Avtomobil yuvish shahobchalarida chiqindi suvlarni qayta ishlash uskunalarini o‘rnatish atrof-muhitni himoya qilish, suv resurslarini tejash, qonunchilik talablariga javob berish va sog‘liqni saqlash xavflarini kamaytirish uchun muhim ahamiyatga ega. Yuqoridagi xavflarni kamaytirish uchun Toshkent shahridagi «Avto Ritet» avtomobil yuvish shahobchasi chiqindi suvlarini qayta ishlovchi uskuna o‘rnatdi.
«Mavjud avtomobil yuvish shoxobchalarida bosqichma-bosqich suv aylanma tizimini joriy etish hamda ularni zamonaviy suv tindirgichlar va suv tejovchi uskunalar bilan jihozlash, shuningdek, avtomobil yuvish shoxobchalarining o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatadigan turlarini kengaytirish suv resurslarining tejalishiga va iqtisod qilinishiga olib keladi»,-deydi Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi suv, yer resurslari va yerosti boyliklarini muhofaza qilish sho‘basi mudiri Orziqul Turobov.
Avtomobil yuvish shahobchalarida chiqindi suvlarini qayta ishlash uskunalarini o‘rnatish talabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenting 2023-yil 31-maydagi PQ-171-son qarorida keltirib o‘tilgan, hamda 2024-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich ushbu tizimga o‘tish qayd etilgan.
«Ispaniya davlatidan olib kelingan suvni qayta ishlovchi uskuna yordamida 3 tonnagacha suvni qayta ishlab, shuncha suvni tejaymiz», -deydi Avto Ritet avtomobil yuvish shahobchasi menejeri Ibragimov Iskandar.
Avtomobil yuvishda suvni tejash nihoyatda muhimdir, chunki bu nafaqat ekologik masalalar, balki iqtisodiy va ijtimoiy jihatlarni ham o‘z ichiga oladi. Suv resurslari cheklangan bo‘lib, ularni oqilona ishlatish har bir insonning mas’uliyati hisoblanadi. Ayniqsa, O‘zbekiston kabi qurg‘oqchil iqlimga ega mamlakatlarda suvni tejash dolzarb ahamiyat kasb etadi.