Quyosh va ayoz arosatida xat tashuvchi kabutarga aylangan fasl — O‘zbekistonda qish. Ko‘chada sayr qilar ekanman, atrofimni o‘rab olgan havoni shubhasiz, uyatchang qizlarning noz-karashmasiga o‘xshataman. Na isitadi, na sovitadi.
Toshkent markazlaridan biriga yo‘lim tushganida, e’tiborimni ko‘chada savlat to‘kib turgan otlar tortdi. Ularning oldida ot egalari – yosh yigitlar va navqiron tulporlarga minishni istovchi yosh-u qari kishilar jamuljam bo‘lgan. Agarda siz shunchaki otlarni silab qoyil qoladigan inson bo‘lsangiz, bu manzara sizga yoqimli tuyuladi. Ammo men bu yaratiqlarga bevosita munosabatda bo‘ladigan inson nigohi bilan qaraganimda, yuragimda shubha uyg‘ondi.
Avvalo, otlar haqida biroz to‘xtalsak. Olimlarning fikricha, otlar ilk bor Markaziy Osiyo va Yevropada qo‘lga o‘rgatilgan bo‘lib, ming yillardan beri insoniyatga sodiq do‘stlik qilmoqda. Arab otlari – tezligi, qirg‘iz otlari – quvvati, axaltekin va friz otlari – go‘zalligi bilan mashhur. Otlar sport, transport va terapiya sohalarida ham keng qo‘llaniladi.
Islom manbalarida ham otlarga bo‘lgan e’tibor yuksak: Imom Buxoriy hadisida “Otlarning peshonasida qiyomatgacha baraka va yaxshilik bog‘langan”, deyiladi.
Ammo bugungi jamiyatimizda otlarga nisbatan e’tibor va mehr har doim ham yetarli emas. Ayniqsa, Toshkent shahridagi Magic City ko‘ngilochar hududida kuzatilgan ayrim holatlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ushbu hududda ko‘p hollarda ot minish xizmati taklif etiladi. Shunday xizmatlardan birini kuzatar ekanman, otga minib olishga urinayotgan bir qiz va bunga qarshilik ko‘rsatgan otni ko‘rdim. Ot qizni yelkasiga chiqarishni istamadi. Afsuski, bu holatda ot egasi uni urishga tushdi. Vaziyatga aralashdim, biroq yigitdan “pulini oldimmi, ot mindirishi kerak” degan javobni oldim.
Odamlar ko‘z o‘ngida sodir bo‘layotgan bu holatni videoga olib, vaziyatga guvoh bo‘lgan ba’zi kishilar bilan suhbatlashdim. Otlarning holatidan ranjiganlar bo‘lishiga qaramay, aksariyat befarq edi.
Bu otlar kimga qarashli? Ular qanday sharoitda boqiladi? Ularga tibbiy xizmat ko‘rsatiladimi? Bu savollar javobsiz qolmoqda. Huquqiy nuqtai nazardan esa, O‘zbekistonda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun jazolar belgilangan. 2019-yilda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, hayvonlarga shafqatsiz munosabat — ularni qiynoqqa solish, azob berish, o‘limiga sabab bo‘lish — eng kam ish haqining 0,5 baravaridan 2 baravarigacha jarima bilan jazolanadi. 2022-yilda esa Jinoyat kodeksining 202-1-moddasi bilan takroran sodir etilgan shafqatsizlik holatlari uchun 15 million so‘mgacha jarima, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Ammo bu qonunlar amalda ishlayaptimi? Otlarga nisbatan befarqlik, ularning tabiiy ehtiyojlariga e’tiborsizlik, noto‘g‘ri ovqatlantirish, stressga olib keluvchi holatlar – bularni kuzatar ekanman, savollarim javobsiz qolaverdi.
Men hayvonlarga nisbatan mehrsiz insonlar haqida so‘z yuritmoqchi emasman. Ammo har safar otlarga nisbatan ko‘rsatilayotgan qo‘pollikni ko‘rganimda, yuragim achchig‘ alam bilan to‘ladi. Bu yosh yigitlarning pul topish yo‘lida hech narsadan qaytmasdan otlarga nisbatan qilayotgan zo‘ravonliklari ko‘z yoshlarimga aylanib, meni tinch uxlashimga yo‘l qo‘ymaydi. Sizning oldingizda kichik muammolar ichidagi katta dard bilan bo‘g‘ilayotgan 18 yoshli qiz, shahar ko‘chalarida esa bellarini bukib, bir hovuch popkornga xizmat qilayotgan, dardini ayta olmay, ko‘z yoshida so‘zlari qurib qolgan jonivorlar sizning mehr va marhamatingizni kutmoqda. Siz esa issiq ko‘rpangizda kelajak shaharlari haqida tush ko‘rayotgan bo‘lishingiz, meni bir nuqtaga tikilib, chuqur o‘yga toldiradi.
Odilova Hilola, XJ2302