Bog‘dagi O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 2,5 mingdan oshiq o‘simlik va daraxtlar nobud qilinib, tabiatga 1 mlrd so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazilgan. Jinoyat ishi tergovi ustidan Bosh prokuratura nazorat o‘rnatgan. Samarqand viloyati Urgut tumanidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida noma’lum shaxslar tomonidan ochilgan noqoqonuniy yo‘l bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 204-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ish tergovi ustidan Bosh prokuratura nazorati o‘rnatilgan.
Qayd etilishicha, “Omonqo‘ton”da noqonuniy yo‘l ochilib, 869 metr kvadrat maydondagi tuproqlar surilib, 1 427 metr kvadrat maydon tuproq bilan ko‘milgan.
Oqibatida, jami 2 693,9 metr kvadrat muhofaza etiladigan hududda o‘suvchi O‘zbekiston qizil kitobiga kiritilgan 7 turdagi 1 112 tup, noyob va yo‘qolib borayotgan 5 turdagi 1 479 tup o‘simlik nobud qilingan.
8 turdagi 64 tup daraxt va butalar kesilgan, nobud qilingan va shikastlantirilgan. Shu tariqa, tabiatga 1 mlrd 115 mln 907 ming so‘mlik zarar yetkazilgan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 204-moddasi (Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish) 2-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini berish nazarda tutilgan.
Manba https://t.me/uzbprokuratura/48251
☘️Atrof-muhitga oid soʻnggi yangiliklarni @ekologuz saytida oʻqing. Bizga obuna bo’ling va taklif va tilaklaringizni @eklguz_bot orqali yuboring!