Iqlim o‘zgarishining gender zo‘ravonlikka ta’siri

Iqlim o‘zgarishi va gender bir-biri bilan chambarchas bog‘liqligi tobora aniq bo‘lib bormoqda. Darhaqiqat, ayollar va iqlim o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarda ijobiy narsalarni topish qiyin, chunki bu ayollar dunyodagi kambag‘allarning aksariyat qismini tashkil etishi va iqlim o‘zgarishi tahdid solayotgan tabiiy resurslarga ko‘proq tayanishi haqiqatini aks ettiradi.

“Meni kishilarimizning ongida paydo bo‘lgan stereotip ko‘p o‘ylantiradi. Odatda biz ayolni avvalambor ona, oila qo‘rg‘onining qo‘riqchisi sifatida hurmat qilamiz. Bu, shubhasiz, to‘g‘ri. Ammo bugun har bir ayol oddiy kuzatuvchi emas, balki mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlarning faol va tashabbuskor ishtirokchisi ham bo‘lishi kerak”.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston “Global gender farqi reytingi”da 108-o‘rinni egallagan.

Gender zo‘ravonlik! Bu termin borgan sari hayotimizga chuqur o‘rnashib olmoqda. Bunga esa patriarxal tuzum, tarbiyadagi stereoptiplar, ta’lim va moliyaviy imkoniyatlarning cheklanishi yoki qonunlarning samarali ishlamasligini sabab qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Lekin, biz bugungi maqolamizda bu zo‘ravonlikka boshqa tomoni ya’ni iqlim o‘zgarishi ham sabab bo‘layotganligini yoritib bermoqchimiz.

Iqlim o‘zgarishi haqida gapirar ekanmiz, uning dunyo mintaqalaridagi ayollarga ham tasir ko`rsatishi bizni hayron qoldiradi. Asosan xotin-qizlarning yashash va turmush sharoitlarini yomonlashishi, hayot va sog‘liq uchun xavf keltirib chiqarayotgani va unumdorlikni pasaygani bu muammolar gender zo‘ravonlik xavfini oshirishga sabab bo`lmoqda.

Ko‘plab xotin-qizlar qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritadi, bu esa iqlim o‘zgarishi — ishsizlik va og‘ir mehnat sharoitlari — qashshoqlikning feminizatsiyasidan himoya qilinmaganligni ko‘rish mumkin. Ayollar va qizlar ko‘pincha to‘lanmaydigan uy yumushlarining aksariyati uchun javobgar hisoblanib, oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilishlari — ko‘proq uy ishlari uchun vaqt ajratishlari — o‘qish va o‘zlari uchun kamroq vaqt ajratishlariga to‘g‘ri keladi. Yana bir muammo Butun dunyoda sodir bo‘layotgan iqlim o‘zgarishi insoniyat hayotining ko‘plab jabhalariga, jumladan, sog‘lig‘iga ham chuqur ta’sir ko‘rsatmoqda. Ko‘pincha e’tibordan chetda qolayotgan iqlim o‘zgarishi va ayollar reproduktiv salomatligi o‘rtasidagi bog‘liqlik ushbu muammoning asosiy mavzusidir. Ekstremal ob-havo hodisalari va atrof-muhitning yomonlashuvi ayollarning reproduktiv salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, haroratning ko‘tarilishi, yog‘ingarchilikning o‘zgarishi va tabiiy ofatlarning ko‘payishi natijasida sog‘liqni saqlash infratuzilmasi buzlib kelmoqda.

Bundan tashqari, ekologik omillarning o‘zgarishi reproduktiv salomatlik darajasidagi mavjud farqlarni kuchaytirishi mumkin, bu esa jamiyatlarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatadi. Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ayollarning ruhiy-ijtimoiy muammolarini hal qilish uchun gender jihatlarini hisobga olgan qonunchilik, jamiyat barqarorligini oshirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish usullarini o‘z ichiga olgan keng qamrovli strategiyalar zarur. Zaifliklar o‘rtasidagi munosabatlarni tushunish va turli vaziyatlarda ayollar duch keladigan alohida qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yordam berish alohida ahamiyatga ega. Shunday qilib, oziq-ovqat xavfsizligi va ayollarning reproduktiv xulq-atvori modellari o‘rtasidagi murakkab bog‘liqlikni hal qilish uchun barqaror dehqonchilik usullari, sog‘liqni saqlashdan foydalanish, iqtisodiy huquq va imkoniyatlarni kengaytirish va to‘g‘ri ovqatlanishni o‘rgatishni hisobga olgan holda ishlar olib borilishi kerak.

“Ekolog” jamoat birlashmasi, “Qalb nuri” markazi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi” bilan hamkorlikda “Iqlim o‘zgarishining gender zo‘ravonlikka ta’siri” loyihasi statistika natijalariga ko‘ra.

Iqlim o‘zgarishidan aziyat chekkan qoraqalpog‘istonlik ayol hikoyasi

Ushbu videoda qoraqalpog‘istonlik ayolning iqlim o‘zgarish tufayli kelib chiqqan nizolar

Layloning taqdiri

Menning ismim Laylo (o‘zgartirilgan).18 yoshimda o‘qishga kirganman. 19 yoshimda o‘zimdan bir bosqich yuqorida o‘qiydigan yigit bilan sevishib turmush qurdik. O‘qishni tugatgach erim bilan uning qishlog‘iga qaytdik va o‘sha yerdagi maktabda ishlay boshladik. Ro‘zg‘orimizni butlash maqsadida qo‘shimcha daromad topish yo‘lini izlay boshladik. Bu borada esa barcha qishloqdagilar qatori dehqonchilik qilishni tanladik. Erta bahorda erim mahalladagi fermer o‘z yerining har bir gektarini bir yilga 1 milliondan ijaraga berayotgani haqidagi gapni topib keldi. Va biz tezroq va ko‘proq daromad qilish maqsadida qarz olib, 10 gektar yerni ijaraga oldik.

