Toshkent shahrining TTZ hududida joylashgan “Lokomotiv” stadioni atrofida daraxtlar ommaviy tarzda kesilmoqda. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, bu yerda daraxtlar nafaqat kesilmoqda, balki ildizi bilan sug‘urib olinmoqda.
Fuqarolarning bu holatga nisbatan bergan savollariga javoban, ishchilarning aytishicha, ushbu hududda yangi park tashkil etilishi rejalashtirilgan. Biroq, aholini bir savol o‘ylantirmoqda: nega yashil hudud yaratish bahonasida mavjud daraxtlar yo‘q qilinmoqda?
Daraxtlar — shahar muhitini sog‘lomlashtiruvchi, havo sifatini yaxshilovchi, issiqlikni kamaytiruvchi eng muhim omillardandir. Shuningdek, ular qushlar, hasharotlar va boshqa tirik mavjudotlar uchun tabiiy yashash joyidir. Yashil maydonlar sonini ko‘paytirish bahonasida ularni yo‘qotish — ekologik jihatdan xavfli yondashuv sanaladi.
Aholi ushbu holatga befarq emas va mutasaddi tashkilotlardan vaziyatni o‘rganib chiqishni, daraxtlarni asrash va muqobil yechim topishni so‘ramoqda.