Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Tovoqsoy qo‘rg‘onidagi achinarli holat aks etgan video kanalimizga kelib tushdi. Mazkur muammo yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan bog‘landik va vaziyatni o‘rganish uchun hududga xizmat ko‘rsatuvchi «Raxnamo Servis» MChJ rahbari bilan suhbatlashdik.
Jamiyat rahbari muammo haqida quyidagilarni ta’kidladi:
— «Biz xizmat ko‘rsatadigan hududlarda shunday holatlar uchrab turishini inkor etmayman. Ammo nega bunday bo‘layotgani aholiga qiziq emas, ular faqat chiqindini o‘zlaridan soqit qilishni o‘ylaydilar. Afsuski, aholimizning chiqindi to‘lovlaridan qarzdorligi juda yuqori. To‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmagani sababli eski texnikalarni yangilashga mablag‘ yetmayapti, mavjud texnikalar esa doimiy ta’mirga muhtoj bo’lib qolishi mumkin. Bu esa xizmatimiz sifati va hajmiga ta’sir qiladi.»
Rahbarning so‘zlariga ko‘ra, aholi maishiy chiqindilar uchun belgilangan chiqindi idishlariga, sanoat va qurilish chiqindilarini ham tashlab ketmoqda. Bu chiqindilar maxsus idishlarni tez to‘ldiradi, natijada aholining maishiy chiqindisini qo‘shib tashlashiga imkon qolmayapti. Shuningdek, ko‘pchilik chiqindini belgilangan joyga tashlash o‘rniga, qulay deb bilgan joyga qo‘yib ketmoqda.
— «Videoga olib ko‘plab muammolarni ko‘tarish mumkin, ammo vaziyatni to‘liq o‘rganmasdan bunday qilish to‘g‘ri emas. Albatta, har bir fuqaro chiqindi tashlash madaniyatiga amal qilishi va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishi kerak. Biz har doim e’tirozlarga ochiqmiz, ammo aholining bizni ham tushunishini so‘rayman», — deydi «Raxnamo Servis» rahbari.
Bu holat, shubhasiz, jamoatchilik va tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi zarur. Aholining chiqindi to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirishi va chiqindilarni belgilangan tartibda tashlashi, hududdagi sanitariya holatini yaxshilashga yordam beradi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham texnika parkini yangilash va ish sharoitlarini yaxshilash uchun imkoniyat yaratishi lozim.