Ikkalamiz ham o‘qituvchi bo‘lganimiz sabab qarzlardan tezda qutilib ketamiz deb o‘ylagan edik. Ammo dehqonchilik borasida ikkalamizda ham tajriba yo‘q edi hisob. Shu sababli tanish-bilishlardan maslahat olib, poliz ekinlari ekishni rejalashtirdik. Men boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lganim uchun kunning ikkinchi yarmida bo‘sh edim, turmush o‘rtog‘im esa har ikki smenada dars berar edi. Shu sababli ham dala ishlari deyarli o‘zimga qoldi. Erta tongdan borib dalada ishlab, undan keyin maktabga ketar edik. Bu ham yetmagandek uy ishlari ham bor edi. Dehqonchilikning ham o‘zi bo‘lmas ekan. Yerni ekinga tayyorlaguncha shudgor, tekislash ishlari uchun ham 10 milliondan ortiq mablag‘ sarfladik. Bunday katta maydonga urug‘ sotib olishimiz ham anchagina xarajatga tushdi. Xullas u emas, bu emas hali bir so‘m daromad ko‘rmay turib 30 million sarflab tashladik. Mablag‘ sarfining oshishi, ish taqsimotidagi adolatsizliklar sabab uyimizda nizolar vujudga kelishni boshladi. Suv yetishmasligi sabab ekinlarimiz qurib qolishi esa oilamizda katta fojiaga aylandi. Tuppa-tuzuk yurgan erim tez-tez ichadigan, uyga kelib janjal chiqaradigan bo‘ldi. Meni urib-tepishni boshlaganda esa bu holatlarning hali boshlanishi ekanligini tasavvur ham qila olmas edim. Erimning har kunlik ichishi, meni kaltaklashi sabab yuzim va tanamning turli qismidagi ko‘karishlar oqibatida men hatto ishga chiqishga ham uyalib qoldim. Qarz olgan odamlarimiz pullarini so‘rab kelgan kunlari esa erim g‘azab otiga minar va meni kaltaklar, hattoki, uydan haydab chiqarar edi. Bir kuni esa hatto bog‘ga otib yubordi. Men shundan keyin ham o‘zim tanlab teggan insonim sabab uydan chiqib ketmadim. Sabr qilib erimga Allohdan insof so‘rab yashashda davom etdim. Oilamidagi bunday tahqirlashlar kun sayin ortib borar edi. Men esa aybim nima ekanligini hech tushunmas edim. Biz oxiri kelishib yerni topshirdik va shundan keyin oilamizda urishlar to‘xtadi hozrida baxtli yashab kelmoqdamiz.

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Qurg‘oqchilik erimni mendan sovutdi

Ismim Go‘zal (o‘zgartirilgan). Yoshim 33 da. Jizzaxning chekka bir tumanidagi qishloqda oilam bilan birga yashayman. Uch nafar farzandning onasiman. Asosiy tirikchiligimiz erimning Rossiya Federatsiyasisiga borib ishlab kelishi orqasidan o‘tadi. Ba’zan erimga meni ham olib keting, birga ishlab ko‘proq pul topamiz desam, erim bolalarimiz yooshligi, ota-onasining qarovchisi yo‘qligini bahona qiladi. Oxirgi bir-necha yilda tug‘ruq va qurg‘oq iqlim sabab yuzlarimdga erta ajin oraladi. Biz yuzimizni yuvadigan suv ham nisbatan sho‘rligidan esa husnbuzarlarim yuzlarimni “bezab” boshladi. O‘zimdagi bu alomatlarni o‘im ham sezaman. Lekin nima qilishga ham hayron edim. Balki yoshlik chiroyimdan ayrilganim uchunmi erim ham menga oldingidek munosabatda bo‘lmay qoldi. Xorijdan qaytsa ham ko‘pi bilan 20–25 kun yashaydi va yana ishni bahona qilib qochib qoladi. Ba’zan, erim o‘sha yoqlarda uylanib olmaganmikan degan xavotirga ham tushib qolaman. Lekin nima qilay. Internet orqali topgan kosmetologlarim menga yuzingizni parvarish qiling deyishadi. Vaholangki, biz ichish va ovqat uchun ishlatayotgan suvimiz hatto yuz yuvishga ham yaramaydi. Qanchadan-qancha kosmetik buyumlardan foydalansam ham bufoyda bermayapti. Teri kasalliklari bo‘yicha shifokor esa bu holat tumanimizda bitta menda emasligini, ko‘pgina ayollar shunday murojaatlar bilan kelishini aytdi. Nima qilishga, kimga murojaat qilishga ham hayronman rosti. Ishqilib oilam tinch bo‘lsa bo‘ldi.

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Qishlog‘imdan uyalaman…

Hali turmushga chiqmaganman. Bo‘zatov tumanining ham chekka qishlog‘ida tug‘ilib, voyaga yetganman. Toki shaharga o‘qishga kirgunimcha qishloq ishlari men uchun odatiydek ko‘rinar edi. Uyimizda yoki qo‘shnilarda suv vaqtida tashilmagani uchun janjal chiqishi, yoki bizga noma’lum sabablar tufayli ayollarning kaltak yeyishi menga odatiy holdek ko‘rinar edi.

Bundan besh yil oldin o‘qishga kirganligim sababli Nukus shahiga kelib yashay boshladim. Balki shahar yoqib qoliobdi dersiz. Rostdan ham shunaqa. O‘qishni tugatib hasm qishloqqa qaytgim kelmadi. Chunki, mashinadan tushishingiz bilan sizni har xil transportda, har xil hajmda suvni uyoqda-buyoqqa tashiyotgan ayoollar qarshi oladi. Eng ayanchlisi esa, ular shu qismatga rozi. Ular dod solmaydi, ular isyon qilmaydi. Ular jimgina ko‘nib, ko‘nikib yashaydi. Ba’zan qishloqdan shaharga kelganimda, yoki aksincha hollarda bir shoirning “Oltin baliqcha, bitta ko‘lmakcha deb bilar dunyoni” degan so‘zlari esimga keladi. Shunda o‘zimga o‘zim savol beraman. Ular qishlog‘imdagi ayollar ham boshqa ayollar kabi yashashga haqli emasmi? Ularning umri nega suv tashish bilan o‘tishi kerak? Savollar ko‘p, lekin javobini hali topib ulgurganimcha yo‘q.

