2024-yil 13-iyul kuni tahririyatimizga Toshkent shahar Uchtepa tumani, 25-mavze aholisi tomonidan mahalladagi daraxtlarga quritish uchun kimyoviy zarar yetkazilgani haqida murojaat kelib tushdi. Murojaatga ko‘ra, Uchtepa tumani ekologiya inspektorlari ushbu holatni o‘rganib chiqishdi va noma’lum shaxslar tomonidan 10 tup daraxtga qasddan shikast yetkazilgani aniqlandi. Aholi vajillarining so‘zlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar daraxtlarni sun’iy yo‘l bilan quritmoqchi bo‘lib, ularning tagiga mashina moyi quyishgan.
Toshkent shahar ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot bergan va daraxtlarni saqlab qolish uchun Toshkent botanika bog‘i bilan hamkorlikda bir qator davolash amaliyotlarini o‘tkazilgan edi.
Kuni kecha tahririyatimizga mazkur hududdagi daraxtlarga yana bir xavf solinayotgani haqida yangi murojaat kelib, unda tadbirkor hududdagi daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirish uchun harakat qilayotganini bildirilgan. Tadbirkor 2018-yilda Uchtepa tuman hokimligidan tegishli hujjatlar asosida ushbu yer maydonini rasmiylashtirib olganini va daraxtlarni maxsus texnika yordamida ko‘chirib o‘tmoqchi ekanini ta’kidlagan. Tadbirkor qurilish qilmoqchi bo’lgan hududda shumtol hamda aylantus kabi daraxtlar mavjud. Ammo aholi bu qarorga norozilik bildirmoqda.
Mahalla fuqarosi Narbekova Nargizaning aytishicha, «Biz daraxtlarning ko‘chirib o‘tkazilishiga qarshimiz, chunki bu daraxtlar boshqa joyga ko‘chirilsa, albatta qurib qoladi. Bu daraxtlar yillar davomida chuqur ildiz otgan va ularni ko‘chirish, ular uchun halokatli bo‘ladi. Tadbirkor bu hududda 2 qavatli bino qurishni rejalashtirgan, birinchi qavatda ishlab chiqarish, ikkinchi qavatda o‘quv markazi tashkil etilishini aytmoqda. Hatto, ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun o‘quv markazida yarim narxda ta’lim berishni va’da qildi. Biroq biz bunday takliflarga oldin ham rozilik berganmiz, uch qavatli bino quramiz deyishganda rozilik bildirdik, ammo bu uch qavatli bino to‘rt, keyin esa yetti qavatli binoga aylantirildi. Hududimizda o‘quv markazlari va do‘konlar yetarli darajada bor. Shuning uchun daraxtlar yo‘q joyda qurilish qilishni maslahat berdik. Agar bino qurilsa, ko‘p qavatli uylardagi ko‘rkam manzaramiz va havoni yo‘qotamiz.»
2018- yil 26-dekabr kuni Uchtepa tuman hokimining №992-son “Obod mahalla” dasturi asosida savo do’konlari, poyabzal ta’mirlash shahobchasi, go’sht va go’sht mahsulotlarini sotish do’koni, xo’jalik mollari do’konlari hamda radio texnika mahsulotlarini sotish, tuzatish shahbochasini tashkil etish uchun “Bog’iston”, “Birlik”, “Nurobod”, “Nayman” mahallalariga yer maydoni aratish to’g’risidagi qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga asosan Nigmatilla Mirpo’latov Gayratovichga Uchtepa tumani, 25-mavze Nurobod mahallasidan yer maydoni ajratib berilgan.
2024-yil 27-avgust kuni tadbirkor Nigmatilla Mirpo’latov davlat xizmatlari markaziga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun №740430-sonli ariza bilan murojaat qildi. U qurilish qilmoqchi bo‘lgan maydonda 17 tup daraxt borligini, ulardan faqat 8 tupini boshqa hududga ko‘chirib o‘tmoqchi ekanini bildirdi. U barcha daraxtlarni ko‘chirib o‘tmasligini aytdi. «Men 2018-yilda yerni olganimdan so‘ng karantin davri tufayli qurilishni kechiktirdim. Karantindan keyin esa qarorlar bilan bog‘liq muammolar sabab yana orqaga surildi. Hozir qurilishni boshlamoqchi bo‘lganimda moratoriy joriy qilingan deb ruxsat berishmayapti», – deydi Mirpo’latov.
Tadbirkor daraxtlarga e’tibor berishini va ularni sug‘orish va o‘g‘itlashni shaxsan nazorat qilishini aytdi. «Kerak bo‘lsa, har bir ko‘chirib o‘tkazilgan daraxt o‘rniga 100 tup 4-5 metrli daraxt ekaman. Shunda, 8 tup daraxtdan ham ko‘proq kislorod beradi. 4-5 kishi norozi bo‘lsa ham, 88 ta odam rozi turibdi. Hammadan fikr so‘rashning iloji yo‘q-ku,» – deya ta’kidladi u.
Mirpo’latov avvalroq mahalla bilan ham muloqot qilganini, mahallaning ba’zi muammolarini hal qilishni va’da qilganini ham aytib o‘tdi. U ayrim xonadonlarning eskirgan romlarini yangisiga almashtirgani va kommunal to‘lovlardan qarzi borlarga yordam berganini ta’kidladi. «Keyin, qurilish qilmoqchi bo‘lgan hududni o‘rashni boshlagan edim, to‘rtta rus fuqaro kelib ishni to‘xtatdi. Menga hokimiyatdan ruxsat olishim uchun daraxtlar masalasini hal qilishim kerakligini aytishdi», – deydi u.
