Aziz Abduhakimov: “Professional mutaxassislar kam”

Aziz Abduhakimov: “Professional mutaxassislar kam”

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bilan suhbat.

— Aziz Abduqahhorovich, Siz 2022 yil 30 dekabrdan hozirgi Ekologiya vazirligiga rahbar etib tayinlandingiz. Undan oldingi faoliyatingizga nazar tashlasak, iqtisodiy-moliya sohasida katta natijalarga erishgansiz. Bilamizki, iqtisodning asosida daromad olish yotadi. Buni siz Ekologiyaga kelishingizdan oldin turizm sohasida namoyon eta bildingiz. Hozirda ko‘pchilik tabiatga daromad manbai sifatida qaraydi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Ikkita eko, ya’ni ekologiya va ekonomika qay darajada bir-biri bilan chiqisha oladi?

— O‘zbekistonda tabiatga daromad manbai sifatida qaralib, aksariyat holatda uni muhofaza qilish ham shaxsiy boylik orttirishga aylanib ketmoqda. Ekologiya vaziri bo‘lganimdan buyon bu yerda ko‘p achinarli holatlarga duch keldim. Inson hayotini tabiatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi, bu yerda men bir tomonlama yondashuvga qarshiman. Aslida, tabiatga moddiy manfaatni qondiruvchi vosita sifatida emas, hayotimizning muhim bir qismi, yashashimizni ta’minlab berayotgan bir maskan sifatida qarashimiz lozim. Odamzot tabiatga zarar keltirmay, u bilan hayotini uyg‘unlikda qurish haqida o‘ylashi kerak.

O‘zingizga ma’lum, yurtimiz aholisi soni yildan yilga shiddat bilan oshib bormoqda. Bu esa ularning barchasini oziq-ovqat bilan ta’minlashni, ya’ni qishloq xo‘jaligini rivojlantirishni taqozo etadi. Tabiiyki, bu jarayonda atrof-muhitga zarar yetadi. Demak, uyg‘unlik, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishni aynan shu sohadan boshlashimiz talab etiladi.
Shu o‘rinda “Nima uchun bunday holatga kelib qoldik?” degan savol tug‘iladi. Avvalo, “ekoturizm” tushunchasini aksariyat odamlar noto‘g‘ri tushunishadi. Masalan, ayrim tadbirkorlar ekoturizm deganda o‘rmonlarni yo‘q qilib, tabiatga zarar yetkazgan holda o‘zining 10 ta budkasini qo‘yish, u yerda ovqat pishirib, musiqani balandlatib dam olishni tushunadi. U bu ishi tabiatga, yovvoyi hayvonlarga salbiy ta’sir qilishini o‘ylab ham ko‘rmaydi. Hatto ayrim muhofaza hududlarining qo‘riqchilari ham shaxsiy manfaatini o‘ylab, tabiatga zarar keltiradi. Umuman olganda, ko‘pchiligimizda ekologik madaniyat, ijtimoiy mas’uliyat yo‘qligi uchun bugun bu borada ko‘plab muammolarga duch kelyapmiz.

Ekologiya mas’ullari yuqoridagi kabi qonun buzilishi holatlariga befarq qarab kelgan. Natijada muammolar ko‘lami kengayib boravergan. Biroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tashkil topganidan keyin bu yo‘nalishda sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. Avvalo, davlatimiz rahbari o‘z chiqishlarida ekologik muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratdilar. Hukumat tomonidan sohani rivojlantirishga oid qonun va hujjatlar qabul qilinmoqda. Vazirlik tomonidan turli ekologik huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni o‘z vaqtida bartaraf etish va xodimlar malakasini oshirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Ekoinspektorlarning samarali faoliyat yuritishi uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda, ular ham o‘z navbatida tabiatdan daromad ko‘rishni emas, balki uni asrash kerakligini tushuna boshlashdi. Shunday ekan, bugunga kelib iqtisodiyot va ekologiyani uyg‘unlashtirish eng muhim vazifalardan biri ekanini anglay boshladi.

