Toshkentda “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik yordam” loyihasi doirasida pestitsidlarning yashash siklini boshqarishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari, xususiy sektor, ilmiy muassasalar vakillari, pestitsidlar va xavfli chiqindilar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
“Ushbu seminarning asosiy maqsadi pestitsidlarning yashash siklini boshqarish konsepsiyasini joriy etish, O‘zbekistonda mavjud pestitsidlarni boshqarish tizimidagi mavjud kamchiliklarni muhokama qilish va bu kamchiliklarni to‘ldirish uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qisqa, o‘rta va uzoq muddatli chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror qabul qilishdan iborat. Pirovardida, bu eskirgan pestitsidlar bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga, inson salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishning ilg‘or usullarini joriy etishga yordam beradi», – dedi seminarda loyiha milliy koordinatori Elmurod Nazarov.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqi koʻmagida tashkil etilgan pestitsidlarni xavfsiz boshqarish loyihasi mamlakatni iqlim o’zgarishi ta’sirini yumshatishva atrof-muhit degradatsiyasini kamaytirishda qo’llab-quvvatlashga qaratilgan.
Seminarda loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam ekani ta’kidlandi. Pestitsidlarni ishlab chiqarish, tarqatish va ulardan foydalanish natijasida atrof-muhit va inson salomatligiga ta’sirini minimallashtirish uchun FAO va JSST pestitsidlarni boshqarishning ishlab chiqarishdan tortib to utilizatsiya qilishgacha bo’lgan har bir bosqichida ilg’or tajribalarni birlashtirgan pestitsidlarning hayot aylanishini boshqarish tizimini ishlab chiqdi.