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Nega hayot ba’zan shunchalik adolatsiz bo‘ladi?

Ismim Gulnoza (o‘zgartirilgan). 23 yoshimda, oilamning xohishiga ko‘ra, Bir bola bilan turmush qurdim. Sobir yaxshi yigit edi, lekin uning oilasida yashash shartlari qiyin bo‘ldi. Ular qishloq chekkasidagi uyda istiqomat qilishar, suvni esa uzoqdan — bir-ikki kilometr naridagi Quduqdan tashib kelar edim. Quduqdan olingan suvni kunlab tindirib, tagidagi cho‘kmalarni ehtiyot bilan ajratib ishlatar edik.

Turmush o‘rtog‘im doim yordamga tayyor edi, lekin ishlari sabab hamma vaqt uyda bo‘la olmasdi. Shuning uchun ba’zan aravachaga baklar ortib, suv olib kelish menga to‘g‘ri kelardi. O‘sha paytlarda homiladorligimning ilk oylarini boshdan kechirayotgan edim. Og‘ir baklarni ko‘tarib, yo‘l bosish qiyin edi, lekin qaynonamning “homiladorlik — kasallik emas” degan gaplari va turli kinoyalariga qarshi chiqolmasdim.

Bir kuni, odatdagidek, quduqdan suv olib kelayotgandim. 15 litrlik bakni aravaga joylash uchun egilib, shoshilib harakat qildim. To‘satdan oyoqlarim qaltirab, muvozanatni yo‘qotdim va bak bilan birga yerga quladim. Zarbadan butun tanamni og‘riq qopladi, ammo yuragimni ezgan boshqa bir qo‘rquv edi. Ichimdagi hali tug‘ilmagan farzandimga zarar yetgan bo‘lishidan o‘lguday qo‘rqardim.

Keyingi kunlarda o‘zimni yomon his qildim va shifokorga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Farzandim hayotda ekan, lekin yiqilish tufayli shifokorlar jiddiy asoratlar bo‘lishini aytishdi. O‘sha kundan boshlab turmush o‘rtog‘im va men uchun yangi hayot boshlandi — farzandimiz maxsus ehtiyojlari bilan tug‘ildi.

Avvaliga bu holatni qabul qilish qiyin bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im ning orzulari parcha-parcha bo‘lib, u ko‘pincha o‘zini aybdor his qilardi. Men esa farzandimiz uchun kuchli bo‘lishga intildim. Har bir kun sinov edi — davolanishlar, ehtiyojlarini ta’minlash, boshqalarning qarashlariga bardosh berish. Lekin farzandimning tabassumi va kichik yutuqlari bizga umid bag‘ishlardi.

O‘sha yiqilish bizning hayotimizni o‘zgartirdi, lekin sevgimiz va sabr-toqatimiz farzandimizning kelajagi uchun kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu kun bugungacha yuragimda o‘chmas xotira bo‘lib qolgan, ammo shu bilan birga menga kurashishni o‘rgatgan. Bu hikoya meni yengil nafas olishga undaydi, lekin unda ochilmagan bir savol doim bor: nega hayot ba’zan shunchalik adolatsiz bo‘ladi?

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Shu mening eng katta orzuim

Ismim Oydin (o‘zgartirilgan). Yoshim 28da. Jizzaxning bir chekka qishlog‘ida uch farzandim bilan hayot kechiryapman. Erim Rossiyada ishlaydi, oilamizning asosiy tirikchilik manbai ham o‘sha yerda topgan daromadi. Lekin men yillar o‘tgan sayin o‘zimda bir o‘zgarishni sezaman: yuzlarimda erta ajinlar, husnbuzarlar paydo bo‘ldi. Bu holatlar meni ham tashvishga solmoqda, erimning munosabati esa og‘ir yukday bo‘lib turibdi.

Oxirgi yillarda iqlimning o‘zgarishi, qurg‘oqchilik tufayli qishlog‘imizdagi suv hatto yuzni yuvishga ham yaramay qoldi. Sho‘r suvdan foydalanish sabab yuz terim quruqlashib, husnbuzarlar va qora dog‘lar paydo bo‘ldi. Tug‘ruqlar ham bu jarayonni tezlatdi, go‘yo yoshligimni birdan yo‘qotgandekman.

Erimga “meni ham Rossiyaga olib ket, birga ishlab ko‘proq pul topamiz,” deb bir necha marta aytdim. Lekin u bolalarimizning yoshligini, ota-onasini qoldirib ketolmasligini ro‘kach qiladi. Orada uyga qaytsa ham, 20–25 kun yashab, yana ishni bahona qilib ketadi. Uning sovuq munosabati meni o‘ylantiradi: “Nega endi u mendan yiroqlashdi? Balki u o‘sha yerda boshqa ayolni topgandir?” degan gumonlar ichimni kemiradi.

Men kosmetologlarning maslahatlarini olishga harakat qildim. Ular turli xil mahsulotlarni tavsiya qilishadi, lekin oddiy suv yuz yuvishga yaramasa, qimmatbaho kosmetikadan nima naf? Qishlog‘imizdagi tibbiyot muassasasiga murojaat qildim. Shifokor: “Bu faqat sizda emas, qurg‘oq iqlim va suvning sifati sabab ko‘pchilik ayollarimizda shunday muammolar bor,” dedi.

Hayotimning bu qiyinchiliklariga qaramay, men o‘z oilam uchun kurashaman. Mening yagona tilagim — oilamizning tinchligi va erimning menga nisbatan mehrini qayta his qilish. Balki, bir kun kelib, qishlog‘imizdagi suv muammolari hal bo‘lar, men yana yoshligimdagi Go‘zalga o‘xshab ketarman. Shunday umid bilan yashayapman.

