“O‘zbekistonda biologik xilma-xillikni saqlash muammolari: sudralib yuruvchilarning  yashashga huquqi bormi?

“O‘zbekistonda biologik xilma-xillikni saqlash muammolari: sudralib yuruvchilarning  yashashga huquqi bormi?

   Echkiemar sudralib yuruvchilar ichida eng aqlli hayvonmi? Nega hovlingizga doimo ilon kiradi? Bitta kaltakesak bir tunda 500 tagacha chivinni yeydimi? Echkiemar go‘shti saratonni davolaydimi? Kaltakesakni ushlagan inson pes kasalligiga chalinadimi?

Afsuski, sudralib yuruvchilardan aksariyat aholi qo‘rqadi. Mazkur qo‘rquv  ularni asossiz o‘ldirilishiga olib kelmoqda. Bugungi kunda  O‘zbekistonda sudralib yuruvchilarning 64 turi yashaydi. Ularning 21 (33,9%) tasi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. Sudralib yuruvchilarni o‘rganuvchi fan gerpetologiya deb ataladi. Gerpetologiya qadimgi yunon tilidan olingan bo‘lib, ἑrétōn – «sudraluvchi, ilon, hayvon», lotin tilida esa «so‘z, nutq» ma’nosini anglatadi va amfibiyalar hamda sudralib yuruvchilarni o‘rganadigan zoologiya bo‘limi hisoblanadi.

O‘zbekistonda nega sudralib yuruvchilar yo‘q bo‘lib ketmoqda?

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining kichik ilmiy xodimi, gerpetolog Temur Abduraupovning fikricha, so‘nggi yillarda  sudralib yuruvchilarning yashash hududlariga insonning kirib borishi, qurilishlarning avj olishi, yerlarning o‘zlashtirilishi, echkiemar, ilon, kaltakesak oldidagi asossiz qo‘rquv, turli kasalliklarga da’vo sifatida tutish va yeyish  ko‘pgina turlarning O‘zbekiston va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan, echkemarlar o‘tgan asrning 1940-80-yillarida ko‘plab ovlanib, terisidan turli poyafzal, kamar, ayol va erkaklar sumkalarini ishlab chiqarilgan. Yoki hozirda Ko‘lvor, O‘rta Osiyo kobrasi yo‘q bo‘lib ketish arafasida. “Kaltakesaklar teriga tegsa, teri oqarishi kasalligi paydo bo‘ladi, Islom dinida ularni o‘ldirish lozim” degan xurofiy qarashlar ham bu jonivorlarning yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Aslida  uyimiz devorlarida yashaydigan kichik kaltakesak bir kechada mingga yaqin turli xil yuqumli kasalliklar tarqatuvchi chivinni yeb bitiradi.

Foto:Temur Abduraupov

Bugungi kunda O‘zbekistonda 21 ta ilon turi yashab, ularning 6 tasi zaharlidir. Ular kemiruvchilarni yeb, qishloq xo‘jaligiga foyda keltirishdan tashqari, zahridan qon to‘xtatuvchi, og‘riqni qoldiruvchi dori vositalari tayyorlanadi.    Ayni vaqtda O‘zbekistonda Sudralib yuruvchilar cho‘l-dasht mintaqasida umumiy ozuqa zanjirida muhim o‘rin tutadi, kemiruvchilarning biologik dushmani echkemar va ilonlar  tabiiy vabo o‘choqlarining  ko‘paymasligini oldini oladi. Chunki aynan Markaziy Osiyoda yashaydigan kemiruvchilar vabo tashuvchilari hisoblanadi.  Bundan tashqari echkiemar, qora bozorda “kulvor” ilon deb aldab sotiladigan oddiy dasht bo‘g‘ma ilonining go‘shti saratonga da’vo bo‘la olmaydi.

