Jizzax viloyati, Yangiobod tumanida joylashgan “Xo‘ja Mushket” ziyoratgohi atrofida ekologik holat yomonlashmoqda. Aholi va ziyoratchilarning murojaatlariga ko‘ra, hududda ichimlik suvi kranlari nosoz holga kelgan, shuningdek, atrof-muhit chiqindilarga to‘lib bormoqda.
Kuzatuvlarga ko‘ra, ko‘plab ziyoratchilar ushbu maskanga tashrif buyurib, dam olishmoqda, biroq ular tabiatga do‘stona munosabatda bo‘lishmayapti. O‘zlaridan keyin chiqindilarni yig‘ishtirish, toza havo va muqaddas joyga hurmat bilan qarash o‘rniga, ko‘pincha beparvo muomala qilishayotgani kuzatilmoqda.
Mutasaddi tashkilotlardan ushbu holatga e’tibor qaratish, chiqindilarni tozalash, suv tizimini ta’mirlash hamda ziyoratchilar orasida ekologik madaniyatni oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib borish talab etiladi.