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Bahoraning hikoyasi

Ismim Bahora(o‘zgartirilgan). 22 yoshimda uydagilar xohishiga ko‘ra turmush o‘rtog’im bilan oila qurdik. Qaynona-qaynotam bilan birga yashaymiz. Qishloq chekkasidagi anhordan suv olib kelamiz. Anhor suvini ham toza deb aytib bo‘lmaydi. Olib kelgan katta baklardagi suvlarimizni ba’zan kunlab tindirib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Suv olayotganimizda baklar tagidagi cho‘kmalar qo‘zg‘alib ketishidan ehtiyot bo’lamiz. Bu ahvoldagi suvdan biz ichish va maishiy maqsadlarda foydalanamiz. Suv tozaligidan tashqari uni tashish muammosi ham bor. Erim yordamini ayamaydi, ammo doim ham uyda bo‘la olmasligi sabab ba’zan obdasta bilan, ba’zida aravachalar bilan bir-ikki bak suv olib kelaman.

Nikohimizdan ko‘p o‘tmay homilador bo‘ldim. Lekin qishloq sharoiti, qaynonamning g‘azablari sabab anhordan suv tashishdan qutila olmadim. 15 litrlik baklarni anhordan to‘ldirib aravachaga ortayotganimda og‘riq his qiladigan bo‘ldim. Buni qaynonamga aytganimda esa “O‘lmagan bizni jonimiz ekanda” degan “shiringina” gaplarni eshitdim. Erim esa onasiga bo‘lgan hurmati sabab ortiqcha gap qila olmadi. Lekin, u suv olib kelib berishda ko‘maklashib yurardi. Erim uyda yo‘q kunlardan birida suv olish uchun anhor bo‘yiga tushib katta bak bilan birga suvga yiqildim. Ana shu lahzada men ve erimning 5 oylik orzularimiz zavol topdi. Hali tug‘ilmagan bolamni yo‘qotganimdan keyin ikki haftacha ishlardan “ozod etildim”. Ammo erim ham meni e’tiborsizlikda ayblar “o‘sha suvni o‘zim olib kelardim-ku” deya jahl qilar edi. Ana shu mudhish voqeadan keyin yillar davomida farzand ko‘ra olmadik. Ko‘cha-ko‘ydagilarning gaplari, qaynonamning “tug‘mas xotin bilan umring o‘tyapti” degan tazyiqlaridan keyin erim juda asabiy bo‘lib qoldi. Hatto, meni kaltaklaydigan odat chiqardi. Ba’zan nima uchun kaltak yeyotganimni ham bilmay qolar edim. Qaynonamning piching va haqoratlari, erimning tazyiq-u kaltaklaridan bezor bo‘lganimdan keyin, bularning baridan ajrashib qutildim. Hozir ota uyimdaman. Nega bunday bo‘ldi? tug‘ilmagan farzandim nobud bo‘lishida men aybdor edimmi? Erim nega meni bunday tahqirladi? degan savollar haligacha tinchlik bermaydi. Haligacha aybim nima ekanligini anglay olmayman.

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Madianing taqdiri

Mening ismim Madina (o‘zgartirilgan). Men qishloqda tug‘ilib o‘sgan oddiy ayolman. Bizning qishloqda iqlim o‘zgarishi har bir xonadonga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Yomg‘irlarning kamayishi, suvsizlik va qurg‘oqchilik oilalar hayotini tobora murakkablashtirib yubordi. Bizning oilamiz ham bundan mustasno emas edi.

Suv biz uchun eng katta muammo edi. Qishloqdagi yagona quduqdan suv olib kelish ayollar zimmasiga yuklangan edi. Erim ish bilan band, men esa har kuni ertalab turib bir necha kilometr yurib, suv olib kelishga majbur edim. Bu faqat vaqt va kuch emas, balki sog‘lig‘imni ham yemirardi.

Bir kuni suv tashishga ketayotganimda oyog‘imni qayirib oldim. Qattiq og‘riqdan uyga qaytishga majbur bo‘ldim. Ammo erimga bu holat yoqmadi. “Suvni tashish o‘zingning ishing, hamma o‘z vazifasini bajarishi kerak,” dedi u. Keyinchalik men suv tashishda qiynalayotganimni aytganimda esa u jahldorlik bilan “Hamma qiyinchiliklarga chidash kerak, sharoit shunaqa,” deb javob qaytardi.

Iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklar oilamizdagi munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Erim asabiy bo‘lib qoldi, u ko‘pincha meni baqirib urishardi. Har safar zo‘ravonlikka duch kelganimda, bularning barchasi men uchun emas, oilamiz uchun qilinganini eshitardim. Ammo bu haqoratlar va tazyiqlar menga har doim og‘irlik qilar edi. Bu vaziyatdan chiqish uchun ko‘p o‘yladim. Oxir-oqibat, o‘z huquqlarimni himoya qilish va hayotimni o‘zgartirish uchun qaror qabul qildim. Ayollar huquqlarini himoya qiliuvchi “Qalb nuri” tashkiloti bor edi deb eshtim . U yerga borib, maslahat oldim va hayotimni o‘zgartirish uchun birinchi qadamni tashladim.Hozir men ayollarning ekologik muammolar tufayli duch kelayotgan gender zo‘ravonliklariga qarshi kurashuvchi faol ayollardan biriman. Iqlim o‘zgarishi faqat tabiatni emas, balki insonlarning hayotini ham o‘zgartiradi. Lekin ayollar o‘z ovozlarini ko‘tarish orqali bu holatni o‘zgartira olishadi

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Aybim nima?

