Bo‘z echkiemar, kam sonli noyob jonivor. Bugun uni Ustyurt kengliklarida umuman ko‘rmaymiz, chunki inson ta’qibi va iqlim o‘zgarishi oqibatida ular butunlay yo‘q bo‘lib ketishdi. O‘tgan asrning 70-yillarigacha bo‘z echkiemarlarni aholi yashash joylarida tez-tez uchratish mumkin bo‘lgan. Biroq so‘nggi yillarda mazkur turning soni kamayib ketdi. Xo‘sh, bunga qanday omillar sabab bo‘lyapti?
Bugungi kunda O‘zbekistonda sudralib yuruvchilarning 64 turi yashaydi. Shulardan biri bo’z echkiemardir. Sudralib yuruvchilarning 21 (33,9%) tasi kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya institutining kichik ilmiy xodimi, gerpetolog Temur Abduraupovning fikricha, so‘nggi yillarda sudralib yuruvchilarning yashash hududlariga insonning kirib borishi, qurilishlarning avj olishi, yerlarning o‘zlashtirilishi, echkiemarlar oldidagi asossiz qo‘rquv, turli kasalliklarga da’vo sifatida tutish va yeyish ularning O‘zbekiston “Qizil kitob”ga kiritilishiga sabab bo‘lgan.
Echkiemarlarni qora bozorda go‘shti saratonga da’vo deb sotish va tabiatda ularning qo‘riqlash choralari yetarli darajada emasligi, huquqiy nazoratning zaifligi bo‘z echkemarlarining noqonuniy ovlanishiga, ularning kamayishiga olib kelmoqda. Zoologiya instituti tomonidan echkiemar go‘shti tekshirib ko‘rilganda, tarkibi oddiy tovuq go‘shtidan deyarli farq qilmasligi aniqlangan. Ammo sudralib yuruvchilarning asosiy ozuqasi kemiruvchilar bo‘lganligi sababli ularning go‘shtidagi aminokislotalar o‘zgachadir va toksikdir.
“Parranda, mol, qo‘y va echki go‘shtini yeb yurgan inson birdaniga tabiblar tavsiyasi bilan echkiemar go‘shtini yesa tanaga kirgan o‘zga go‘sht to‘qimalar va hujayralarga qarshi kurasha boshlaydi, оdamning isitmasi chiqadi. Amaliyotda biror insonning echkiemar go‘shti bilan davolanib, sog‘ayib ketgani bo‘yicha aniq fakt yo‘q”,- deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor-onkolog Olim Imomov
Go’shti davoligi aytilib, noto’g’ri ma’lumot tarqatiladigan sudralib yuruvchilarning qora bozorida terisi uchun o’ldirilib sotilishi holatlari ham anchagina. Mazkur qora bozorlar echkiemarlarning yashash hududlari, asosan Farg‘ona, Namangan, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlarida mavjud bo‘lib, asosan Farg‘ona, Namangan, Qashqadaryo viloyatlarining aholisi uni soxta tabiblarning yolg‘oniga ishonib, ko‘plab iste’mol qilgani bois, qolgan hududlardan echkiemarlar ularga yetkazib beriladi. Namangan viloyati Pop tumanida ismini oshkor etilishini istamagan mahalla raisi tumanda echkiemarlar ochiq sotilishi, bir dona tirik echkiemarning narxi bozorda talabga qarab 5 mln. so‘mdan 10 mln. so‘mgacha turishini aytdi. Sudralib yuruvchilar alohida “qora ovchilarga buyurtma berilib, olib keltiriladi. Bevosita o‘zlarini echkiemar go‘shti bilan davolaydigan tabib sifatida reklama qiluvchilar, aksariyat holatda bemorga o‘zlaridagi mavjud echkiemar go‘shtini sotib olishni tavsiya etishadi. Xuddi shunday holatni Andijon viloyati Asaka tumanida, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida, Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanlarida ko‘rish mumkin.
