, nafaqat yangi inshootlar qurish, balki eski inshootlarni ham qayta tiklash va rekonstruksiya qilish maqsad qilib olingan.

Jumladan, 2025-2030 yillarda respublika bo‘yicha qariyb 45 ming.kmdan ziyod ichimlik suv tarmoqlari hamda 1,8 ming dona inshootlarning qurilishi va rekonstruksiya qilinishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu ishlarga 27,1 trln.so‘m (shundan xalqaro moliya institutlari ishtirokida 17 trln.so‘m) mablag‘ ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Biroq, ushbu mablag‘larni o‘z muddatlarda va zarur miqdorda moliyalashtirilishida muammolar vujudga kelishini ta’kidlash lozim.

Yer osti va yer usti suv resurslari «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra birinchi navbatda ichimlik suv uchun ishlatilishi belgilab qo‘yilganligi va ichimlik suv uchun suv resurslarining bor-yo‘g‘i 4 -5 foizi ishlatilishini hisobga olsak, ichimlik suvni ishlab chiqarishda va qishloq hamda katta shaharlar aholisiga yetkazib berilishida jiddiy uzilishlar kutilmaydi.

Respublika aholisining 2023 yil 1 yanvar holatiga markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasini quyidagi jadvalda ko‘rish mumkin.

Markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlangan aholi punktlariga ichimlik suv yetkazib berilishi to‘liq yo‘lga qo‘yilgan.

Oqova suvlar muammosi hal bo‘ladimi?

So‘nggi yillarda  suv tanqisligi kesimida oqava suvlar va ularni qayta tozalash dolzarblashib borayotganligini inobatga olsak, mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida 2022-yili O‘zbekiston Respublikasining “Ichimlik  suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonunning maqsadi ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Toshkent shahri misolida oladigan bo‘lsak, hozirda suvni tozalash inshootlari bir sutkada 1,64 mln kubometr oqova suvni qabul qiladi, ammo ularni tozalash samaradorligi 51% dan kamdir. Suvlar Bektemir, Buzsuv va Salar aeratsiya inshootlarida tozalanadi. Mazkur inshootlarga faqatgina aholining ehtiyojlarini qondirish natijasida ishlatilgan oqova suvlargina emas, balki ishlab chiqarish korxonalari faoliyati oqibatida hosil bo‘lgan suvlar ham kelib tushadi. Bu masalaga yechim o‘laroq, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021-yil iyun oyi oxirida poytaxtning Yangihayot, Sergeli va Bektemir tumanlarida oqova suvlarni tozalash uchun quvvati kuniga 1 million kub metr bo‘lgan yangi oqova suv tozalash inshootini qurishni taklif qilgan edi. Chunki  chuchuk suv zaxiralari soat sayin kamayib borayotgan bir paytda oqava suvlarni tozalab, tabiatga zarar yetkazmaslik, ularni qishloq xo‘jaligiga ishlatish dolzarb masaladir.  Insonlarning farovon yashashlari uchun  turli xil mahsulotlarga ehtiyojlari ortayotgan bir paytda ularni ishlab chiqarishga ketayotgan suvning ham miqdori ortishi, ko‘plab ishlab chiqarishdan so‘ng chiqadigan, kimyoviy moddalar bilan zaharlangan kanalizatsiya suvlarining  bir necha tozalash bosqichlarini talab etadi. Zero, ularning tozalanmasdan tabiatga chiqarib tashlanishi ekologik inqirozni kuchaytirishi, insonlar hayoti, sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Bundan 15-20  yil avval Toshkent shahri hududidan oqib o‘tuvchi kanallarda cho‘milish, ulardan tutilgan baliqlarni iste’mol qilish inson sog‘ligiga zararsiz deb qaralar edi. Bugun esa vaziyat keskin o‘zgardi. Poytaxtimiz bioxilma-xilligining asosiy negizi bo‘lgan,  kanallar bo‘ylab o‘sgan butalar, o‘tlar qurib ketmoqda, suvning tarkibi o‘zgarib, uning havzalaridan oziqlangan uy hayvonlari, parranda va darrandalarning kasallanishi, ifloslangan ariq kanallar inson hayotiga jiddiy xavf solish holatlari ko‘plab qayd qilinayotir.  Xo‘sh, bu kabi achinarli vaziyatlarining sababi nimada? Avvalo, O‘zbekistonda barcha aholi punktlarida suvni qayta tozalash inshootlari yo‘qligi,  korxonalar aksariyat holatda suvni yetarlicha tozalamay, ochiq suv havzalariga chiqarib tashlashi, korxonalar rahbarlari tomonidan “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni 26, 35-moddasi, Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xo‘jaligi tizimida tabiatni muhofaza qilish faoliyatini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2010-yil  3-fevraldagi 11-son qaror talablarini buzayotganligini bildiradi.

