Inspektorlar brakonerlikka barham berdi

Inspektorlar brakonerlikka barham berdi

Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi inspektorlari hamda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Oqqo‘rg‘on tumani Birlik MFY hududida tungi reyd tadbiri o‘tkazilgan.

Ushbu tungi reyd davomida inspektorlar “LACCETI” rusumli davlat raqami 10L482NA avtotransport vositasi yukxonasi ko‘zdan kechirilganda noqonuniy ovlangan yovvoyi turdagi 2 (ikki) bosh bo‘rsiq, 1 bosh o‘rdak, 4 bosh qirg‘ovul hayvonlari borligi aniqlangan. Huquqbuzar bilan tushuntirish ishlari o‘tkazilganda Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani Xamzaobod MFY Markaziy ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro D.A. ekanligi aniqlangan.

Huquqbuzardan ov qilish uchun ruxsatnoma so‘ralganda hech qanday hujjatni taqdim eta olmagan. Huquqbuzar “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunning tegishli bandlari talablarini buzganligi ma’lum bo‘ldi hamda hayvonot dunyosiga yetkazgan zarari hisob-kitob qilindi. Unga nisbatan MJtKning 90-moddasi 3-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va hozirda ushbu holat bo‘yicha kerakli hujjatlar to‘planib, sud organlariga yuborish choralari ko‘rilmoqda.

Huquqbuzarning qilgan harakatlari uchun unga sud hukmi o‘qiydi va hayvonot dunyosiga yetkazgan zararni ham to‘lashga majbur.

Holat haqida Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.