Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida joylashgan A-380 G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu avtomobil yo‘li bo‘yidagi yonilg‘i quyish shoxobchasi atrofida chiqindilar to‘planib, muammoli vaziyat yuzaga kelmoqda. Yonilg‘i quyish shoxobchasida chiqindilar uchun o‘rnatilgan idishlar to‘lib qolgan, ammo ular o‘z vaqtida tozalanmayotgani sababli chiqindilar shamol tufayli uchib ketib, atrof-muhitga zarar yetkazmoqda.
Chiqindilarning shamol bilan keng tarqalishi ekologik muvozanatga jiddiy tahdid solib, hududning ifloslanishiga olib kelmoqda. Aholining ta’kidlashicha, bu holat uzoq davom etsa, shahobcha atrofidagi hudud chiqindixonaga aylanib ketishi mumkin. Bundan tashqari, to‘planib qolgan chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqilmasa, tabiiyki ular yonib ketish xavfini tug‘diradi. Bu esa yirik yong‘inlarga olib kelishi mumkinligini hech kim inkor eta olmaydi.
Mahalliy aholining xavotiriga ko‘ra, bunday holatlar yirik yong‘inlarni keltirib chiqarishi va hudud xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Shuningdek, chiqindilarni vaqtida olib tashlamaslik nafaqat ekologiyaga, balki atrofdagi hayvonot va o‘simlik dunyosiga ham zarar yetkazishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligidan ushbu masalaga e’tibor qaratishlari, chiqindi idishlarini o‘z vaqtida tozalash va atrof-muhitni muhofaza qilish choralari ko‘rilishini so‘raymiz. Chiqindilarni to‘g‘ri boshqarish va muntazam nazorat qilish, katta ekologik muammolarning oldini olishga yordam beradi.
Qoraqalpog‘istonda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamma uchun muhim va bunday muammolarni hal qilish har bir fuqaroning burchidir. Shu sabab, mahalliy hokimiyat va ekologik idoralar bilan hamkorlikda bu masalaga jiddiy e’tibor berilishi kerak.