Ekoturizmdan tabiatga zarar yetkazmang

Ekoturizmdan tabiatga zarar yetkazmang

O‘tgan asrning oxirlaridan boshlab jahon turizmi industriyasiga asta-sekin ekoturizm kirib kela boshladi.

O‘zbekistonda ekoturizmni rivojlantirish uchun barcha sharoit yetarli. Ammo bu tabiatimizga yanada ziyon keltirmayaptimi? Ekoturizm rivojlangach, faqatgina daromad orqasidan quvib, o‘ziga xos tabiiy go‘shalar toptalmayaptimi?

–Jahon turistik xizmat bozorida O‘zbekistonning ekoturistik salohiyati, tabiiy potensiali va resurslarini namoyish qiladi, hududlarning, ayniqsa tabiatning, geotizimlarning ekoturistik resurslari va imkoniyatlarinidan yanada samarali foydalanishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar olib borishni rag‘batlantirishi mumkin, O‘zbekistonda joriy etilgan turistik faoliyatda ekoturistik xizmatlar sifatini tubdan takomillashtirish va ekoturistik xizmatlar hajmini jadal oshirish imkoni paydo bo‘ladi.Ekoturlar, tog‘ bag‘irlariga sayohat, cho‘l hududlardagi tuyadagi sayr, nafaqat O‘zbekiston, balki butun dunyo turistlarining e’tiborini tortayotir,- deydi jurnalist-ekolog Nargis Qosimova.

Ekspertimiz so‘zlariga ko‘ra, turistik marshrutlar o‘tkazilgan hududlardagi ahvol yaxshi emas. Masalan Navoiy viloyati Qizilqum cho‘lidagi Tosho‘rmon sayyohlarning betartib borishi, toshlarning olib ketilishi natijasida dunyodagi 3 tadan biri bo‘lgan noyob, qadimiy toshga aylangan daraxt qoldiqlari kamayib bormoqda. Bu boradagi nazorat esa o‘ta sust. Yoki Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanidagi noyob qadimgi artefaktlar, ibtidoiy odamlar chizilgan suratlar toshning mahalliy aholi va sayyohlar tomonidan bo‘laklanishi oqibatida yo‘qolib bormoqda. Zarafshon qo‘riqxonasining Milliy tabiat bog‘iga aylantirib, tadbirkorlarga ekoturizmni rivojlantirish uchun ajratilgan yerlardagi qurilishlar oqibatida Zarafshonning noyob tabiatiga tiklab bo‘lmas zarar yetkazildi. Zomin milliy tabiat bog‘ida nazoratning deyarli yo‘qligi bois ayniqsa, yozda soy bo‘yi chiqindilarga to‘lib ketadi, dam oluvchilar noyob, aksariyat holatda “Qizil Kitob”ga kiritilgan o‘simliklarni, archa shoxlarini yulib ketishadi. Zominda dam oluvchilar tomonidan ehtiyotsizlik bilan o‘chirilmagan gulxandan yonib kul bo‘lgan salkam 80 gektar o‘rmonning tovonini kim to‘laydi?- deydi kuyunib Nargis Qosimova

– Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda ekoturizmni rivojlantirish uchun sayyohlarni, tadbirkorlarni nazorat qilish, tabiatni asrash, huquqbuzarlarni xoh u xorij fuqarosi bo‘lsin, hox O‘zbekiston fuqarosi bo‘lsin javobgarlikka tortish chora-tadbirlarini ishlab chiqish lozim,–deydi ekspert.