24–26-sentabr kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida O‘zbekistonda sanoat chiqindixonalari xavfsizligi va suvning favqulodda ifloslanishining oldini olish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uch kunlik o‘quv seminari BMT YeIKning (Yevropa iqtisodiy komissiyasi) Transchegaraviy ta’sirlar to‘g‘risidagi konvensiyasining “O‘zbekistonda suv ta’minoti, kanalizatsiya va suv resurslarini iqlim o‘zgarishi sharoitida favqulodda ifloslanishdan himoya qilish sohasidagi faoliyatni kuchaytirish” loyihasi doirasida Ekologiya, atrof-muhit va iqlim o’zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) moliyaviy ko’magida tashkil etildi.
Tadbirda BMT YeIK, Ekologiya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
«Sanoat chiqindilari saqlanadigan hududlar ham boshqa ko‘plab obyektlar qatori ularning xavfsiz ishlashini ta’minlash uchun alohida e’tibor va birgalikdagi sa’y-harakatlarni talab qiladi. Shuning uchun xatarlarni minimallashtirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik ofatlarning oldini olishga harakat qilishimiz kerak», – dedi Ekologiya vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov.
Tadbir davomida ishtirokchilar ishchi guruhning texnik topshiriqlari va tarkibi bilan tanishishdi, 2024–2025 yillarga mo‘ljallangan ish rejasini kelishib olishdi, sanoat chiqindilarini saqlash joylari xavfsizligini ta’minlash va suvning favqulodda ifloslanishining oldini olish sohasidagi dolzarb masalalar va zarur chora-tadbirlarni ko’rib chiqishdi hamda Konvensiyaga qo‘shilish bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqish bo‘yicha kelgusi rejalarni muhokama qilishdi.
«Iqlim o’zgarishi ta’siriga guvoh bo’lganimiz sababli, loyiha iqlim o’zgarishining sanoat chiqindixonalari kabi obyektlarga ta’sirini baholash va tahlil qilishga, shuningdek, iqlim o’zgarishining suv resurslariga ta’siri va javob choralarini ishlab chiqishga qaratiladi», — dedi BMT YeIKning atrof-muhit bo’yicha mintaqaviy maslahatchisi Sarango Radinaragachaa.
Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilar uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga qarashli 2-sonli sanoat chiqindixonasi hududida baholash metodologiyasini qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
«Ushbu treningni Yevropa standartlari va xavfsizlik qoidalariga asoslangan sanoat chiqindilarini saqlash joylarining xavfsizlik darajasini baholash usullarini qo‘llashni o‘rgatish maqsadida tashkil etdik. Mazkur metodologiya BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi loyihasi doirasida ishlab chiqilgan. Trening natijalariga ko‘ra, biz ushbu sanoat chiqindilarini saqlash inshootining natijalarini baholashni shakllantiramiz va uning Yevropa xavfsizlik talablariga qanchalik javob berishini baholaymiz”, — dedi BMT YeIK maslahatchisi Irina Nikolayeva.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda 41 ta sanoat chiqindixonasi mavjud bo‘lib, ulardan 10 tasi transchegaraviy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ishchi guruh O‘zbekistonga tog‘-kon sanoati sohasida milliy boshqaruvni mustahkamlash imkonini beradi, 2030-yilgacha mamlakatning ekologik maqsadlariga erishishga hissa qo‘shadi va BMT YeIKning Sanoatdagi baxtsiz hodisalar to’g’risidagi konvensiyasiga qo‘shilish ustida ish olib boradi.