To‘rt oyoqli do‘stlar qahramonga aylanadigan maskan

To‘rt oyoqli do‘stlar qahramonga aylanadigan maskan

O‘zbekistonimizga g‘arazli niyatlarda portlovchi, giyohvand va boshqa moddalarni olib kirishga uringan shaxslarni faqatgina maxsus o‘rgatilgan itlargina topa olishadi. Bunday itlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Milliy kinologiya markazi xodimlari tayyorlashadi. Xizmat itlari bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Markazda dala sharoitini to‘la-to‘kis o‘zida aks ettiruvchi mashq maydonlari, turli to‘siqlar hamda qidiruv mashqlarini o‘tkazish uchun moslamalar, temir yo‘l vagoni, teploxod, samolyot, konteynerlar, yengil va yuk avtoulovlari, avtobus, sun’iy xarobalar, tog‘-toshli rel’ef, bojxona nazoratidan o‘tkazish punkti maketlari yaratilgan.


Shuningdek, 100 bosh xizmat itlarini saqlashga mo‘ljallangan Xizmat itlari pitomnigi mavjud. Pitomnikda 10 ta qishki va yozgi vol’er bloki, xizmat itlarni cho‘miltirish xonasi, xizmat itlariga oziqa tayyorlash uchun maxsus oshxona mavjud. To‘g‘risi, Markazga tashrif buyurganimizda mazkur sharoitlarni ko‘rib, kayfiyatimiz ko‘tarildi. Hozirda xizmat itlari pitomnigida Nemis ovcharkasi, Sharqiy yevropa ovcharkasi, O‘rta osiyo ovcharkasi, lobrador, ingliz kokker-spanieli, rus spanieli va Belgiya ovcharkasi (malenua) zotlariga mansub zotdor itlar yetishtirilib, 12 ta yo‘nalishlar bo‘yicha xizmatga tayyorlanadi.

Birgina Milliy kinologiya markazida yilda tug‘ilgan, “Vega” laqabli, malinua zotiga mansub urg‘ochi xizmat iti 2019 yilda Markaz instruktorlari tomonidan “Giyohvandlik vositalarini qidirish” hamda “Valyuta qimmatliklarini qidirish” yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlangan.

Itning kuratori Farxod Turgunbaevning aytishicha, Vega Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining chegara bojxona postlarida, 2019-2021 yillar davomida Andijon viloyati bojxona boshqarmasining chegara bojxona postlarida 2021-2023 yillarda xizmat olib borgan.Bundan tashqari 2022 yilda Markazda MDX davlatlari bojxona xizmatlari kinolog xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada bir qancha nominasiyalarda birinchi o‘rinlarni egallagan. Shuningdek, 2023 yilda Turkiyada Respublikasi Anqara shahrida 11 davlat ishtirokida “Giyohvand moddalar qidiruvi” yo‘nalishida bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqada maxsus mashq kursi yo‘nalishida 3-o‘rinni egallagan.


Markaz zamonaviy talablarga mos ravishda barpo etilgan 14 ta qishki va yozgi vol’erlari mavjud bo‘lgan tug‘ruq kompleksiga ega bo‘lib, u yerda qat’iy ravishda sanitariya va gigiena talablariga rioya qilinadi. Bu albatta, itlarga nisbatan ugay ko‘z bilan qarashga o‘rganib qolgan fuqarolarimizga g‘alati tuyulishi tabiiy. Ammo Markazda aynan insonning eng vafodor do‘sti bo‘lgan itlarning barcha huquqlari himoya qilinadi. To‘g‘ruq majmuasi xizmat itlari pitomnigining ajralmas qismi hisoblanadi va itlarni parvarishlash, tanlash, yetishtirish ishlarida asosiy vazifani bajaradi. Bu yerda yiliga o‘rtacha 70-80 bosh yosh kuchuk bolalari yetishtiriladi.