Tadbirkor o‘zining daraxtlarga ziyon yetkazganlikda ayblanayotganini inkor etadi. «Aholi menga qarshi chiqqan, ammo men daraxtlarga kimyoviy modda to‘kmaganman. Agar shunday qilishni xohlaganimda, ularni bir-bir kesib tashlagan bo‘lardim. Bu kimdir menga qasddan qilingan ish», – deydi Mirpo’latov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa hududlarda tadbirkorlar daraxtlarni kesib, binolar qurayotgan bo‘lsa-da, unga moratoriy sabab ruxsat berilmayapti. «Bir yildan beri bormagan joyim qolmadi. To‘g‘risi, jonimga tegib ketdi. Agar muammo hal bo‘lmasa, prokuraturaga boraman va shunday deyishdan boshqa choram qolmaydi: o‘sha joyda qo‘limga kishan solib olib ketinglar, bo‘lmasa kesaman», – deya qo‘shimcha qiladi u.
Nurobod mahalla raisi Sariyev Ikromning so‘zlariga ko‘ra, tadbirkor o‘z yer hujjatlarini taqdim qilgan bo‘lsa-da, ushbu hududda ko‘p yillik daraxtlar mavjudligi sababli aholining noroziligi o‘sgan. «Tadbirkorda daraxtlarni ko‘chirib o‘tish yoki kesish bo‘yicha hech qanday tegishli hujjatlar yo‘q. Daraxtlarga zarar yetkazilmasligi kerak, chunki bunday holatlar qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi,» – deydi Sariyev.
Uning ta’kidlashicha, mahalla hududi hozirda 24 soatlik kuzatuv kameralari ostida bo‘lib, uchastka nozirlari kuzatuvni amalga oshirmoqda. «Bir marta zarar yetkazish holati bo‘ldi, ammo boshqa bunday holat qayd etilmadi. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi bilan birgalikda daraxtlarga mineral o‘g‘itlar yordamida davolash ishlari doimiy amalga oshirilmoqda,» – deya qo‘shimcha qiladi mahalla raisi.
Hududni o‘rganar ekanmiz, belgilanmagan joylarga chiqindi tashlab ketish holatlariga ham duch keldik. Shu bilan birga, bu qoidabuzarlarni aniqlash va ularga nisbatan tegishli huquqiy choralar ko‘rish masalasida mahalla noziri nega hech qanday chora ko‘rmaganiga e’tibor qaratdik. Hudud 24 soatlik kuzatuv ostida bo‘lsa, qoidabuzarlarni topish qiyin bo‘lmasligi kerak, deb o‘ylaymiz.Aholining atrof-muhitni ifloslantiruvchi holatlarga nisbatan munosabati va mahalliy mas’ullarning bunga qanday chora ko‘rayotgani haqida aniqlik kiritilishi lozim.
Mahalla faoli Fargiza Ahmedovaning so‘zlariga ko‘ra, qurilish amalga oshsa mahalla aholisi jiddiy muammolarga duch kelishi mumkin. «Yoz kunlari bizga kislorod faqat shu hududdagi daraxtlardan keladi. Agar qurilish bo‘lib, daraxtlar ko‘chirib o‘tkazilsa, nafas olishimiz qiyinlashadi. Qo‘shnilarimizdan ayrimlari tadbirkor yig‘gan imzolarga boshqa hujjat deb qo‘l qo‘yganliklarini bilmay qolishgan. Ahmedova qurilish natijasida gaz, suv va elektr ta’minoti masalalarida muammolar kelib chiqishi mumkinligini qayd etadi: «Tadbirkorning ishlab chiqarish jarayonida oqava suvlar qayerga chiqarilishi ham noma’lum, chunki domlarimizdagi oqava tizimi allaqachon nosoz. Bu qurilish natijasida boshqa qator muammolar ham yuzaga keladi,» – dedi mahalla faoli.
Hududdagi daraxtlarga yaqinda kimyoviy zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, Toshkent shahar prokuraturasiga taqdim etildi. Daraxtlarga zarar yetkazish uchun drel yordamida ildizlariga ziyon yetkazilib, keyin kimyoviy moddalar quyilgan, ammo bu qilmishni kim amalga oshirgani hozircha noma’lum. Daraxtlarning ko‘chirib o‘tkazilishi masalasiga kelganda, tadbirkor tomonidan jamoat eshitiruvi tashkil etilgan bo‘lib, unda rozilar va norozi taraflarning fikrlari inobatga olingan. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent shahar boshqarmasi xodimi Yusupov Shoxrux ma’lum qildi.
Nurobod mahallasidagi daraxtlarni ko’chirish masalasida tadbirkor hozircha qonuniy ruxsat olmagan bo’lsa-da, qurilish va ko’chirish ishlarini boshlashga tayyorlanmoqda. Mahalla aholisi esa bu qarorga qat’iyan qarshi. Daraxtlar nafaqat mahallaning ekologik muvozanatini saqlab turadi, balki aholi uchun nafas olish manbai bo’lib xizmat qiladi. Aholi daraxtlarni ko’chirish jarayonida ularning qurib qolishidan xavotirda. Mahalliy hokimiyat va tegishli organlar ushbu masalada murosaga erishishlari zarur, chunki tabiiy boyliklarni asrash nafaqat qonuniy, balki axloqiy mas’uliyatdir.
Feruzbek Sayfullayev