Toshkentdagi mashhur Chorsu bozori atrofida joylashgan Chopon bozorida har yakshanba kuni o‘ta g‘alati va e’tiborni tortuvchi holat yuz bermoqda. Bozorda 200–300 tagacha toshbaqa ochiq havoda, quyosh ostida qoplarga solingan holda savdoga qo‘yilmoqda.
Aholining kuzatishicha, bu holat ayniqsa 09 rusumli ko‘k rangli mashina egasiga tegishli bo‘lib, uning davlat raqami 229. Bu shaxs har yakshanba kuni Chorsu Chopon bozori oldiga mashinasi bilan keladi va bir dunyo hayvonlarni – xususan, toshbaqalarni yoyib qo‘yadi.
Eng xavotirli jihati — hayvonlar mashina ichida quyoshda qolib ketayotgani. Bu esa hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat bo‘lib, ekologik va axloqiy jihatdan jiddiy muammolarni yuzaga chiqaradi.
Fuqarolarning aytishicha, bu savdo har yakshanba muntazam ravishda takrorlanadi. Hayvonlarni bunday sharoitda saqlash esa nafaqat axloqan noto‘g‘ri, balki tabiatni muhofaza qilish qonunlariga ham zid hisoblanadi.
Tegishli idoralar ushbu holatga e’tibor qaratib, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatning oldini olish choralarini ko‘rishi lozim.
O‘zbekiston 2024-yilda 354 ming dollarlik toshbaqa eksport qilgan. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil davomida dunyoning 11 mamlakatiga 50 ming dona toshbaqa, xususan, eksportning 37 foizi AQSHga, 25 foizi Italiyaga, 10 foizi Buyuk Britaniyaga, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan, Gonkong, Chexiyaga amalga oshirilgan. 2025-yilning o‘tgan 4 oyi davomida esa Italiyaga ming dona toshbaqa eksport qilindi.
☘️Atrof-muhitga oid soʻnggi yangiliklarni @ekologuz sahifasida oʻqing. Bizni kuzatib boring va taklif va tilaklaringizni @eklguz_bot orqali yuboring