Xozirgi kunda Vega laqabli xizmat itining 16 ta bolasi bojxonada xizmat qiladi. U Markazning zotdor xizmat itlari ro‘yxatiga kiritilganligi sababli, kelgusida undan nasl olishda foydalanish uchun xizmat itini umumiy klinik ko‘zdan kechirish, umumiy qon tahlili, displaziya kasalligi mavjud emasligini aniqlash uchun rentgen tekshiruvlari Kinologiya markazi qoshida tashkil etilgan Ixtisoslashtirilgan veterinariya klinikasida o‘tkaziladi. Veterinariya xizmati binosi Prezidentning 2022 yil 27 apreldagi “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-122-son farmoniga asosan, Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonovning tashabbusi bilan jahon andozalari asosida qayta ta’mirlanib, zamonaviy veterinariya asbob-uskunalari bilan jihozlandi. Endilikda bu yerda nafaqat xizmat itlariga, balki jismoniy va yuridik shaxslarga ham veterinariya davolash-profilaktika va laboratoriya-diagnostika xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
-Veterinariya klinikasi shifokorlari juda ham malakali. Biz shifoxonaning doimiy mijozlariga aylanib ulgurdik. Men itimni faqat ularga ishonaman, deydi Yevgeniya ismli mijoz.

Klinikamizda zamonaviy muolajaa, jarrohlik, rentgen xonalari, laboratoriya, dorixona, mavjud . Biz Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreya davlatlaridan keltirilgan zamonaviy asbob-uskunalar va qurilmalar bilan ishlaymiz. Tahlillar jonivorlardan olingan soatdan boshlab 10 daqiqada tayyor bo‘ladi. Ko‘pincha klinikamizga og‘ir jarohat olgan hayvonlarni olib kelishadi. O‘tkazilgna jarrohlik amaliyotlari natijasida ularning barchasi normal hayotga qaytdi, deydi klinika shifokori Kamoliddin Nazirov. -Klinikamiz tomonidan 2023 yil davomida 1066 nafar, 2024 yilning o‘tgan davrida 751 nafar jismoniy va yuridik shaxslar itlariga xizmat ko‘rsatilib, Markaz g‘aznasiga 180 mln.ga yaqin pul mablag‘lari tushirildi. Tushgan pul mablag‘lari xodimlarni moddiy rag‘batlantirish va Markaz faoliyatini yanada rivojlantirish uchun sarf qilinmoqda.
Kinologiya Markazi har juma kunida “Ochiq eshiklar kuni” bo‘lib o‘tadi. Aynan shu kuni xizmat itlari tashrif buyuruvchilarga bor mahoratlarini namoyish etishadi. Bu yerga tashrif buyurgan har bir inson itlar insoniyat uchun naqadar foydali va kerakli jonivor ekanligini his qilishadi.


-Men itlarsiz o‘z hayotimni tasavvur qila olmayman. Chunki O‘zbekiston hududiga 10 gramm giyohvand modda olib kiriladigan bo‘lsa, u bitta inson hayotiga zomin bo‘lishi mumkin. Uni esa aynan it topadi. Turkiyada ham zilzila bo‘lganda 5 ta xizmat itlarimiz u yerga safarbar qilinib, 100 dan ortiq insonni vayronalar ostidan topib, hayotini qutqarishdi. Yong‘in, zilziladan so‘ng itlarsiz odamlarnitopish juda ham qiyin. O‘zim 7 yildan buyon itlarn o‘rgataman. Men uchun insondan ko‘ra itni tarbiyalash oson. Chunki u birinchi galda sizni his qiladi, deydi Milliy Kinologiya Markazi o‘quv -uslubiy bo‘limi katta inspektori, kapitan Qosim Rizaqulov.


Markaz haqidagi hikoyamizni yakunlar ekanman, bu yerda har bir kun fidoyilik, o‘zaro yordam va professionallik bilan o‘tadi. Markazning to‘rt oyoqli tarbiyalanuvchilari eng qiyin vazifalarni bajarishga tayyor, tinchligimiz va xavfsizligimiz qo‘riqlayotgan chinakam qahramonlardir. Ularning sadoqati va qo‘rqmasligi insonni ilhomlantiradi va bunday markazlar faoliyati qanchalik muhimligini eslatib turadi.

Nargis Qosimova