Foto:Temur Abduraupov

Zoologiya instituti tomonidan ularning go‘shti tekshirib ko‘rilganda, tarkibi oddiy tovuq go‘shtidan deyarli farq qilmaydi. Ammo sudralib yuruvchilarning asosiy ozuqasi kemiruvchilar bo‘lganligi sababli ularning go‘shtidagi aminokislotalar o‘zgachadir. Parranda, mol, qo‘y va echki go‘shtini yeb yurgan inson birdaniga tabiblar tavsiyasi bilan echkiemar yoki ilon go‘shtini yesa organizm tanaga kirgan o‘zga go‘sht to‘qimalari va hujayralariga qarshi kurasha boshlaydi. Odamning isitmasi chiqadi. Tabiblar “echkiemar yoki ilon go‘shtini yesangiz qiziysiz” degani uchun bemor yegan go‘shti unga ijobiy ta’sir qilayotganiga ishonadi. Ammo yengillik  bir necha soatgina davom etadi, keyin bemorning ahvoli yomonlashadi. Chunki saraton kasalligidagi metastaza jarayoni kuchayadi. Amaliyotda biror insonning echkiemar yoki ilon go‘shti bilan davolanib, sog‘ayib ketgani bo‘yicha aniq fakt yo‘q.

Foto:Temur Abduraupov

Echkiemarlar sudralib yuruvchilar orasida eng aqllisi – bir marta ko‘rgan odamini keyingi safar yuzidan tanib oladi, deydi Timur Abduraupov.- Ularning ham o‘z yashash hududi bo‘lib, bu 1500 gektargacha bo‘lishi mumkin. Nar echkemar urg‘ochi echkemar hududida yashay oladi, ammo nar echkemar uni sig‘dirmaydi. Agar hudud uchun olishuv bo‘ladigan bo‘lsa, ikki nar bir-biri bilan kurash tushadi. Ha bu xuddi kurashning o‘zi – raqiblar bir-birini tishlamaydi, chang solmaydi, faqatgina yerga yiqitishi kerak bo‘ladi. Shu bilan birga hech qachon yuqumli kasalliklar bilan kasallanmaydi. Shu sabab vabo tashuvchi bo‘lgan kemiruvchilarni yo‘qotishda mushuklardan ham foydalidir.

Aholi  orasida echkiemarlar echkilarni tishlab emishi natijasida jonivorlar nobud bo‘ladi, degan fikr mavjud. Albatta bu noto‘g‘ri qarash. Echkiemarlar yashaydigan hududda boqiladigan qo‘y va echkilarni ko‘rgan jonivor yerga yopishib oladi. Ammo suruv uning ustidan o‘ta boshlagach, joni og‘rigan echkiemar o‘zini himoya qilish maqsadida yoki qo‘yning oyog‘iga yoki echkilarning osilib turgan yeliniga yopishadi. Buni ko‘rgan cho‘ponlar echkiemar echkini emayapti, degan fikrga borishadi. Shu sababli ham uning nomi echkiemar, bo‘lib ketgan. Aslida esa echkiemar umuman sut bilan oziqlanmaydi, balki kemiruvchilar, zaharli ilonlar va mayda qushlarni yeydi.

Foto:Temur Abduraupov

Afsuski, echkemar 6 tadan 38  tagacha tuxum qo‘ygani bilan ularning 30 foizi ochib chiqmaydi. Kichik echkemarchalar asosan chigirtka, chayon bilan oziqlanadi, ammo ularning g‘animlari ko‘p. Yovvoyi hayvon va qushlarga katta qismi yem bo‘ladi. 3-yilda jinsiy voyaga atigi 5-10%gina yetadi. Shu sabab “Qizil kitob”ga kiritilganiga 30-yildan oshganiga qaramay ularning soni teng yarmiga kamaydi. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida Ustyurt pasttekisligida ular butunlay qirilib ketdi, bunga iqlim o‘zgarishi va odamlar ta’qibi sabab bo‘lgan. Farg‘ona vodiysida yo‘qolib ketganligi taxmin qilinayotgan bir vaqtda ular yana paydo bo‘ldi. Hozirgi vaqtda Jizzax, Farg‘ona, Namangan, Navoiy, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida uchraydi. Soni juda tezlik bilan kamaymoqda. Echkiemarni hayvonot bog‘larida ko‘paytirib bo‘lmaydi. Chunki ular tutqunlikda stressga tushishadi. Hali dunyoning biror bir hayvonot bog‘ida bo‘z echkiemarni ko‘paytira olishmadi. Agarda qat’iy muhofaza choralari ko‘rilmasa, yaqin o‘n yillarda  o‘sib kelayotgan avlod echkiemar va aksariyat ilon turlarini faqat kitoblardagina ko‘rishi mumkin.