730 ming kub suvni qayta ishlashga mo‘ljallangan Bo‘zsuv suvni tozalash inshootimiz hozirgi kunda kuniga 650 ming kub suvni qabul qiladi. Tozalash jarayoni klassik biologik – mikroorganizmlar usulga asoslangan bo‘lib, faqatgina aholi uylaridan chiqayotgan oqova suvlarini tozalashga mo‘ljallangan, deydi Bo‘zsuv suv tozalash inshooti (BSTI) boshlig‘i Jamshid Zufarov.

 

Kazibekov Do‘nonboy, «Toshkent shahar suv ta’minoti» Bosh texnologi, olingan suv tahlil natijalariga izoh berar ekan, uning aholi sog‘ligiga naqadar yomon ta’sir qilishini ham ta’kidlab o‘tdi: “Toshkent shahridagi 8 ta tekstil kombinatlarining oqova suvlari Bo‘zsuv suv tozalash inshootiga oqiziladi. Zilol tekstil, Ko‘kcha tekstil kabi yirik ishlab chiqaruvchilar matoni bo‘yash uchun katta hajmdagi suvdan foydalanadi. Afsuski, ishlab chiqarish protsessidan chiqqan to‘q rangdagi suv lokal tarzda kimyoviy tozalashdan o‘tkazilmay, tarkibida o‘ta zararli-zaharli bo‘lgan 6 valentli Xrom, xlorid kabi moddalar umumiy shahar kanalizatsiya tizimiga tashlanadi. Bizning tizim esa biologik tozalashga mo‘ljallangan bo‘lib, bu inson hayotiga xavfli bo‘lgan kimyoviy moddalarni zararlantirishga ojizlik qiladi. Natijada, iste’molga yaroqsiz obi-hayot ochiq suv havzalaridagi jonivorlar, mol-qo‘ylar va inson salomatliga salbiy ta’sir qiladi, gepatit kasalligi, dizenteriya kabi og‘ir kasalliklarni qo‘zg‘ashga sabab bo‘ladi.

Umid qilamizki, bunday inshootlar har bir aholi punktlarda quriladi. Zero, suvga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgarmas ekan,  “o‘zimiz o‘tirgan shoxga” bolta uraveramiz.

Virtual suv yoki O‘zbekistonning suv izi

Virtual suvni biz ko‘rmaymiz, uni ichmaymiz, balki yeyishimiz, kiyishimiz yoxud  undan foydalanishimiz mumkin? Nega deysizmi? Chunki virtual suv  — bu inson mehnat faoliyati va dam olishi hamda mahsulotlarni ishlab chiqarish, turli xizmat turlarini amalga oshirish jarayonida ishlatiladigan suv demakdir. Masalan, 1 kg. mol go‘shtini yetishtirish uchun uchun 15 400 litr, 1 kg. Sholini yetishtirishga 1200 litr, ertalabki 1 finjon qahvaga (230 ml) – 140 litr,  1 juft jinsi shim ishlab chiqarishga  8 mingdan 10 ming litrgacha, smartfonga – 900 litrdan ortiq; 1 dona paxta matosidan tikiladigan ko‘ylakka – 2,5 ming litr; 1 qadoqdagi kartoshka chipsi uchun (180 gramm) – 160 litr, avtomobilning rezina shinalari uchun taxminan – 8 ming litr suv sarflanadi.

Tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish va iste’mol qilishda ishlatiladigan toza suv miqdorini aniqlash uchun 2002-yilda Niderlandiyaning Tvente universiteti mutaxassislari Eriyen Xoyekstroy va Mesfin Mekonnen «suv izi» tushunchasini ishlab chiqdilar. Ularning qayd etishicha, suv izi – bu mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan suv miqdoridir. Suv izi jismoniy shaxs, mahsulot yoki xizmat uchun, shuningdek, korxona, mintaqa va butun mamlakat uchun hisoblanishi mumkin. Suv izi ishlab chiqarish va iste’molga bo‘linadi. Ishlab chiqarish – bu mahsulot va xizmatlar ishlab chiqarishda ishlatilgan suv hajmi. Iste’molchi – iste’mol qilinadigan barcha tovarlar va xizmatlarning suv izi. O‘z navbatida, hududning suv izi ichki va tashqi bo‘lishi mumkin: ularning birinchisi o‘zining, ikkinchisi – import qilinadigan suv resurslaridan foydalanishni hisobga oladi. Xususan, mazkur ko‘rsatkich mamlakat yoki hududning tashqi suv manbalariga bog‘liqlik darajasini, mahalliy mahsulotlarni eksport qilish yo‘nalishlarini aniqlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi. Mamlakatlarning suv izi bilan Water foot print xalqaro tashkiloti veb-saytida https://tools.waterfootprint.org/ tanishish mumkin.  Unga ko‘ra O‘zbekistonning suv izi 1yilda 32 mln. m3ni, shundan ichki suv izi 79 %ni, tashqisi esa 21 % tashkil etadi. Har  bir o‘zbekistonlik bir kunda 3 500 litr hajmga ega suv izi qoldiradi.

Yechimlar va zarur choralar

O‘zbekistonda suv inqirozini oldini olish nafaqat hukumat, balki davlat va nodavlat tashkilotlarining, fuqarolik jamiyatining, xalqning  ishi bo‘lishi zarur.  Mazkur muammoni hal qilish uchun chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan kompleks strategiyani amalga oshirish lozim. Suvdan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shimcha ravishda  muqobil suv manbalarini rivojlantirish, suv qonunchiligini takomillashtirish, suv resurslari holati va ularni boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini monitoring qilish va baholashning samarali tizimini yaratish, barcha darajadagi suvdan foydalanishni nazorat qilish va hisobga olish tizimini joriy etish, suvdan tejamkor foydalanishni rag‘batlantiruvchi suv tariflarini joriy etish va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun subsidiyalar berish, shu jumladan suv hisoblagichlarini o‘rnatish va boshqaruv jarayonlarini avtomatlashtirish,  sug‘orish va sanoat ehtiyojlari uchun tozalangan oqava suvlarni qayta ishlatish texnologiyalarini joriy etish zarur. Shuningdek yer osti suvlari, sho‘r suvlarni chuchuklashtirish va yomg‘ir suvlarini yig‘ish kabi muqobil suv manbalarini rivojlantirish lozim. Sanoat va maishiy oqava suvlarni tozalash inshootlarini har bir aholi punktida qurish va modernizatsiya qilishga sarmoya kiritish,  ekologik me’yorlar va standartlarga rioya qilish ustidan nazoratni kuchaytirish, suv resurslarini boshqarishni rejalashtirish uchun iqlim prognozlarini ishlab chiqish va ulardan foydalanish,  suv ekotizimlarini tiklash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish Vatanimizda suv tanqisligi oqibatlarini yengillashtirish imkonini beradi.

Nargis Qosimova