Jizzax viloyati Forish tumani Uxum qishlog‘i 800 ta xonadon 2000 nafardan ziyod aholi yashaydigan qishloqdan chiqindi olib ketilmaydi. Atrofdagi Eski Forish, Mojurum, Asrof, Andagen, Safar ota, Ishma qishloqlarida ham ahvol shu. Jami boshqa qishloqlarni ham olganda bu yerda 10 ming nafardan ziyod aholi yashaydi.
Qishloqlardan chiqayotgan turli chiqindilar atrof-muhitni ifloslantirmoqda. Qishloq aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullansada, bu yerdagi mavjud petrogliflar, 2000 yillik mojurum archasi, so‘lim tabiati, Nurota qo‘riqxonasi pitomnigida boqilayotgan Seversov qo‘yi uchun kelayotgan sayyohlar soni ko‘payib, so‘nggi yillarda mazkur hududda turizm rivojlanmoqda. Ulatrning ichida xorijlik sayyohlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular tabiat va uning ne’matlaridan zavqlanish bilan birgalikda, atrofdagi chiqindilardan ko‘ngli xira bo‘lmoqda.
Aholi o‘zidan chiqayotgan organik chiqindini molga bersada, plastik, shisha, sellofan paket, qog‘ozlar, qurilish materiallarining yonuvchi qismini yoqishga harakat qiladi yoki soy bo‘yi, daralarga tashlab ketadi, kimdir esa uyining orqasidan o‘ra qazib, uni ko‘mishga harakat qiladi. Shunga qaramay, ayniqsa suv yo‘li, aynan dam oluvchilar keladigan soy bo‘yida chiqindilar ko‘paymoqda.
Jizzax vildoyati hamda Forish tumani xokimliklari mazkur muammoga e’tibor qaratishsa yaxshi bo‘lar edi. Plastik va boshqa qurilish chiqindilarini yuz yillab chirimasligini inobatga olsak, yaqin kelajakda Jizzax viloyatining so‘lim go‘shalaridan biri chiqindixonaga aylanishi hech gap emas!