— 2021 yili noyabr’ oyida ekoturizmni rivojlantirish uchun yer ajratish masalasi qay darajada haqqoniyligini bilish maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumani o‘rmon xo‘jaligi tasarrufidagi yerlardan joy olish uchun Baxmal davlat o‘rmon xo‘jaligi o‘rmon kadastri mutaxassisi Zafar Rahmatullaevga barcha hujjatlarni topshirdim. Uzoq ovoragarchiliklardan so‘ng 2022 yil iyun’ oyida 500 ming so‘m davlat bojini to‘lab, ijara_urmon.uz saytidan registratsiyadan o‘tdim. Ammo 2023 aprelda Z.Rahmatullaev “Erlar auksion orqali sotildi, sizni topishning iloji bo‘lmadi, sizning nomingizdan bizning xodimlar o‘ynadi va yutqazishdi” deb javob berdi. Bundan ko‘rinib turibdiki, yer ajratish masalasida ham juda katta korrupsion o‘yinlar bo‘lmoqda, to‘g‘rimi?

— Mazkur tizimda muammolar yetarlicha. Sohada korrupsiya borligini inkor etib bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, ta’kidlash lozimki, vazirlik tashkil topganidan keyin korrupsion holatlarga qarshi keskin choralar ko‘rilmoqda. Oldingi ruxsatnomalarni bekor qilish haqida topshiriq berdik. Vaziyat qat’iy nazoratga olindi. Bundan keyin aybdorlar, albatta, qonun oldida javob beradi.

Ayni paytda ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha muammolar talaygina. Ekoturizm mahalliy aholining faol ijtimoiy-iqtisodiy ishtirokini va mazkur faoliyat turidan daromad olishini ta’minlaydi. Ammo bunday hududlar ko‘pincha qo‘riqxonalar, biosfera rezervatlari yoki ularga yaqin joylardan tashkil topgan. Ular tarkibida yo‘qolib borayotgan hayvonlar va o‘simliklarning o‘nlab yoki yuzlab turlari mavjud. Ushbu hududlar qonun himoyasida va odatda nafaqat ommaviy kirish mumkin emas, balki qo‘riqxona xodimlari va olimlardan boshqa kishilarning kirishi uchun ham yopiq hisoblanadi. Zero ushbu hududlarga kiruvchilar oqimining ko‘payishi insonning tabiatga qo‘pol aralashuvi bo‘lib qoladi. Bu qo‘riqlanayotgan hududlarning ifloslanishiga olib kelishi, ulardagi ekotizim yaxlitligiga tahdid solishi mumkin.

Bugungi kunda ekoturizm ob’ektlarining barchasiga qator talablar qo‘yilmoqda, chunki havo haroratining ko‘tarilishi, kunlar isishi natijasida har yili yozda odamlar shahardan salqin joyga, asosan, toqqa borishadi. Bu esa bizdan ekoturizm ob’ektlarida “piknik” zonalari, ekosayyohlik yo‘laklarini yaratish, ekohududlarga borish uchun poezdlar qo‘yish, “kanatka”lar o‘rnatish va boshqa qulayliklar yaratishni talab qiladi.