Foto:Temur Abduraupov

Shu o‘rinda gerpetolog olim sifatida aytamanki, hech qaysi sudralib yuruvchi jonivor birinchi bo‘lib odamga hujum qilmaydi. Ular faqatgina xavf juda yaqin bo‘lsagina bunga qaror qiladi. Hattoki kobra ham darhol chaqmaydi. Balki insonni avvalo shishib, boshini ko‘targan holda vishillab ogohlantiradi. Yaqin kelsa bir necha marotaba og‘zini ochmay unga tumshug‘ini uradi.  Faqat inson uning hayotiga xavf solsagina chaqishi mumkin. Xuddi asalari nishi misol ularning tishi o‘ta  nozik bo‘lib, tishlashdan so‘ng tushib ketadi va ovqat hazm qilishda muammo paydo bo‘lib, ilon o‘ladi. Ilon yoki echkemar tilidagi molekulalar havodagi mayda zarralarga ta’sirchan, ular qayerda kemiruvchilar ko‘pligini shunday aniqlashadi. Agar yashash joyingizga bunday jonivorlar kirib kelgan bo‘lsa, bilingki, uyda sichqon, kalamush bolalagan. Shu sabab ularni ko‘rganda o‘ldirishga emas, chiqib ketishiga sharoit yaratib bering. Barcha jonzotlar qatori ularning ham yashashga haqqi bor.

    Islomda sudralib yuruvchilarning go‘shti harom hisoblanadi

O‘zbekiston aholisining 90% Islom diniga e’tiqod qiladi. Mamlakatimiz bioxilma-xilligining ajralmas qismi bo‘lgan sudralib yuruvchilarning go‘shti Islomda harom, yeyishga yaroqsiz deyilganiga qaramay ularni iste’mol qilish davom etmoqda.

Xusniddin Tursunzoda, Farg‘ona viloyati Farg‘ona shahar «Xo‘jamberdiboy»  masjidi imom-xatibi:

-Aksariyat fiqhiy manbalarimizda turli xil yer usti va ostida yashaydigan hasharotlar, sudralib yuruvchilar qatori echkiemar,  ilon, tipratikanni ham yeyish harom ekanligi aytilgan. Sababi Alloh taolo pok narsalarni halol qilgan va inson tabiati jirkanadigan narsalarni harom qilgan.

Bu mavzuda Imom Alouddin Abu Bakr ibn Mas’ud Kosoniy Hanafiy Rahmatullohi alayh shunday deydilar: “Alloh taolo: “Ularga jirkanch narsalarni harom qiladi”, – deydi. Qurbaqa, qisqichbaqa, ilon va shunga o‘xshaganlar jirkanch hayvonlardan hisoblanadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan qurbaqaning yog‘ini doriga qo‘shish haqida so‘ralganda, uni o‘ldirishdan qaytardilar. Bu uni yeyishdan qaytarishdir. Rivoyat qilinishicha, u zot alayhissolatu vassalamdan qurbaqa haqida so‘ralganda: “Jirkanch hayvonlardan biri” – deganlar”.(“Badoi’us sanoye’” kitobi).

