Iqlim o‘zgarishi va gender masalasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekani tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Darhaqiqat, ayollar va iqlim o‘zgarishi haqidagi ma’lumotlarda ijobiy jihatlarni topish qiyin. Chunki dunyoda kambag‘allarning aksariyat qismini xotin-qizlar tashkil etadi. Tabiiyki, ular iqlim o‘zgarishi tahdid solayotgan resurslarga ko‘proq tayanadilar.

Iqlim o‘zgarishi xotin-qizlarning yashash va turmush sharoitlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, hayoti va salomatligi uchun xavf tug‘dirmoqda. Bu esa gender zo‘ravonligiga ham sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, bu jarayonlar salomatlikning yomonlashishi va turli kasalliklarning ko‘payishiga olib kelayotgani hech kimga sir emas. Masalan, suv va havoning ifloslanishi, havo haroratining ko‘tarilishi, tabiiy ofatlar, respirator hamda suv orqali yuqadigan kasalliklarning ko‘payishiga turtki bo‘ladi.
Ismim Gulbahor (o‘zgartirilgan).
25 yoshimda oilamning xohishiga ko‘ra bir yigit bilan turmush qurdim. Sobir yaxshi inson edi, lekin uning oilasida yashash sharoiti qiyin bo‘ldi. Ular qishloq chekkasidagi uyda istiqomat qilishar, suvni esa uzoqdan – bir-ikki kilometr naridagi quduqdan tashib kelar edim.
Quduqdan olingan suvni kunlab tindirib, tagidagi cho‘kmalarni ehtiyotkorlik bilan ajratib ishlatardik. Turmush o‘rtog‘im doim yordamga tayyor edi, biroq ishlari sabab hamma vaqt uyda bo‘la olmasdi. Shu sababli ba’zan aravachaga katta-katta idishlarni ortib, suv olib kelish mening zimmamga tushardi.
O‘sha paytlarda homiladorligimning ilk oylarini boshdan kechirayotgan edim. Og‘ir baklarni ko‘tarib, uzoq yo‘l bosish qiyin edi. Lekin qaynonamning “homiladorlik kasallik emas” degan gaplari va turli kinoyalariga chidashimga to‘g‘ri kelgan.
Bir kuni odatdagidek quduqdan suv olib kelayotganimda 15 litrlik bakni aravaga joylashtirish uchun egilib harakat qildim. To‘satdan oyoqlarim qaltirab, muvozanatni yo‘qotdim va bak bilan birga yerga quladim. Zarbadan butun tanam og‘rib ketdi. Ammo yuragimni ezgan boshqa bir qo‘rquv bor edi — ichimdagi hali tug‘ilmagan farzandimga zarar yetgan bo‘lishidan qo‘rqardim.
Keyingi kunlarda o‘zimni yomon his qildim va shifokorga murojaat qilishga majbur bo‘ldik. Farzandim hayot ekan, biroq yiqilish tufayli jiddiy asoratlar bo‘lishi mumkinligi aytildi. O‘sha kundan boshlab turmush o‘rtog‘im va men uchun yangi hayot boshlandi. Farzandimiz zaif va maxsus ehtiyojlar bilan tug‘ildi.
Avvaliga bu holatni qabul qilish qiyin bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘imning orzulari parcha-parcha bo‘lib, u ko‘pincha o‘zini aybdor his qilardi. Men esa farzandimiz uchun kuchli bo‘lishga intildim. Har bir kun sinov edi — davolanishlar, ehtiyojlarini ta’minlash, boshqalarning kinoyali qarashlariga bardosh berish.
Lekin bolamning tabassumi va kichik yutuqlari bizga umid bag‘ishlar edi.
O‘sha yiqilish hayotimizni o‘zgartirdi, biroq sevgimiz va sabr-toqatimiz farzandimizning kelajagi uchun kuch bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu kun bugungacha yuragimda o‘chmas xotira bo‘lib qolgan. Shu bilan birga, menga kurashishni ham o‘rgatgan.
Bu hikoya meni yengil nafas olishga undaydi, lekin unda ochilmagan bir savol doim bor:
Nega hayot ba’zan shunchalik adolatsiz bo‘ladi?
Mening ismim Aziza (o‘zgartirilgan).
23 yoshimda uydagilar xohishiga ko‘ra turmush qurdim. Qaynona-qaynotam bilan birga yashaymiz. Qishloq chekkasidagi anhordan suv olib kelamiz. Anhor suvi ham unchalik toza emas. Olib kelgan katta baklardagi suvlarni ba’zan kunlab tindirib qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Suv olayotganimizda baklar tagidagi cho‘kmalar qo‘zg‘alib ketmasligi uchun ehtiyot bo‘lamiz. Shu holatdagi suvdan ichish va maishiy maqsadlarda foydalanamiz.
Suvning tozaligidan tashqari, uni tashish muammosi ham bor. Erim yordam beradi, biroq doim ham uyda bo‘la olmaydi. Shuning uchun ba’zan obdaasta bilan, ba’zan esa aravachalarda bir-ikki bak suv olib kelaman.
Nikohimizdan ko‘p o‘tmay homilador bo‘ldim. Ammo qishloq sharoiti va qaynonamning g‘azabi sababli anhorlardan suv tashishdan ozod bo‘lolmadim. 15 litrlik baklarni to‘ldirib aravaga ortayotganimda og‘riq his qila boshladim. Buni qaynonamga aytganimda esa “o‘lmagan bizning jonimiz ekanda”, degan gaplarni eshitdim.
