«Yuksalish» harakati ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirgan holda, Toshkentning uchta tumani — Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yashnobodda daraxt ekish tadbirlarini tashkil etdi.
2019-yilda boshlangan «Bir million daraxt» aksiyasi O‘zbekistonda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.
Loyiha «Avtomatlashtirilgan transport to‘lov tizimi оperatori» (ATTO) AJ va «Plum Technologies» AJ bilan hamkorlik memorandumlari imzolash natijasida amalga oshirildi. Ushbu kompaniyalar shaharda yashil hududlar yaratish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatni targ‘ib qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.
«Bir million daraxt» aksiyasi doirasida ijtimoiy obyektlar hududiga alohida e’tibor qaratildi. Buning uchun uchta tibbiyot muassasasi tanlandi:
- Akademik Y. X. Turakulov nomidagi Endokrinologiya Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazining Toshkent shahar filiali;
- Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi;
- Respublika bolalar ftiziatriya va tayanch-harakat tizimi kasalliklarini reabilitatsiya qilish markazi.
Ko‘chatlar iqlim sharoiti va muassasa vakillarining istaklarini hisobga olgan holda tanlab olindi.
Endokrinologiya markazida mevali daraxtlar, teraklar va manzarali tutlar ekilib, nafaqat soya berishi, balki bemorlar uchun qulay muhit yaratishi ko‘zda tutildi. Gematologiya markazida skameykalar o‘rnatilib, archa, lavanda va turli butalar ekildi, bu esa mikroiqlimni yaxshilash bilan birga tashrif buyuruvchilar kayfiyatiga ham ta’sir qiladi. Bolalar ftiziatriya va reabilitatsiya markazida Qrim qarag‘ayi ekilib, u havo sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Aksiya doirasida daraxtlarning yaxshi ko‘karishi uchun ildiz tizimini mustahkamlovchi organik o‘g‘it — biogumusdan foydalanilmoqda. Ko‘chatlarga keyinchalik g‘amxo‘rlik qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan — ijtimoiy obyektlar hududida sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilib, o‘simliklarning rivojlanishini kuzatib boruvchi mas’ul mutaxassislar tayinlanadi.
— Biz yashil hududlar shaharning ajralmas qismiga aylanishini va tabiatga g‘amxo‘rlik har bir inson uchun odatga aylanishini istaymiz, — deydi «Yuksalish» harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi Bobur Bekmurodov. — Bizning sa’y-harakatlarimiz ijtimoiy obyektlar — shifoxonalar, reabilitatsiya markazlariga qaratilgan, chunki bu joylarda toza havo, ayniqsa, qadrlanadi. Ko‘chat ekish — bu faqat birinchi qadam. Ularni to‘g‘ri parvarish qilish ham muhim. Umid qilamizki, ushbu loyiha barchaga namuna bo‘ladi va shahar aholisini tashabbuslarimizga qo‘shilishga chaqiramiz. Birgalikda Toshkentni bundan ham obod va chiroyli qilishimiz mumkin!
— Biz har doim kelajak haqida o‘ylaymiz va bu kelajak farzandlarimizniki. Ekologik aksiyalarda ishtirok etish bizning qadriyatlarimizni hayotga tatbiq etish imkonini beradi, bolalar tibbiyot markazlarini yanada yashil va ekologik toza qilishga yordam beradi. Biz ekayotgan har bir daraxt umid va g‘amxo‘rlik timsolidir, ular kichik bemorlar uchun qulay muhit yaratadi. Bolalarimiz tabiat bag‘rida, xotirjam va umid bilan sog‘ayishini istaymiz, — deydi ATTO ijrochi direktori Davron Shoyokubov.
— Plum Technologies jamoasi uchun «Bir million daraxt» aksiyasida ishtirok etish, avvalo, bolalarimiz va ularning salomatligi haqida g‘amxo‘rlik qilishdir. Biz bolalar tibbiyot markazlari hududlarini ko‘kalamzorlashtirishga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz. Bugun ekayotgan daraxtlarimiz nafaqat hududni bezaydi, balki kichik bemorlar kayfiyatini ko‘tarib, yaratadi, ularning tezroq sog‘ayishiga yordam beradi, — deydi Plum Technologies ijrochi direktori Erkin Hidoyatov.
«Bir million daraxt» aksiyasi doirasida «Qahramonlar davri» ijtimoiy eko-loyiha ham tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, kelajak avlodlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidlamoqda.
Ekologik mas’uliyat — jamiyat salomatligi va tabiiy boyliklarni asrashga bo‘lgan e’tibor demakdir. «Yuksalish» harakati barcha befarq bo‘lmagan fuqarolarni ekologik tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga va O‘zbekistonning yashil kelajagiga hissa qo‘shishga chorlaydi.