“Bahrur royiq” nomli kitobda shunday deyiladi:

“Hasan ibn Ali Rahmatullohdan: “Mohir tabib, kasallikni daf qiladi desa, ilon va tipratikan yeyish yoki tarkibida ilon bo‘lgan dori iste’mol qilish halol bo‘ladimi?” deb so‘raldi. U kishi: “Yo‘q, halol bo‘lmaydi”, – deb javob berdilar”. Demak, echkiemar, ilon, tipratikan, qurbaqa sho‘rvalarini ichish halol emas. Kishiga quvvat beradigan, davolaydigan dori-darmonlarni halol narsalar ichidan izlashimiz kerak.

Aholi tomonidan sudralib yuruvchilarning o‘ldirilishi ularga daromad olib kelmaydi. Aksincha ilon, echkiemar yashayotgan hududlarni qo‘riqlash, ularni ko‘paytirish orqali ekoturizmni rivojlantirish mumkin. Tojikistonda amalga oshirilayotgan bunday loyiha ko‘plab sayyohlarni hududga jalb qilib, aholining daromadini o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki qishloqqa olim keladigan bo‘lsa, bir kun turmaydi, balki sudralib yuruvchining hayotini o‘rganish uchun bir nechta hafta hududda qoladi.

Gulnoza Tuxtasinova, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi axborot xizmatining rahbari:

-Aholi tomonidan echkiemarlarni tijoriy maqsadlarda ovlash holatlari juda ham ko‘p. Aksariyat holatda ularning go‘shtini turli kasalliklarga da’vo sifatida iste’mol qilish uchun  yoki tijoriy maqsadlarda tutishadi. Masalan, joriy yilning 19-iyun kuni Farg‘ona viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasiga jamoatchi fuqarolar tomonidan  Quva tumanida bo‘z echkemarni sotmoqchi bo‘lgan fuqaro bilan davlat inspektorlari o‘zlarini xaridor sifatida tanishtirishlari orqali aloqaga chiqib, huquqbuzarni shu kunning o‘zida shaxsi aniqlandi va undan holatga ko‘ra tushuntirish xati olindi. Echkemarni tegishli dalolatnomaga asosan Bioxilma-xillikni asrash va kadastrini yuritish sho‘basi va Yozyovon tuman bo‘limi davlat inspektorlari bilan birgalikda Qo‘shtepa tumanida joylashgan o‘rmon xo‘jaligiga qarashli tabiat yodgorligi cho‘l hududiga olib kelinib, ochiq tabiatga qo‘yib yuborildi.

Holatga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 92-moddasi 1-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, hozirda huquqbuzarga nisbatan tegishli tartibda  jarima qo‘llash choralari ko‘rilmoqda. Eslatib o‘taman, O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan noyob turni tutish yoki o‘ldirish  Vazirlar Mahkamasining  07.12.2023  yildagi 649 – sonli qaroriga  asosan yo‘qolib borayotgan turlar uchun jarima  10 barobarga oshirildi. Masalan, bitta echkiemarning o‘ldirilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari 34 mln.so‘m, chet el fuqarolari esa 20 ming AQSH dollari to‘lashi kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda endemik turlarning  kushandasi kim?

Timur Abduraupov bilan suhbat chog‘ida yurtimizda noyob, faqat shu hududda yashaydigan endemik turlar mavjudligini qayd etdi. Shulardan 5 tasi faqat Farg‘ona vodiysida yashaydi. Ammo u yerda ham ahvol yaxshi emas. 2022-yili o‘zbekistonlik zoologlar Rossiyalik hamkasblari bilan Yozyovon tabiat milliy bog‘i hududida istiqomat qilayotgan sudralib yuruvchilarni o‘rganishgan edi.  O‘rganishlar natijasida  tadbirkor va fermerlarning qum barxanlari mavjud hududlarni sholizor va baliqchilik xo‘jaligiga aylantirishi oqibatida Yozyovon qum barxanlarida yashayotgan 5 ta endemik sudralib yuruvchilar, ya’ni Shtraux yumoloqboshi (Phrynocephalus strauchi Nikolsky, 1899), Saidaliyev taqir yumaloqboshi (Phrynocephalus helioscopus saidalievi Sattorov, 1981) Farg‘ona qum kaltakesagi (Eremias scripta pherganensis Szczerbak et Washetko, 1973), zirhli gekkon (Alsophylax loricatus Strauch, 1887) va Rustamovning ssinksimon gekkoni (Teratoscincus rustamowii Szczerbak, 1979)  yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgani haqida dalil va hujjatlar to‘plandi.  .

Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov

– Ushbu kaltakesak turlari dunyoning boshqa biror joyida uchramaydi. Bundan tashqari bu yerda 50 turdan ko‘proq noyob hasharotlar, kulrang echkiemar, ilonlarning bir nechta turlari mavjud. Ularning deyarli barchasi O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan. Mazkur turlar faqatgina o‘zlarining belgilangan hududlardagina yashashishi va bir-biri bilan aralashib ketmaydi. Bu jihatni ham o‘rganish kerak, deydi Roman Nazarov, Rossiya Fanlar Akademiyasi, Moskva davlat universiteti Zoologiya muzeyi ilmiy xodimi. -Shunga qaramay Farg‘ona vodiysida Yozyovon tabiiy yodgorligidan tashqari birorta o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza etadigan qo‘riqxona yoki uning muqobili yo‘q. Afsuski, bu yerda baliqchilikni rivojlantirish aynan ana shu turlarning yaqin 5-yil ichida yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi. Chunki birgina kulrang echkiemarni olsak, Yozyovon cho‘llarida bu sudralib yuruvchi deyarli qolmadi. O‘ylaymanki, hukumat aholining ijtimoiy holatini yaxshilash borasidagi qaror qabul qilishdan oldin, albatta joyning flora va faunasini o‘rganish, ularni yo‘q qilmasdan, tabiatni asrab qolish borasidagi maqbul qaror qabul qilishi lozim.

Fazodan qaraganda oxirgi 38-yil, ya’ni 1984-yildan boshlab bugungi kunga qadar Yozyovon cho‘llarining inson tomonidan tegilmagan 10/1 qismi  qolganligini ko‘rish mumkin. Hudud 235 kv.km.dan 23,2 kv.kmgacha qisqargan. 1995-yili Farg‘ona viloyati hokimligi tomonidan Yozyovon tabiat  yodgorligini Farg‘ona o‘rmon xo‘jaligiga o‘tkazgan edi. Unga kiraverishda ma’lumotlar qayd etilgan tosh o‘rnatilgan. Pastida «Kirish taqiqlanadi» degan yozuv esa fikrimizcha bemalol qo‘riqlanadigan hududga kirib-chiqib, uning tabiat ne’matlaridan bemalol foydalanib yuruvchi shaxslar tomonidan o‘chirilgan, shekilli.

Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov

Farg‘ona viloyati Yozyovon tumani, Namangan viloyati Pop tumanlari hokimligi tomonidan bu yerlar fermerlarga sholi ekish va baliqchilikni rivojlantirish uchun bo‘lib berilmoqda. Ular esa o‘z faoliyati bilan balki noyob oxirgi kaltakesak, yoki hasharotni yo‘q qilayotganini o‘ylab ham ko‘rishmaydi. Bu yerdagi jonivorlar Qizil Kitobga kiritilganmi yoki yo‘qmi, aftidan ular uchun baribir yoki ayni muhim masaladan fermerlarning xabari, ma’lumoti yo‘q. Tabiiy, fermer uchun asosiy maqsad daromad olish. Fermerlarga yerlarni bo‘lib berish chog‘ida hokimiyat vakillari ham ayni masalaga alohida e’tibor berishmagan ko‘rinadi. Mavjud tabiat yodgorliklarining muhofaza etish maqomi juda ham zaif. Iloji boricha bu yerda landshaft buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etilishi zarur.  Bu borada hujjatlar yig‘ilib, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga taqdim etilgan. Odamlar og‘irligi atigi 2 gramm keladigan kichkina kaltakesakni muhofaza qilish nima keragi bor, deyishlari mumkin. Ammo tabiatdagi biologik zanjir mavjud. U shunday tuzilganki, biror bir olim qolgan turlar qanday rivojlanishini bashorat qila olmaydilar. Bu «Kapalak effekti»ga o‘xshaydi va aql bovar qilmas o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, odamlarga shu kichkina kaltakesaklarni saqlab qolish uchun u ular yashaydigan hududda oilasini boqish uchun tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi kerak emasligini tushuntirish qiyin.