O‘zim qishloqda kata bo‘lganman. Bola edik, bilmasdik, onam qishloq chekkasidan suv olib kelsalar doim ham ularga ko‘mak beray demasdik. Xuddiki onam bunga majburdek. Ulg‘ayib oila qurgach tushundim-ki onam oilasi uchun bunday yukning mashaqqatidan qochmas ekan. Yangi kelin holimga ota uyimdan ham uzoqroqdan har kuni ikki marotaba suv olib keladigan bo‘ldim. Ba’zan ukamdan iltimos qilsam u qarashib yuborar edi. Ammo har oilaning to‘rvasi bo‘lak bo‘lganidek men ham bora-bora o‘zim suv tashishga majbur bo‘lardim. Dastlab bor-yo‘g‘i ikkita chelakdan suv tashirdim vaholang-ki bu suv ichishga, ovqatga, kir-chirga yetmas edi. Keyin esa aravachalarda olib kelishga o‘rgandim. Ammo shu sabbli ko‘pincha boshqa ishlarga ulgurmas edim. Bolali bo‘lganimdan keyin esa bu ish menga ikki karra mashaqqatli tuyila boshladi. Qishloqning chekkasidan suv olib kelish uchun ketadigan 1–1,5 soat vaqtimda bolamning holi ne bo‘ldi ekan deb xavotirdan tolardim. Farzandlarim ikkita bo‘lgach esa ular bir-birini ovutadi deya tinchlanardim.

Shunday kunlarning birida ikkita farzandimni qoldirib yana suv olish uchun ketdim. Kichkinam qattiqroq yig‘laganmi bilmadim kattam uni ovutish uchun ukasiga so‘rg‘ich tutibdi. Aravachani to‘ldirib 3–4 ta idishda suv olib kelganimda kichkinamning ovozi eshitilmas edi. Uxlabdi degan xayol bilan ishlarimni qilib yuraverdim. Shomga borib ham uyg‘onavermagach kirib ne ko‘z bilan ko‘rayki belanchakdagi bolam ko‘karib ketgan edi. So‘rgich esa bolamning og‘zi ichida edi.

Menimcha, kattam ukasini ovutish uchun so‘rg‘ichni og‘ziga solganida qattiqroq tiqib yuborgan bo‘lsa kerak. 9 oylik chaqalog‘imning vafoti butun oilamizni qayg‘uga soldi. Erim esa bolamning o‘limida meni ayblay boshladi. “Sen qarshni bilmagansan, bitta bolani ham eplolmading, bolamizni sen o‘ldirding”,- deb meni urishadigan, ichib kelib uradigan odat chiqardi. Agar o‘sha o‘lgur suvga ketmaganimda edi, bu holatga tushmagan bo‘larmidik.

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Nargis Qosimova O‘zJOKU professori, eko jurnalist

— Iqlim o‘zgarishining ayollar hayotiga ta’sirini qanday baholaysiz?

— Iqlim o’zgarishi ayollar hayotiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi, ayniqsa ular tengsizlik va ijtimoiy muammolarga duch kelgan holatda. Iqlim o’zgarishining ayollarga ta’sirini bir necha asosiy nuqtai nazardan ko’rib chiqish mumkin.

Birinchisi, ular iqtisodiy muammolarga duch kelishganda namoyon bo‘ladi. Qurg’oqchilik, suv toshqini va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari ekinlarga zarar yetganda, hosildorlik pasayganda oiladagi zo‘ravonlik holatlari ortadi. Chunki ishdan charchab kelgan er suv yo‘qligi tufayli kir yuvilmasa, ovqat pishirilmasa yoki oziq-ovqat yetishmovchiligi tufayli to‘yib ovqat yemasa birinchi galda alamini bolalari va ayolidan oladi.

Iqlim o‘zgarishi tufayli suv toshqinlari. yer ko‘chish holatlari, sel kelishi holatlari ko‘paymoqda. Bu hodisalar ayollar hayotiga bevosita tahdid solishi mumkin, ayniqsa samarali himoya tizimi mavjud bo’lmagan mamlakatlarda. Birgina Sardoba fojiasini oladigan bo‘lsak, unda ko‘proq ayollar jabr ko‘rgani allaqachon isbotlandi. Chunki ular birinchi galda bolalari va mol-holini o‘ylab ularni qutqarishga shoshilishgan, erkaklar esa birinchi galda o‘z hayotlarini saqlab qolishni o‘ylashgan. Shu bilan birga ayollar birinchi galda havo va suvning ifloslanishi oqibatida turli xil yuqumli kasalliklarga ko‘proq duchor bo‘lishadi.

Ayollar, ayniqsa qishloq joylarida, iqlim o’zgarishiga javob berish uchun ko’pincha ta’lim, moliya va resurslardan foydalanish imkoniyati kamroq. Bu ularning yangi sharoitlarga moslashish va qaror qabul qilishda ishtirok etish qobiliyatini cheklaydi.

Iqlim o’zgarishi sharoitida ayollar ko’pincha oilalar va jamoalar uchun ko‘proq g’amxo’rlik qilishadi. Masalan, ular qishloq joylarida xonadonni suv va yoqilg’i bilan ta’minlashga mas’uldirlar. Bu esa o’zgaruvchan iqlim sharoitlari tufayli yanada qiyinlashadi. Bu ayollardan ta’lim, ish yoki ijtimoiy ishtirok etish uchun ishlatilishi mumkin bo’lgan vaqt va resurslarni o’g’irlaydi.

Shu bilan birga iqlim o’zgarishi mavjud ziddiyatlarni kuchaytirishi va aholining ko’chishiga olib kelishi mumkin. Ayollar, ayniqsa zo’ravonlikni boshdan kechirgan ayollar, ommaviy ko’chirilish holatlarida ko’proq himoyasiz bo’lib qolishlari mumkin, chunki ular ko’pincha zo’ravonlik, ekspluatatsiya va odam savdosi xavfiga duch kelishadi.

