Ijtimoiy tarmoqlarda bir yigitning dam olish maskanidagi dekorativ hovuzdan qo’li bilan baliq tutib, bunga e’tiroz bildirgan ayolni qo’pol so’zlar bilan haqorat qilgani aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo’ldi. Toshkent shahar IIBB ma’lumotiga ko’ra, hodisa 23 iyun kuni soat 22:00 atrofida poytaxtning Mirzo Ulug’bek tumanidagi dam olish bog’ida sodir bo’lgan.
M.Sh. (2003 yilda tug’ilgan) hovuzdan baliqni ushlab olgan.
D.A. (2000 yilda tug’ilgan) unga bu harakat noto’g’ri ekanini aytib, baliqni suvga qaytarishni so’ragan.
Biroq M.Sh. bunga javoban ayolga nisbatan qo’pol so’zlar ishlatib, uni omma oldida haqorat qilgan va jamoat tartibini buzgan. Ushbu holat yuzasidan M.Sh.ga nisbatan O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bo’yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ish materiallari Mirzo Ulug’bek tumani jinoyat ishlari bo’yicha sudga yuborildi. IIBB eslatadi: jamoat joylarida odob-axloq qoidalariga rioya qilish va boshqalarga hurmat bilan munosabatda bo’lish har bir fuqaroning burchidir. Tartibni buzgan har qanday shaxs qonun oldida javob beradi.