Iqlim o‘zgarishi|10

“Men sizga e’lonlar taxtasi emasman” — daraxtlarga yopishtirilgan reklamalar ekologiyaga qanday zarar yetkazadi?

So‘nggi yillarda shahar ko‘chalarida, ayniqsa daraxt tanalariga yopishtirilgan reklama va e’lonlar tobora ko‘payib bormoqda. “3 oyda til sertifikati olishni xohlaysizmi? Unda bizning o‘quv markazimizga keling!”, “Ishga joylashtiramiz!”, “Uy sotiladi!” kabi va’dalar bilan to‘la bu reklamalar ortida esa bir og‘riqli haqiqat bor — tabiatga yetkazilayotgan zarar.

“Men sizga e’lonlar taxtasi emasman” — daraxtlarga yopishtirilgan reklamalar ekologiyaga qanday zarar yetkazadi?

Bir gektar daraxtzor bir kunda 220–280 kilogramm karbonat angidridni yutib, 180–220 kilogramm kislorod ishlab chiqaradi. Daraxtzorlar havodagi chang miqdorini va shovqinni kamaytiradi. O‘simlik dunyosi tabiatning issiqlik hamda radiatsion muvozanatini boshqaradi, havoning namligini ta’minlaydi.

Bugun biz global ekologik muammolar, havoning ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi va yashil hududlarning qisqarishi haqida bong urayotgan bir paytda, o‘z qo‘limiz bilan daraxtlarga shikast yetkazayotganimiz achinarli.

Toshkent shahrining o‘zida minglab daraxtlar tanasiga qog‘ozlar yopishtirilgan, skotch va mixlar bilan to‘ldirilgan holatlarni uchratish mumkin. Bu nafaqat daraxtning tashqi qiyofasiga zarar yetkazadi, balki uning ichki qatlamlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, nafas olish jarayonini cheklaydi va ayrim hollarda qurib qolishiga sabab bo‘ladi.

Daraxtlar — shahar havosining tabiiy filtrlari. Ular kislorod ishlab chiqaradi, changni ushlab qoladi va mikroiqlimni me’yorlashtiradi. Shunday bo‘lsa-da, biz ularni e’lonlar taxtasiga aylantirib yubormoqdamiz. O‘zimiz bilmagan holda yashil boylikka qarshi jinoyat sodir etyapmiz.

Toshkent va boshqa shaharlarda reklama tarqatishning qonuniy usullari mavjud: maxsus stendlar, virtual platformalar va ijtimoiy tarmoqlar. Bu nafaqat samarali, balki tabiatga hurmat bilan munosabatda bo‘lish demakdir.

Agar biz haqiqatan ham ekologik ongli jamiyat qurmoqchi bo‘lsak, buni oddiy harakatlardan boshlashimiz kerak. Daraxtlarga reklama yopishtirmaslik ham shular jumlasidandir. Shaharni obod qilish faqat yangi binolar qurish emas, balki yashil hududlarni asrashdan ham boshlanadi.

Ushbu muammoning oldini olish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bilish maqsadida eko-faol Feruzbek Sayfullayev bilan suhbatlashdik.

— Daraxtlarga reklama, e’lon yoki boshqa materiallarni bevosita yopishtirish daraxtlarning o‘sishiga qanday zarar yetkazadi?

— Mix yoki boshqa qattiq jismlar daraxt po‘stlog‘ini teshib o‘tadi va ichki qatlamlarga zarar yetkazadi. Bu esa daraxtning floema (oziqa moddalarini tashuvchi qatlam) va kambiy qismlarining faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Shikastlangan joylar orqali zamburug‘lar, bakteriyalar va viruslar osongina kirib boradi. Natijada daraxt chirishi, qurishi yoki turli kasalliklarga chalinishi mumkin.

Daraxt po‘stlog‘i nafaqat himoya qatlami, balki gaz almashinuvida ham ishtirok etadi. Uni afisha yoki plakatlar bilan yopib qo‘yish bu jarayonga xalaqit beradi va daraxtning kislorod almashinuvini kamaytiradi.

Bundan tashqari, daraxtlar shahar landshafti va ekotizimining ajralmas qismidir. Ularga yopishtirilgan reklamalar tabiiy go‘zallikni buzadi, atrof-muhitni ifloslantiradi hamda uy hayvonlari va qushlar uchun ham zararli bo‘lishi mumkin.

— Sizningcha, daraxtlarga reklama va yoritgich vositalari o‘rnatilishining oldini olish uchun qanday samarali choralar ko‘rish mumkin?

— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, reklama obyektlarini (konstruksiyalarni) daraxtlarga o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, amaldagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, tashqi reklamani daraxtlarga zarar yetkazish, obodonlashtirish vositalarini buzish yoki madaniy meros obyektlariga putur yetkazish orqali joylashtirish taqiqlangan.


Tabiatni muhofaza qilishga bag‘ishlangan ijtimoiy roliklar, plakatlar hamda radio va televideniye orqali daraxtlarga reklama yopishtirishning zararli oqibatlarini keng jamoatchilikka tushuntirish zarur. Yosh avlodga erta ekologik tarbiya berish orqali ham bunday xatti-harakatlarning noto‘g‘riligini anglatish mumkin.

Daraxtlar — ona tabiatning ajralmas qismi, havoni tozalovchi tabiiy filtr va shahar mikroiqlimini tartibga soluvchi muhim resursdir. Ularni e’lonlar taxtasiga aylantirish nafaqat ekologik muvozanatga, balki jamiyatning atrof-muhitga bo‘lgan mas’uliyatiga ham putur yetkazadi.

So'nggi yangiliklar