BMTTD taklifi bilan olib borgan tadqiqotlarim bevosita iqlim o‘zgarishining gender tengligiga ta’siri to‘g‘risida bo‘lib, natijalarga ko‘ra, qishloq ayollari bevosita ekologik muammolarni hal qilishda qaror qabul qilishda ishtirok etmasliklarini ko‘rsatdi. Shuningdek, 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasi “Ekolog” jamoat birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Jizzax viloyatining “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi bilan birgalikda 2023-yilning aprel’-iyun’ oylarida Jizzax viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqlim o‘zgarishi ta’sirida yuzaga kelgan gender asosidagi zo‘ravonlikni aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovda 16 tuman va Nukus shahridan 123 nafar ayollar ishtirok etishdi. Ulardan 49 nafari nogironligi bo‘lgan xotin-qizlardir. Jizzax viloyatida (12 tuman va Jizzax shahri) 170 nafar xotin-qizlar szrovnomada qatnashib, ularning 36 nafari nogironligi bo‘lgan ayollardir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, 72 foiz, Jizzax viloyatida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 87 foizi iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar oiladagi zo‘ravonlikka ta’sir ko‘rsatishini bildirishdi. Respondentlar “Atrof-muhit muammolari oiladagi zo‘ravonlikka ta’sir qiladimi?”, “Atrof-muhit muammolari tufayli zo‘ravonlikka duch keldingizmi?”, “Ekologik muammolar va oiladagi zo‘ravonlik o‘rtasida bog‘liqlik bormi?”, “Global iqlim o‘zgarishi natijasida haroratning oshishi zo‘ravonlikni keltirib chiqaradimi?, “Havoning ifloslanishi va chang bo‘roni natijasida qanday muammolarga duch kelasiz?”, “Daraxtlarning kesilishi sizga qanday ta’sir qildi?”, “Tuproq sho‘rlanishi natijasida oilangiz qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda? kabi savollarga javob berishdi.

So‘rovnoma natijasiga ko‘ra Nukus (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) va Jizzax shaharlarida davlat, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtirokida “Davra suhbat” lari o‘tkazilib, unda iqlim o‘zgarishining oiladagi zo‘ravonlikka ta’sirini oldini olish bo‘yicha hududga mos tavsiyalar ishlab chiqildi.

Biroq, barcha bu qiyinchiliklarga qaramay, ayollar iqlim o’zgarishini hal qilishda muhim rol o’ynaydi. Ular barqaror qishloq xo‘jaligi, tabiiy resurslarni boshqarish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha yechimlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda. Shuning uchun ayollar iqlim tahdidlariga qarshi kurashda faol bo’lishlari uchun resurslar va kuchlardan foydalanishda teng imkoniyatlarga ega bo’lishini ta’minlash muhimdir.

— Sizningcha, ayollar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq qiyinchiliklarga boshqa guruhlarga qaraganda ko‘proq duch kelishadimi?

Ayollar ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy omillar bilan bog‘liq bir qancha asosiy sabablarga ko’ra iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siriga ko’proq duch kelishadi. Bu sabablar tengsizlik va ayollarning moslashish uchun resurslar va imkoniyatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan sharoitlarda kuchaymoqda.

O‘zbekistonda ayollar iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun yetarli bilim va ko‘nikmalarga ega emalar. Bu ayniqsa qishloq joylarda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ular ko’pincha iqlim o’zgarishiga moslashish uchun zarur bo’lgan yer, moliya, ta’lim yoki texnologiyalardan yetarlicha foydalanishmaydi.

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida shug‘ullaniuvchi aholining aksariyat qismini ayollar tashkil etadi. Iqlim o’zgarishi bilan, qurg’oqchilik, suv toshqinlari va bo’ronlar kabi ekstremal ob-havo hodisalari tez-tez bo‘lib turishi oqibatida ekinlar hosildorligi pasayadi, bu iqtisodiy qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin. Bunday sharoitlarda ayollar va bolalar eng zaif qatlam hisoblanadi, chunki ularning qishloq xo’jaligidagi ishi ko’pincha kam himoyalangan bo‘lib, ular o‘z mehnatlari uchun yetarlicha haq olishmaydi.

Jamiyatimizda ayollar ko‘pincha bolalar, qariyalar va bemorlarga g‘amxo‘rlik qilishadi. Iqlim o‘zgarishi inqirozi sharoitida bunday rollar yanada qiyinlashadi. Ayollar suv, yoqilg‘i va oziq-ovqat bilan ta’minlashda qo‘shimcha yuklarni o‘z zimmalariga oladilar, bu esa ularning kasbiy rivojlanishi yoki jamoat jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlarini cheklaydi.

Iqlim o‘zgarishi sharoitida ayollarning sog‘lig‘i yomonlashishi, turli xil kasalliklarning ko‘payishini kuzatishimiz mumkin. Birgina kovid19 ni bunga misol bo‘la oladi. Suv va havoning ifloslanishi, havo haroratining ko‘tarilishi, tabiiy ofatlarning ko‘payishi diareya, respirator va suv bilan yuqadigan kasalliklarning ko‘payishiga olib keladi, bu ayniqsa ayollar va bolalarga ko‘proq ta’sir qiladi.

Iqlim o‘zgarishi, ayniqsa, qurg‘oqchilik, suv toshqini ko‘proq bo‘ladigan hududlarda iqlim migrantlarining paydo bo‘lishi kuzatilmoqda. Masalan, Orolbo‘yi hududlardan Toshkent viloyatiga suvsizlik tufayli ko‘plab ko‘chib kelgan yurtdoshlarimizni taniyman. Ayollar, ayniqsa zaif sharoitlarda yashayotganlar, migratsiya paytida zo’ravonlik, ekspluatatsiya, jumladan odam savdosi va ijtimoiy mavqeini yo’qotish xavfi ostida qolishadi.

Bir qator madaniy va ijtimoiy kontekstlarda ayollar gender stereotiplari tufayli ularning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini va iqlim o’zgarishi sharoitida o‘z huquqlarini samarali himoya qilish imkoniyatlari cheklanadi.

— Iqlim o‘zgarishi sababli yuzaga keladigan muammolarni yoritishda jurnalistlarning vazifasi qanday bo‘lishi kerak?