Ta’kidlash joizki, ekologik madaniyatni bolalikdan, maktabdan, bog‘chadan shakllantirish lozim. Masalan, Janubiy Koreya, Yaponiya aholisi bizdan to‘rt karra ko‘proq va ularda ekoturizm juda yaxshi rivojlangan. Minglab odamlar toqqa dam olgani chiqadi, lekin tog‘lar top-toza, logistikasi ham zo‘r. O‘zim Yaponiyada tahsil olganman va biz turizm ob’ektlariga ko‘p chiqardik. Borganingizdan nazoratchilar qo‘lingizga chek berib, qanday harakat qilishingizni tushuntiradi. Qoidani buzsangiz, kattagina jarima to‘laysiz. Baklajkani topshirsangiz, sizga keshbek berishadi, jarayon nazorat qilinadi. O‘zimizda ham xuddi shu tizimni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Jumladan, Zomindagi mehmonxona atrofini to‘r bilan o‘rayapmiz. Dam oluvchilar tabiat go‘zalligidan bahra olishadi, ammo to‘rning u yog‘iga o‘tishmaydi. Afsuski, bir-ikki mas’uliyatsiz xodimlarni ishdan bo‘shatdik. Ma’lum bo‘lishicha, bu xodimlar qo‘riqlanadigan zonalarga ham uy qurishga harakat qiladigan odamlarga yer sotish uchun o‘zlari yerni yoqishga ruxsat berar ekan. Biz bu ishlarni o‘rgandik va zarur chora-tadbirlarni qo‘llayapmiz.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan viza rejimi anchagina yengillashganini aytib o‘tishim kerak. Ayni paytda O‘zbekistonga 94 davlat fuqarolari, xususan, Ozarbayjon, Gruziya, Avstraliya, Argentina, Italiya, Kanada, Bel’giya, Shvesiya, Yangi Zelandiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Portugaliya, Pol’sha, Xorvatiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va boshqa davlatlar fuqarolari vizasiz kirishlari mumkin. Bu esa yurtimizga keladigan xorijiy sayyohlar soni yanada oshishiga va ekoturizmni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, xorijiy turistlar sonining oshishi daromadning ham ortishiga xizmat qiladi.

— 2023 yil aprel’ oyida Qashqadaryo viloyati, Chiroqchi tumanida Tyan’-Shan qo‘ng‘ir ayig‘ining o‘ldirilishi shov-shuv bo‘lib, jinoiy ish qo‘zg‘atilgandi. O‘zingiz ham Bosh prokuraturaga shu masalada taqdimnoma kiritganingiz haqida gapirgan edingiz. Ammo ayiq o‘ldirilgach, ikkinchi kuni uning jasadi Qarshi veterinariya boshqarmasining pechida kuydirildi. Ya’ni jinoyat izlari yo‘qotildi. O‘shandan buyon bu ish haqida biror joyda axborot berilmayapti. Jinoyat ishi bo‘yicha jarayon qaysi bosqichda? Aybdorlar jazolanadimi?

— Bu borada ichki tekshiruv o‘tkazdik. Ayiqning o‘limiga vazirlik xodimlarining o‘z ishlariga sovuqqonlik bilan yondashganligi sabab bo‘lgan. Aslida ayiq bilan bog‘liq holatlar undan avval ham kuzatilgan. Buning yechimi oddiy, ya’ni har bir viloyat boshqarmasini yirtqich hayvonlarni uxlatib qo‘yadigan qurol bilan ta’minlash kerak edi, bugunga kelib barcha hududlarni mana shunday qurollar bilan ta’minladik. Bu yovvoyi yirtqich hayvonlar bilan bog‘liq holatlarni ularga shikast yetkazmagan holda bartaraf etish imkonini beradi.

Xo‘sh, yovvoyi hayvonlar bilan to‘qnashish holatlari nega ko‘paymoqda? Sababi shuki, yurtimizda aholining ko‘payishi natijasida suvli yerlarni o‘zlashtirish kuchaydi. Hatto o‘rmonlarning ichida uy qurib yashayotganlar ham bor. Ya’ni, aslida, yovvoyi yirtqich hayvonlar bizga hujum qilyapti, degan fikrdan ko‘ra biz ularning yashash hududini egallab olyapmiz, desam, to‘g‘riroq bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘tgan yildagi anomal sovuq harorat tufayli o‘rmonlar hududidagi mevalarni sovuq urib ketgan, bu esa tabiat bag‘rida yashovchi hayvonlarning ozuqasi. Shu kabi qator omillar tufayli ko‘plab muammoli vaziyatlar yuzaga kelmoqda. Odamlar bularning barini to‘g‘ri tushuntirishimiz kerak.

