Tadbirkorlar bloger Shuhrat Shonani yollab, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-noyabrdagi “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 736-son qarorini bekor qilishni talab qilib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga kelishgan. Mazkur Qaror 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradi. Yollangan bloger xususiy tadbirkorlar qoʻlidan Oʻzbekiston hududiga olib kirishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar, sudralib yuruvchilar, hasharotlar va qushlarning olib qoʻyilishi xususiy hayvonot bogʻlari va shapitolar faoliyatiga chek qoʻyishi oqibatida mazkur xususiy tashkilotlarda ishlaydiganlar ishsiz qolishi, bolalar esa sirkka hayvonlar bo‘lmasa bormay qo‘yishini aytgan (https://www.youtube.com/watch?v=ZpgoGwOOAcc) .
Tadbirkorlar hayvonlarga ozor bermay,tabiatga zarar yetkazmay boshqa ish bilan shug‘ullansa ham oilasini boqadi. Bunning uchun O‘zbekistonda aynan tadbirkorlarga ko‘plab sharoitlar yaratilgan. Telegram kanalimizning eklgz_botiga xususiy hayvonot bog’lari, xususiy sirk tomoshalari qo‘yuvchilar ustidan ko‘plab shikoyatlar keladi. Shikoyatlar asosan hayvonlarning o‘ta abgor, yarim och, tor qafaslarda holatda saqlanishi, ularni davolashmasligi, hayvon o‘rgatuvchilar ularni qiynab tomosha ko‘rsatishi haqida tomoshabinlardan ko’plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ular hayvonlarni qiynashni bas qilishni, bunday hayvonot bog‘i va tomoshalarga borgan bolalarning hayvonlarni ahvolini ko‘rib ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, hayvon va qushlarga ana shunday shafqatsiz munosabatda bo‘lish kerakligi haqidagi tasavvurlarni shakllantirishini yozishadi (https://t.me/ekologuzru/5328)
Tomoshabinlarning murojaati tufayli Navoi shahridagi xususiy hayvonot bog‘i yopilgan, unda omon qolgan, ammo yoppasiga kasal ahvoldagi hayvonlar Toshkent shahar hayvonot bog‘iga ko‘chirilgan edi. 17-dekabr kuni tahminan soat 05:00da Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Fayziobod mahallasi (Krasnogorsk) hududida joylashgan “Wild Life” MChJga qarashli “Lion Park” xususiy hayvonot bog‘ida fojiali voqea sodir bo‘lib, uchta afrika sherlari qafasdan chiqib, 44 yoshli qorovulni g‘ajiganligi, natijada bir inson vafot etganligi bunga yorqin misol. Mazkur voqea yana bir bor Vazirlar Mahkamasining qarori to‘g‘riligini va o‘z vaqtida qabul qilinganligini isbotladi. Chunki 2024 yilning yozida mazkur hayvonot bog‘iga borganimizda halok bo‘lgan qorovulning o‘zi bog‘dagi sherlar 2 kunda 1 marta ovqatlantirilishini aytgan edi. To‘q yirtqich hayvon hech qachon odam go‘shtini yemaydi. Sherlarning qorovulga tashlanib, uni g‘ajishi ularning ochligini bildiradi!!! Sirklarga kelsak, bugungi kunda barcha o’zini hurmat qiladigan jahon sirklari asta-sekin yovvoyi hayvonlardan foydalanishdan voz kechib, gologrammalarga o’tishmoqda (https://www.youtube.com/watch?v=2ZCB4x_d-JE) . Xabarlarga ko’ra, bunday tomoshalarga tashrif buyuruvchilar ko’proq va kattalar ham, bolalar ham bu tomoshalardan mamnun. “Ekolog” NNT Vazirlar Mahkamasining 736-sonli qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.
Zero, O‘zbekistonda ham yovvoyi hayvonlarning jismoniy shaxslar tomonidan daromad olish maqsadida ekspluatatsiya qilinishiga chek qo‘yish va bu sohani tartibga solish vaqti keldi.
Nargis Qosimova