O‘zbekiston Prezidenti global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Prezidenti global iqlim o‘zgarishi oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12-noyabr kuni Bok-u shahrida o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 29-sessiyasi (COP29) doirasidagi Jahon yetakchilari sammitining yalpi majlisida nutq so‘zladi.


Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni ushbu tarixiy sammitni muvaffaqiyatli tashkil etgani bilan samimiy tabriklab, Ozarbayjonning bugungi iqlim tahdidlariga qarshi kurashish maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha faol sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, iqlim o‘zgarishlari bugungi kunda asosiy global tahdidga aylanib, geosiyosiy keskinlikning kuchayishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.
Kambag‘allikka qarshi kurash, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni ta’minlash, ichimlik suvi va resurslaridan foydalanish muammolari kuchayib bormoqda.

Iqlim o‘zgarishlarining oqibatini Markaziy Osiyo o‘tkir his qilmoqda. Ular aholining turmush sifatini oshirish va milliy taraqqiyot strategiyalarini ro‘yobga chiqarish yo‘lida to‘siqqa aylanmoqda.

Bu borada O‘zbekistonda uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha keng miqyosdagi islohotlar olib borilmoqda. 2030-yilgacha havoga issiqxona gazi chiqarishni uchdan bir qismga kamaytirish rejalashtirilgan. Bu majburiyatlar 2050-yilga qadar yanada kengaytiriladi. “Yashil” energetika ulushi 40 foizga yetadi.

Elektromobillar va «yashil» vodorod ishlab chiqarish klasterlari barpo etilmoqda, quyosh va shamol generatsiyasi xablari yaratilmoqda. «Yashil makon» dasturi doirasida ko‘kalamzor hududlar kengaytirilmoqda.

Qo‘shni mamlakatlar bilan birgalikda Mintaqaviy iqlim strategiyasi amalga oshirilmoqda. Shu kunlarda Yevropaga «yashil» energiya yetkazib berishni tashkil etish to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitim imzolanadi.

Global iqlim o‘zgarishlari oqibatlarini birgalikda yengib o‘tish maqsadida O‘zbekiston yetakchisi qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan iqlim xatarlarini tanqidiy tahlil va moliyaviy baholash uchun yetakchi davlatlar, ko‘p tomonlama institutlar va konvensiyalarning texnik va moliyaviy ko‘magini kengaytirish maqsadida Iqlim tufayli yo‘qotish va zararlarni baholash bo‘yicha xalqaro markaz ta’sis etish taklif qilindi.

Atrof-muhit ifloslanishi bilan bog‘liq xatarlarni qisqartirish, barqaror bioxilma-xillik va transchegaraviy suv resurslari masalalarida yagona yondashuvlar ishlab chiqish zarurligini qayd etib, davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Daryo ekotizimlarining butunligi va ekologik xavfsizligini ta’minlash sohasida majburiyatlar to‘g‘risidagi Deklaratsiyani ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

O‘zbekistonda o‘simliklarning iqlimga chidamliligini oshirish uchun Genetik resurslarning mintaqaviy bankini hamda dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun BMTning innovatsion agrosanoat xabini tashkil etish taklif qilindi.

Iqlim o‘zgarishlaridan zarar ko‘rayotgan megapolis va shaharlarni barqaror rivojlanish va yashash uchun qulay sharoitlar yaratish sohasida tajriba va bilim, eng yaxshi amaliyotlar transferi uchun Jahon iqlim poytaxtlari alyansini tashkil etish uning birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish tashabbusi bildirildi.

Prezidentimiz COP29 mamlakatlari vakillarini kelgusi yili 15-mayda – Xalqaro iqlim kunida Orolbo‘yida o‘tkaziladigan Raqamli “yashil” tashabbuslar global festivalida ishtirok etishga taklif etdi.