— Jurnalistlar iqlim o’zgarishi va uning gender zo’ravonlikka ta’sirini OAVda yoritishlari juda muhimdir. Mazkur mavzu auditoriyaga qiziqarli bo‘lgan turli xil format va janrlarda yoritilishi maqsadga muvofiq. Shu o‘rinda jurnalistlar iqlim o’zgarishini qamrab olishda gender nuqtai nazaridan yoritishlari kerak. Bu avvalo iqlim o‘zgarishining gender zo‘ravonlikka ta’siri, ekologik va texnogen falokatlarda birinchi galda ayollarning jabr ko‘rishi, mqtisodiy taqchillikning yuzaga kelishi, iqlim migratsiyasi, sog‘liqning zaiflashuvi masalalarida ko‘rinadi.

Jurnalist albatta iqlim ofatlari va zo‘ravonlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni va uning salbiy oqibatlarini ko‘rsatishi zarur. Bu ayollar daromad manbalarini yo‘qotib, o‘zlarini va bolalarini ta’minlay olmay qolishlarida, ayollar va bolalar boshpana olish yo‘lida zo‘ravonlik va ekspluatatsiyaga duchor bo‘lishlarida, stress va noaniqlik sharoitida oiladagi zo‘ravonlikning kuchayishida, tabiiy ofatlar va o‘zgaruvchan iqlim sharoitida ayollar duch kelayotgan muammolar, jumladan, insonparvarlik yordami, sog‘liqni saqlash xizmatlari, ijtimoiy va huquqiy himoyadan foydalana olmasliklari haqida bo‘lishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi sharoitida real qahramonlar taqdirlari o‘quvchiga qiziqdir.

Jurnalistlar iqlim o’zgarishi va zo’ravonlikni boshdan kechirgan ayollarning taqdirlarini longrid, storetelling formatlarida berish, kichik videorelslar, videoocherklar tayyorlashi mazkur muammoga ko‘proq e’tiborni jalb qilish imkonini beradi. O‘quvchi va tomoshabinlarning iqlim o’zgarishi nafaqat jismoniy muhitga, balki ijtimoiy tuzilmalar va xavfsizlikka qanday ta’sir qilishini tushunishga yordam beradi. Jurnalistlar nafaqat muammoni tasvirlashlari, balki uni hal qilish yo‘llarini ham ko‘rsatishlari kerak. Bular iqlim o’zgarishi sharoitida gender asosidagi zo’ravonlikni kamaytirish bo’yicha muvaffaqiyatli tashabbuslar misollarini yoki siyosatchilar, insonparvarlik tashkilotlar va mahalliy hokimiyat organlariga gender sezgirligini iqlim o’zgarishi oqibatlarini yumshatish bo’yicha harakatlarga integratsiya qilish bo’yicha tavsiyalarni o’z ichiga olishi mumkin.

Muammoni tushunish va xabardorlikni oshirish uchun iqlim o‘zgarishining gender o‘lchovlari bo’yicha aniq ma’lumotlar va tadqiqotlardan foydalanish muhimdir. Bu zo‘ravonlikning tarqalishi, ayollar migratsiyasi haqidagi statistik ma’lumotlarni, shuningdek, aniq hayotiy misollarni o‘z ichiga oladi.

Shu bilan birga jurnalistlar inklyuziv bo‘lishga intilishi va turli xil ovozlarni, jumladan ayollar, faollar, olimlar va iqlim o‘zgarishi va gender asosidagi zo‘ravonlik bilan shug‘ullanuvchi ekspertlarning fikrlarini materiallarida berishlari muhimdir. Bu muammoni to‘liq auditoriyaga yetkazishga yordam beradi va uni hal qilish uchun yanada samarali yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini beradi.

Yana bir muhim jihat. Aksariyat holatlarda jurnalistlar ayollarning taqdirlarini yoritishayotganda ularni faqat jabrdiyda sifatida ko‘rsatishadi. Bu stereotipli yondoshuvdir. Ularni balki iqlim va ijtimoiy masalalarga ta’sir etuvchi faol ishtirokchilar sifatida ko‘rsatish kerakdir? Ayollar nafaqat qurbonlar, balki iqlim inqiroziga qarshi kurashda faol insonlar ham bo‘lishi mumkin.

Nodira Alimova “Qalb nuri” markazi rahbari.

— Iqlim o‘zgarishi Jizzax viloyatidagi ayollar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?

— Iqlim o‘zgarishi barcha joyda bo‘lgani kabi agrar sohaga ixtisoslashgan Jizzax viloyati ayollari hayotida ham sezilmoqda. Cho‘l hududlar, xususan Mirzacho‘l, Arnasoy, Do‘stlik, Zafarobod singari tumanlarda asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanuvchi aholi o‘rtasida ekin maydonlarini sug‘orish, chorva mollarini boqish muammolari, migratsiya oqimi kuchaygan. Tog‘li hududlar, Baxmal, Zomin, Sh.Rashidov, Forish tumanlarida tez-tez sel kelishi kuzatilmoqda. Havo haroratining qishda o‘ta sovib ketishi va yozda haddan ziyod isishi, chang va bo‘ronlar aholi o‘rtasida turli allergik va boshqa kasallarliklarni ortib borishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda bir ma’lumotga e’tiborni qaratishni joiz deb bilaman, ya’ni markazimiz tomonidan 2023 yilda “Ekolog” Respublika jamoat birlashmasi bilan hamkorlikda iqlim o‘zgarishi ta’siridan kelib chiqadigan gender zo‘ravonlikning oldini olish uchun jamoatchilik xabardorligini oshirishga qaratilgan “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishining gender zo‘ravonligiga ta’sirini kamaytirish” mavzusidagi loyihasi doirasida Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlaridan 170 nafar respondentlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. Ishtirokchilarning 18% shaharda, 82% qishloqda yashaydi.

O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganmisiz, degan savolga respondentlarning 41% “Ha” degan javobni bergan.