Misol uchun, Qashqadaryo viloyati Dexqonobod tumanida 43 ta echkiemarni o‘ldirib, terisini shilgan brakonerga Dexqonobod tuman suddi qaroriga asosan 141 mln 900 ming so‘m zararni undirish va 3 yil ozodlikdan cheklash jazosi qo’llanilgan. Aybdor “Kasbi” MFY, Obod mahalla ko‘chasida yashovchi fuqaro M.I. yashash xonadonida O‘zbekiston Qizil kitobi hamda CITES Konvensiyasining 1-ilovasiga kiritilgan bo‘z echkiemarlarni tutqunlikda saqlab, ularni nobud qilgan. Tezkor tadbirda 20 ta echkiemarning tutqunlikda saqlanayotgani va 43 ta echkiemar esa o‘ldirilib, terisi shilib olingani o’rganilgan. Tirik qolgan 20 ta bo‘z echkemar o‘zining yashash muhiti bo‘lgan Muborak tumanidagi cho‘l hududlariga qo‘yib yuborilgan. I.Mdan daliliy ashyo sifatida olingan 38 ta bo‘z echkiemar terilari tegishli tartibda sindirish, bo‘laklash, yoqish va suvga bo‘ktirish yo‘li bilan yo‘q qilingan.
Shunday holatlardan yana biri 2024-yil 26-iyun kuni Surxondaryo viloyati Sho’rchi tumani «Ozod» mahallasi hududida yashovchi ikki nafar voyaga yetmagan shaxslar tomonidan amalga oshirilib, shu mahalla hududida mol boqib yurgan yurgan yigitlar adirlikda echkiemarni ko’rib uni vahshiylarcha o’ldirishadi. Vahshiylikni amalga oshirgan yigitlar voyaga yetmaganligi sababli ularning ota-onalari javobgarlikka tortiladi.
Ma’lumot o’rnida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-dekabrdagi 649-sonli qarori ilovasiga asosan bo’z echkemarni nobud qilganlik uchun hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 34 million so’mni tashkil etadi. Biz keltirib o’tgan ushbu ma’lumotga ega bo’lmagan Qashqadaryo viloyati «Balxiyak» MFY hududida yashovchi fuqaro A.Q. esa o’z xonadonida 9 ta bo’z echkiemarini noqonuniy ovlab, yashirib kelgani uchun 51 480 000 so’m miqdorida jarimaga tortiladi.
Echkemarlar 6 tadan 38 tagacha tuxum qo‘ygani bilan ularning 30 foizi ochib chiqmaydi. Kichik echkemarchalar asosan chigirtka, chayon bilan oziqlanadi, ammo ularning g‘animlari ko‘p. Yovvoyi hayvon va qushlarga katta qismi yem bo‘ladi. 3-yilda jinsiy voyaga atigi 5-10%gina yetadi. Shu sabab “Qizil kitob”ga kiritilganiga 30-yildan oshganiga qaramay ularning soni teng yarmiga kamaydi. Echkiemarlar bilan bog’liq salbiy holatlar yetarlicha, ammo ularni qutqarib qolish bilan bog’liq ijobiy holatlar uchrab turishini bildirmoqchimiz.
Ma’lumotlarga ko’ra, 2021-yil 11-iyun kuni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani “Cho‘michli” MFYda yashovchi fuqaro N.M. xonadonida sotish uchun bir dona echkemar saqlayotganligi aniqlanib, ekologiya boshqarmasi inspektorlari tomonidan ochiq tabiatga qo’yib yuboriladi. 2022-yil 9-iyun kuni Jizzax shahri Sh.Rashidov ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqarodan kelib tushgan og‘zaki murojaatga ko‘ra, fuqaro o‘z uyi hovlisida echkiemarni tutib olganligi haqida bayon qiladi, fuqaroning xonadoniga kelib qolgan jonivor o’sha kunning o’zidayoq ochiq tabiatga qo’yib yuboriladi.
O‘zbekiston tabiiy boyliklarga boy mamlakat bo‘lib, uning fauna va flora dunyosi rang-barang va noyobdir. Afsuski, ushbu boyliklar insoniyatning zararli faoliyatlari tufayli xavf ostida. Bo‘z echkemarlarning yashash hududlarining o‘zlashtirilishi, noqonuniy ovlanishi, xurofiy qarashlar tufayli asossiz o‘ldirilishi O‘zbekistonning tabiiy boyliklari va ekologik barqarorligiga jiddiy zarar yetkazadi. Ushbu muammoni hal qilish uchun keng qamrovli va kompleks yondashuv zarur. Echkiemarlarning tabiiy yashash hududlarini davlat muhofazasiga olish va ularni qo‘riqlash choralarini kuchaytirish, aholinining echkiemarlarning foydasi, xurofiy va yolg‘on qarashlarning asossizligi haqidagi xabardorligini oshirish, iqtisodiy rag‘batlantirish va huquqiy choralarning amalga oshirilishi O’zbekistonda tobora yo’qolib borayotgan bo‘z echkemarlarning populyatsiyasini saqlab qolish va ularni kelgusi avlodlarga yetkazish imkonini beradi.
Feruzbek Sayfullayev