Mariya Gritsina , O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Zoologiya institutining teriologi:

-Tadqiqot natijalari Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga  Yozyovon cho‘llarining qolgan va bir biridan ajralgan 13 ta qismini davlat muhofazasi ostiga olish uchun taqdim etdik. Agarda Yozyovon cho‘llari muhofaza ostiga olinsa bu yerlar sholi ekish va baliqchilik uchun ajratilmaydi, dunyoning birorta burchagida uchramaydigan kamyob o‘simlik va hayvonot dunyosini asrashi borasidagi aholining xabardorligini oshirish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Bu murakkab jarayon. Qum barxanlari oddiy chetan bilan o‘rash mumkin emas. Shuningdek, inson tomonidan o‘zlashtirilgan hududlarni muhofaza ostiga olishdan esa foyda yo‘q, chunki u yerlar endemik o‘simlik va hayvonlarning yashashi uchun yaroqsiz holga kelgan. Aslida bu qumlar, uning o‘simlik va hayvonot dunyosi O‘zbekiston, Farg‘ona dunyosining boyligidir. Bu yerlarni o‘zlashtirish orqali yo‘q qilish, ana shu boylikni yo‘qotish demakdir.

O‘zR Ekologiya, atrof – muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi  bosh mutaxassisi To‘ra Xoliqov:

-Muhofazaga olinadigan hudud maqomini berish uchun o‘sha hudud bir nechta mezonlarga javob berishi kerak. Bular:  u yer  inson faoliyati aralashmagan yoki kam aralashgan nisbatan katta hudud bo‘lishi, mazkur hududda O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonot va o‘simlik turlarining mavjudligi, inson faoliyati bilan o‘zgartirilmagan tabiiy landshaftning mavjudligi,  hududning mumkin qadar  aholi punktlaridan uzoqda joylashganligi va boshqalar.  Qo‘riqlanishi taklif etilayotgan hududlar alohida uchastkalardan iborat bo‘lib  Farg‘ona va Namangan viloyatlarida joylashgan. Mazkur hududlarni qamrab olgan yagona Milliy tabiat bog‘i tashkil etish mumkin. Ayni paytda Vazirlar Mahkamasining   qaror loyihasi vazirliklar bilan kelishilyapti.