Ekologik muammolarning salbiy ta’siri haqida ishtirokchilarning javoblari quyidagicha belgilangan:

“Suv yetishmasligidan supir-sidir, kir yuvish, yuvinish va cho‘milishda qiyinchilik bor” (53 nafar), “Uzoq joydan suv tashib kelish” (26 nafar), “Yozda issiq, qishda sovuq haroratdan asabiylashish” (51 nafar), “Issiqlik energiyasi (gaz yetishmasligi)dan o‘tin, tezak yig‘ishda qiyinchilik bor” (48 nafar), “Hammasi” (3 nafar), “Javobsiz” (31 nafar).

Ekologik muammolar sababli zo‘ravonlikdan jabrlanganmisiz? degan savolga javoblar esa quyidagicha javob berilgan:

“ Suv vaqtida keltirilmaganligi uchun kaltak yeyish yoki tahqirlanish” (77 nafar), “Suv yetishmovchiligidan o‘z vaqtida uy-joy tozalanmaganligi, kir yuvilmagani uchun tahqirlanish” (46 nafar), “Vaqtida yuvinmaslik oqibatida noxush hid chiqishidan tahqirlanish” (47 nafar), “O‘tin, tezak terib kelmaganlik uchun tahqirlanish” (36 nafar), “Haddan ziyod isib ketish yoki sovqotish natijasida qo‘pol muomala qilish yoki tahqirlash” (10 nafar).

Ekologik muammolar bilan oiladagi zo‘ravonlik o‘rtasida bog‘liqlik bormi, savoliga respondentlarning 76 nafari “Ha”, 46 nafari”Yo‘q” va 48 nafari “Bilmayman” deb javob bergan.

Yuqoridagi javoblardan ham bilish mumkinki, iqlim o‘zgarishi oiladagi zo‘ravonliklarga ham jiddiy ta’sir ko‘rsata boshlagan.

— Sizningcha, ushbu muammo boshqa hududlarga nisbatan Jizzax viloyatida qanchalik dolzarb?

— Ushbu muammo mamlakatimizning boshqa hududlariga nisbatan ayniqsa Jizzax viloyatida dolzarbligi shundaki, viloyat hududining bir qismi cho‘l hududida joylashgan bo‘lsa, yana bir qismi tog‘ va adirlardan iborat. Yana shunisi muhimki, hududning kattagina qismida Aydar-Arnasoy ko‘li mavjud. Mazkur ko‘lning yoz oylarida bug‘lanishi, atrofdagi cho‘llanish va tuzlarning ko‘chishi nafaqat tabiatga, balki aholi salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Tog‘ va cho‘l hududlari aholisi o‘rtasida migratsiya oqimi kuchaymoqda.

— Ayollar iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashishda qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda?

— Ma’lumki, ayollar, aholining ijtimoiy zaif qatlamiga kiradi. Har qanday sharoitda ham ayollar o‘z uyida, oilasi va bolalari bilan qolishni o‘zlariga afzal bilishadi. Iqlim o‘zgarishi sharoitida anomal sovuq va anomal issiqlar, suv yetishmasligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi qiyinchiliklar, issiqlik va elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar, ob-havodagi changlanish, bularning barchasi ayollarga oila-turmush doirasida qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda.

— Bu masalada NNTlarning o’rni qanday bo’lishi kerak?

Har qanday davrda va har qanday vaziyatda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli muhimdir. Ayniqsa, bugungi global iqlim o‘zgarishi sharoitida aholining xabardorligini oshirish va bunga moslashish bo‘yicha choralarni ko‘rishda axborot va ma’lumot yetkazishda, aholining, xususan ayollar va bolalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish NNTlardan katta mas’uliyatni talab etadi.

Bu borada ham biz dastlabki qadamlarni boshlaganmiz. Ya’ni qishloq ayollari o‘rtasida tabiiy resurslardan, xususan suvdan oqilona foydalanish, elektr energiyasini isrof qilmaslik, barglarni yondirmaslik, chiqindilarni turlariga ajratish va qayta ishlashga topshirish, muqobil energiya manbalari — quyosh panellaridan, energiya samarador maishiy texnikalardan foydalanish kabi tavsiyalar beruvchi trening va targ‘ibot tadbirlarini ayollar va yoshlar o‘rtasida olib bormoqdamiz. Bundan tashqari iqlim o‘zgarishiga moslashishni targ‘ib qilish maqsadida mavjud infratuzilmani o‘zgartirish, energiya samarador uy-joylar qurish, iqlim sharoitiga mos qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish va yetishtirishni tavsiya qiluvchi treninglar o‘tishni boshlaganmiz.

Surat muallifi: Xolida Musulmon

Agar siz ham hayotingizda turli xil taziyqlarga uchrayotgan bo’lsangiz Respublika va viloyatlar kesimida ayollarga yordam beradigan quyidagi tashkilot va markazlarning raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin:

  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, ayollar maslahat markazi — (361) 222−72−05
    2. Andijon viloyati, ayollar maslahat markazi — (374) 223−25−60
    3. Buxoro viloyati, «Oydin nur» ijtimoiy markazi — (365) 224−11−33, 224−65−11
    4. Jizzax viloyati, «Qalb nuri» ijtimoiy markazi (372) 226−52−62
    5. Qashqadaryo viloyati, «Qalb mehri» ijtimoiy markazi — (375) 225−10−25
    6. Navoiy viloyati, ayollar maslahat markazi — (436) 220−11−58
    7. Namangan viloyati, ayollar maslahat markazi (369) 227−09−74
    8. Samarqand viloyati, «Rozilik» ijtimoiy markazi — (366) 233−19−44
    9. Sirdaryo viloyati, ayollar salomatligi va go‘zalligi ijtimoiy-huquqiy reabilitatsiya markazi — (367) 225−00−87
    10. Surxondaryo viloyati, ayollar maslahat markazi — (90) 746−07−64
    11. Farg‘ona viloyati, ayollar maslahat markazi — (373) 244−05−10
    12. Toshkent viloyati, ayollar maslahat markazi — (371) 232−80−75
    13. Toshkent shahri, ishonch maslahat markazi — (371) 233−47−59.

Davron Ergashev