Chiroqchida o‘ldirilgan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq voqeasi bo‘yicha Ekologiya vazirligi tomonidan Bosh prokuraturaga taqdimnoma kiritilgan, ular tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Aybdorlar jazosiz qolmaydi.

— So‘nggi paytlarda inspektorlarning joniga qasd qilish holatlari ko‘paydi. 20 iyun’ kuni Bekobod shahar Ekologiya bo‘limi boshlig‘i, davlat inspektori Muhammadjon Fozilov xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida pichoqlangandi. Ko‘p o‘tmay iyul’ oyida brakon’er Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani ekologiya boshqarmasi boshlig‘i Mirali Hojievga o‘q uzib, uni yarador qilgan. Botimizga ko‘plab inspektorlardan ishlash uchun oddiy sharoit yo‘qligi, xonalar qishda sovuq, yozda issiqligi, texnik ta’minoti yo‘qligi, maoshi kamligi va shu bilan birga tabiatni qurollangan brakon’erlardan quruq qo‘l bilan himoya qila olmayotganligi haqida shikoyat qilishadi. Qachongacha ekoinspektorlar brakon’erlarni faqat guvohnomalari bilan qo‘rqitishadi?

— Inspektorlarga qurol berish yechim emas, yechim — huquqbuzarlarni kamaytirish choralarini ko‘rish. Tahlillarga ko‘ra, ilgari inspektorlar qurol olib yurishgan. Ammo ularning hech biri brakon’erlarga qarshi qurol ishlatmagan. Hozir ham inspektorlarga qurol bergan taqdiringizda, ular brakon’erlarni otishmaydi va brakon’erlar buni yaxshi biladi. Chunki bizda inson qadri degan tushuncha bor, hatto jinoyatchi bo‘lsa ham otib tashlay olmaysiz. Faqat chegara hududlarda xavfli hayvonlar bor joylarda faoliyat olib borayotgan ekoinspektorlarga pnevmatik yoki rezina qurol berish maqsadga muvofiq.

Brakon’erlar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida Ekologiya vazirligi va hududiy boshqarmalar inspektorlari tomonidan doimiy reyd tadbirlari olib borilmoqda. Noqonuniy ov bilan shug‘ullangan qonunbuzarlarga qat’iy jazo choralari qo‘llanilmoqda.

— Viloyatlarda ko‘p hollarda ekologiya bo‘limlarini davlat idoralarida turli lavozimlarda ishlaydigan nomutaxassislar boshqarib, ahvol yaxshilanmayapti…

— Ekologiyaning eng katta muammosi ham aynan professional mutaxassislar kamligidadir. Ilgari soha mutaxassislarining maoshi 4-5 million so‘mdan oshmas edi. Tabiiyki, bu maoshga yaxshi mutaxassisni jalb qilib bo‘lmaydi. Ekologiya vazirligida faoliyat boshlashim bilan kadrlar muammosini tahlil qilib chiqdim. Afsuski, boshqarmalarga o‘z ishini eplay olmay, ishdan haydalib, “bo‘laveradi” qabilida tayinlanganlar bor. Bilimi, salohiyati kuchli mutaxassislar esa sanoqli.

Shuning uchun bugun aynan ekologiya sohasida bilimli kadrlarni yetishtirishga katta e’tibor qaratilyapti. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev qarori bilan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti, ya’ni “Green University” tashkil etildi. Maqsad mahalliy, mintaqaviy va global ekologik muammolarni samarali boshqarish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy va intellektual salohiyatni amalga oshirishda innovasion g‘oyalar, amaliyot va texnologiyalarni joriy etishdan iborat. Malakali mutaxassislarni ko‘paytirmasak, sohada hech narsa o‘zgarmaydi.

Nargis Qosimova.