Iqlim o‘zgarishi kam daromadli davlatlar va zaif guruhlarga, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Iqlim o‘zgarishi sabab yuzaga keladigan tabiiy ofatlar vaqtida nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘lim darajasi boshqa guruhlarga nisbatan to‘rt baravar yuqori bo‘ladi.
IQLIM O‘ZGARISHINING NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLARGA TA’SIRI
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2030 – 2050-yillar mobaynida iqlim o‘zgarishi yiliga qo‘shimcha 250 000 kishining o‘limiga sabab bo‘lishi haqida xabar qilgan. Bu o‘limlarga asosan iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan kasalliklar, xususan to‘yib ovqatlanmaslik, bezgak, diareya va issiqlik stressi sabab bo‘ladi. Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, tabiiy ofatlar vaqtida nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘lim darajasi nogironligi bo‘lmagan shaxslarga qaraganda to‘rt baravar yuqori bo‘ladi, chunki favqulodda holat sodir bo‘lganda nogironligi bo‘lgan shaxslarga erkin harakat qilish imkoniyatiga ega emasligi tufayli o‘z xavfsizligini ta’minlashda qiyinchilikka duch keladi.
Dunyo bo‘yicha past va o‘rta daromadli mamlakatlarda reabilitatsiya texnik vositalar, xususan nogironlik aravachasiga 70 milliondan ortiq ehtiyoj mavjud, lekin aravachaga muhtoj odamlarning atigi 5–15 foizi ushbu vosita bilan ta’minlangan xolos. So‘nggi yigirma yil ichida tabiiy ofatlar soni ikki baravarga oshgan. Buning asosiy sababi iqlim o‘zgarishi hisoblanadi.
Iqlim o‘zgarishi nogironligi bo‘lgan shaxslarga uchun kelajakda yanada ko‘proq qiyinchiliklar keltirib chiqarishi kutilmoqda, chunki o‘zgarayotgan muhitga moslashish, daromad topish imkoniyatlari kamaygani sayin, odamlarning hayot sifati pasayishi ehtimoli yuqori. Bu o‘z navbatida, jahon iqtisodiyotiga ham sezilarli ta’sir qiladi: iqlim o‘zgarishi 2050-yilgacha jahon daromadini 19% qisqartirishi taxmin qilinadi. Dunyodagi eng kambag‘al aholining 20 foizidan ortig‘ida nogironlik mavjud va rivojlanayotgan mamlakatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning 82 foizi qashshoqlik chegarasidan past darajada yashamoqda.
ASOSIY MUAMMOLAR
Iqlim o‘zgarishi tufayli nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayot darajasi va farovonligiga ta’sir ko‘rsatadigan bir qator asosiy muammolar:
-Toza suv, sanitariya va gigiyenaga rioya qilish imkoniyati kamayadi – iqlim o‘zgarishi sababli suv tanqisligi muammosi oshishi mumkin. Bu holatda sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilish qiyinlashib, qo‘shimcha kasalliklar tarqalishi mumkin;
-Ob-havoning keskin o‘zgarishi oqibatida favqulodda holatlar ko‘payadi – ob-havo haroratining keskin isib ketishi yoki keskin sovib ketishi favqulodda holatlar sodir bo‘lish ehtimolligini ko‘paytiradi. Favqulodda holatlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar qo‘shimcha to‘siqlarga duch keladi;
-Iqlim o‘zgarishi tufayli ma’lum hududlar turmush kechirish uchun yaroqsiz holga kelishi iqlim migratsiyasini yuzaga keltiradi. Bu jarayonda nogironligi bo‘lgan shaxslar cheklangan jismoniy va moliyaviy imkoniyatlar sabab faol qatnasha olmasliklari mumkin.
TAVSIYALAR
Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda o‘tkazilgan tadqiqotda iqlim o‘zgarishi sharoitida nogironligi bo‘lgan shaxslarning inklyuzivligini oshirish borasida quyidagi tavsiyalarni berilgan:
– Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarni joriy qilishda mahallalarning o‘rnini oshirish lozim. Bu orqali chekka hududlardagi aholining xohish va istaklari, takliflari hisobga olinadi. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning fikrlarini ham hisobga olish muhim ahamiyat kasb etadi;
– Tibbiyot maskanlariga nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin borishi va harakatlanishi uchun qulay infratuzilma sharoiti yaratilishi lozim. Bu orqali ular o‘zgalar yordamisiz tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniga ega bo‘lishadi;
– Nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdorini oshirish kerak. Iqlim o‘zgarishi tufayli kutilmagan tabiiy ofatlar yuzaga kelganda, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy nafaqalarning ajratilishi ularning moddiy kamchiliklarini to‘ldirishga yordam beradi. Bu orqali iqlim o‘zgarishi tufayli ishsizlikning ko‘payishidan kelib chiqadigan kam daromadlilik muammosi ham hal bo‘lishi mumkin;
– Iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga keladigan favqulodda holatlar uchun maxsus chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish juda muhim. Ayniqsa, eshitish va gapirishda nuqsoni bor shaxslar kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlar uchun alohida e’tibor talab qilinadi. Bunda ularni favqulodda vaziyatlarga tayyorlash maqsadida maxsus kurslar tashkil etilishi lozim. Shuningdek, favqulodda holat vaqtida operativ ravishda yordam ko‘rsatish va xabar yetkazish uchun maxsus aloqa markazlarini tashkil qilish zarur. Bu markazlar bunday shaxslarning ehtiyojlariga moslashtirilgan bo‘lib, ularning xavfsizligini ta’minlashga sezilarli yordam beradi;
Iqlim o‘zgarishi haqida aholining xabardorligini oshirish orqali iqlim o‘zgarishiga bardoshlilikni oshirish mumkin.
Axmadjon Nurullayev,
Ijtimoiy ximoyani rivojlantirish instituti ilmiy xodimi