Erim esa onasiga bo‘lgan hurmati sabab ortiqcha gap qila olmasdi. Ammo suv olib kelishda yordam berardi.
Erim uyda bo‘lmagan kunlarning birida suv olish uchun anhor bo‘yiga tushib, katta bak bilan suvga yiqildim. Ana shu lahzada men va erimning besh oylik orzulari zavol topdi. Hali tug‘ilmagan farzandimni yo‘qotdim.
Shundan keyin ikki hafta davomida ishlardan “ozod etildim”. Ammo erim meni e’tiborsizlikda ayblab, “o‘sha suvni o‘zim olib kelardim-ku”, deb jahllana boshladi.
O‘sha mudhish voqeadan keyin yillar davomida farzand ko‘ra olmadik. Ko‘cha-ko‘ydagi gap-so‘zlar, qaynonamning “tuqmas xotin bilan umring o‘tyapti” degan ta’na-dashnomlari ortidan erim juda asabiy bo‘lib qoldi. Hatto meni kaltaklaydigan odat chiqardi. Ba’zan nima uchun kaltak yeyayotganimni ham bilmay qolardim.
Qaynonamning piching va haqoratlari, erimning tazyiq va kaltaklaridan bezor bo‘lganimdan keyin ularning barchasidan ajrashib qutuldim. Hozir ota uyimdaman.
Nega bunday bo‘ldi? Tug‘ilmagan farzandim nobud bo‘lishida men aybdormanmi? Erim nega meni bunday tahqirladi?
Bu savollar hanuzgacha menga tinchlik bermaydi.
— Iqlim o‘zgarishining ayollar hayotiga ta’sirini bir necha asosiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqish mumkin, — deydi O‘zJOKU professori, ekojurnalist Nargis Qosimova.
— Birinchidan, ular iqtisodiy muammolarga duch kelish xavfi yuqori. Qurg‘oqchilik, suv toshqini va boshqa ekstremal ob-havo hodisalari sababli ekinlarga zarar yetganda, hosildorlik pasayganda oiladagi zo‘ravonlik holatlari ortadi. Aytaylik, ishdan charchab kelgan erkak suv yo‘qligi tufayli kir yuvilmasa, ovqat pishirilmasa yoki oziq-ovqat yetishmasa, alamini bolalari va ayolidan oladi.
Qishloqlarda ko‘pincha ayollar xonadonlarni suv va yoqilg‘i bilan ta’minlashga mas’ul bo‘lishadi. Bu esa ulardan ta’lim, ish yoki ijtimoiy faoliyat uchun sarflanishi mumkin bo‘lgan vaqt va resurslarni tortib oladi.
2023-yilda “Ekolog” jamoat birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi hamda Jizzax viloyatining “Qalb nuri” ayollar va ularning oilalarini ijtimoiy-huquqiy qo‘llab-quvvatlash markazi bilan hamkorlikda iqlim o‘zgarishi ta’sirida yuzaga kelgan gender zo‘ravonlik holatlarini aniqlash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdi.
Natijalarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonda respondentlarning 72 foizi, Jizzax viloyatida esa 87 foizi iqlim o‘zgarishi va ekologik muammolar oiladagi zo‘ravonlikka ta’sir ko‘rsatishini bildirgan.
— Iqlim o‘zgarishi barcha hududlarda bo‘lgani kabi agrar sohaga ixtisoslashgan Jizzax viloyati ayollari hayotida ham sezilmoqda, — deydi Jizzax viloyati “Qalb nuri” markazi rahbari, gender masalalari bo‘yicha ekspert Nodira Alimova.
— Cho‘l hududlari, xususan Mirzacho‘l, Arnasoy, Do‘stlik va Zafarobod tumanlarida ekin maydonlarini sug‘orish, chorva mollarini boqish muammolari hamda migratsiya oqimi kuchaygan. Tog‘li hududlarda esa tez-tez sel kelishi kuzatilmoqda. Qishda havoning keskin sovishi, yozda haddan tashqari isishi, chang va bo‘ronlar turli allergik hamda boshqa kasalliklarning ortishiga sabab bo‘lmoqda. Albatta, bu holatlar xotin-qizlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Har qanday davr va har qanday vaziyatda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli muhimdir. Ayniqsa, bugungi global iqlim o‘zgarishi sharoitida aholi xabardorligini oshirish, moslashuv choralarini ko‘rish, axborot va ma’lumot yetkazish, ayollar va bolalarning bilim hamda ko‘nikmalarini rivojlantirish nodavlat notijorat tashkilotlaridan katta mas’uliyat talab qiladi.
Bu borada dastlabki qadamlar tashlangan. Qishloq ayollari o‘rtasida suvdan oqilona foydalanish, elektr energiyasini tejash, barglarni yoqmaslik, chiqindilarni saralash va qayta ishlashga topshirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha treninglar va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, mavjud infratuzilmani takomillashtirish, energiya samarador uy-joylar qurish va iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar berilmoqda.
Har holda, bu muammoga befarq qarab turilgan yo‘q. Biroq yana ko‘p ishlar qilish kerak. Genderga oid qonunchilikni kuchaytirish, jamiyat barqarorligini oshirish va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga qaratilgan keng qamrovli strategiyalar zarur. Oziq-ovqat xavfsizligi, sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish orqali bu boradagi muammolar yukini sezilarli darajada kamaytirish mumkin.