Toshkentda suv bo‘yiga qurilish chiqindilari to‘kib ketildi

Toshkentda suv bo‘yiga qurilish chiqindilari to‘kib ketildi

Toshkent tumani, Qorasaroy mahallasidan oqib o‘tuvchi suv bo‘yiga qurilish chiqindilari to‘kib ketildi. Holat ushbu hududdagi xonadonlardan biriga o‘rnatgan kuzatuv kamerasiga tushib qolgan.

Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvda ushbu mahallada yashovchi A.T. ZIL rusumli yuk mashinasida qurilish chiqindilarini belgilanmagan joyga tashlagani aniqlangan.

Xabarga ko‘ra, A.T. avval ham shunday huquqbuzarlik sodir etgan va 7 sentyabr kuni ma’muriy javobgarlikka tortilib, 1 million 650 ming so‘m miqdorida jarima solingan. Oradan 8 kun o‘tib fuqaro tomonidan takror huquqbuzarlik sodir etilgani aytilmoqda.

Ekologiya vazirligining ta’kidlashicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91(1)-moddasiga (Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish) ko‘ra, huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, huquqbuzarlik quroli musodara qilinadi.

Shunga asosan, A.T. yuk mashinasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan. Musodara qilinishi yuzasidan hujjatlar to‘planib, sudga da’vo arizasi kiritiladi.