Daraxt kesgan fuqaro jarimaga tortilib, 100 tup ko’chat ekish majburiyatini oldi

Daraxt kesgan fuqaro jarimaga tortilib, 100 tup ko’chat ekish majburiyatini oldi

Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi boshqarmasiga Sergeli tumani, Sergeli 7-mavzesida daraxtga shikast yetkazilayotganligi haqida murojaat kelib tushdi.

Murojaat joyiga chiqib o’rganilganida “Madadkor” MFYda fuqaro Y.U. tomonidan 1 ta daraxt kesilib, o’sishdan to’xtash darajasida shikast yetkazilgani ma’lum bo’ldi. Natijada tabiatga 8 million 840 ming so’m zarar yetkazilgan.

Huquqbuzarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Y.U.ga bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari – 8 million 500 ming so’m jarima belgilandi. Huquqbuzar jami 17 million 340 ming so’m tovon to’laydigan bo’ldi. 

Shuningdek, unga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 464-son qaroriga asosan kesilgan daraxt uchun kompensatsiya tarzida 100 tup ko’chat ekish majburiyati yuklatildi.

Bu haqida Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi axborot xizmati rahbari xabar berdi.