O‘zbekistonda ulkan ilonlar yashaydimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez O‘zbekistonda ulkan ilonlar topilgani haqida videolar tarqaladi. 2024-yil 15-iyul kuni “Sardor Rahimxon- SARDORGA BO‘GMA ILON TASHLANDI. YETIMLAR HAVF OSTIDA QOLDI. Astag‘firulloh.”, “Jizzax tog‘larida uch metrlik ilon”  kabi xabarlar ko‘plab tarqaladi.  Gerpetolog  Timur Abduraupovning aytishicha, Jizzaxda topilgan ilon tasvirlangan videoda oddiy gyurza oftobda toblanib yotibdi. Hajmi ham uncha katta emas. Videoda ilon kattalashtirgan holda olingan. Uning katta emasligini, ilon atrofida  o‘sayotgan o‘tlardan ham bilsa bo‘ladi.   O‘zbekistonning tog‘, qir va yaylovlarida ilonlar ko‘p uchraydi.   Agar biror kishi tasodifan ularni bosib olsagina u chaqishi mumkin. Aks holda hech qachon ilon birinchi bo‘lib odamga tashlanmaydi!  Shu sababli ilonlarni o‘ldirmaslik kerak. Ular juda ham foydali jonivorlardir. Boshqa videoda esa faqat tropik hududlarda uchraydigan piton aks etgan.  Videoda muhtoj oilaga yordam berish maqsadida aholining e’tiborini tortish uchun, bo‘g‘ma piton ilonidan foydalanilgan. Muhtoj oilaning uyidan chiqqan ilon Sardorga tashlandi, deb sarlavha qo‘yilgan. Ammo videoda ilon hech kimga tashlanmagan va zarar yetkazmagan.  O‘zbekistonda piton ilonlari tabiiy holda uchramaydi. Pitonlar odatda tropik va subtropik iqlim hududlarida, xususan  Janubiy Osiyo mamlakatlarida yashaydi. O‘zbekistonda ular odatda faqat hayvonot bog‘lari, ekzotik hayvonlarni parvarishlash markazlari yoki uy hayvonlari sifatida ularni boqadigan shaxslarning xonadonlarida uchrashi mumkin. Bunday ilonlar qochib ketsa,  O‘zbekiston keskin kontinental iqlimga ega bo‘lganligi  sababli faqatgina qishgacha yashashi mumkin. Sovuq tushishi bilan ular o‘ladi, chunki qishda ilonlar yer tagiga kirib qishlashadi. Katta hajmdagi ilonlar esa  oddiy kislorod yetishmovchiligidan nobud bo‘lishlari mumkin. O‘zbekistonda bunday turdagi ilonlarni aholi xonadonlarida uy hayvoni sifatida boqishni va O‘zbekiston hududida oldi-sotdi qilishni taqiqlash kerak. Ilonlar ekotizimning ajralmas qismi bo‘lib, ularni himoya qilish va asrash orqali tabiiy muvozanatni saqlashga yordam beradi.

Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov
Foto:Temur Abduraupov

O‘zbekistonda sudralib yuruvchilarni saqlab qolish mumkinmi?

O‘zbekistonda sudralib yuruvchilarga nisbatan salbiy munosabat juda kuchli. Yuqorida olimlarning xavotirlari esa asosli. Avvalo ilon, echkiemar, kaltakesak, qurbaqalarga nisbatan salbiy qarash va stereotiplarni o‘zgartirish uchun bog‘chadanoq ularning foydasi haqidagi mashg‘ulotlarni o‘tish, xalq ta’limi, oliy ta’lim bosqichlarining o‘quv dasturiga aynan “Ekologiya” fanini kiritish zarur. Shuningdek, joylarda mahalliy aholining bu boradagi ongini shakllantirish maqsadida echkiemar va ilonlar yashaydigan hudud mahalla raislari va faollariga seminar –treninglar o‘tish ham foyda beradi. Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sudralib yuruvchilarning foydasi, soxta tabiblarning o‘gitlari yolg‘on ekanligini isbotlovchi jurnalistik materiallar berish, ijtimoiy roliklarni keng omma e’tiboriga havola qilish ularga nisbatan salbiy qarashlarni  kamaytirishga yordam beradi. Shuningdek, mazkur yo‘qolib ketayotgan turlar yashaydigan tabiiy hududlarni muhofazaga olish va tutish, o‘ldirish, sotish uchun jarima miqdorini ko‘paytirish, kerak bo‘lsa  og‘ir jinoyat sirasiga kiritib, ozodlikdan mahrum qilish choralarini qo‘llash zarur.

 

Faqat shundagina O‘zbekistondagi yo‘qolib borayotgan noyob turlarni asrab qolamiz.

 

Nargis Qosimova, ekojurnalist