Ishonch.uz muxbiri daraxtlarni mudhish usulda yo‘q qilayotganlarni fosh qilish maqsadida jurnalistik surishtiruv o‘tkazdi.
Sotuvchilarning aytishicha, bu turdagi dorilar bozori tez
So‘nggi paytlarda daraxtlar hech bir sababsiz qisqa muddatda birdan qurib qolmoqda. Ayrim tadbirkorlar va mutasaddilar daraxt ildiziga quritib yuboradigan maxsus suyuqlik quyayotgani haqida mish-mishlar ham yo‘q emas.
Misol uchun, shu yilning sentyabr’ oyida Olmazor tumani, Chilto‘g‘on (Taxtapul) mahallasida tadbirkor qurilish qilish maqsadida daraxtlarning tagini teshib, quritib yuboradigan suyuqlik quygani haqida xabarlar tarqaldi. Qizig‘i, ayni kunda o‘sha daraxtlar birin-ketin qurib borayotir.
Xo‘sh, daraxtlarni quritib, qovjiratayotgan o‘sha zahri qotil suyuqlik nima? Bu haqda el og‘zida yurgan mish-mishlar haqiqatmi? Daraxtlarga zahar quyayotganlar kim?
Erta tongda shu o‘y-savollar bilan poytaxtning eng gavjum bozorlariga yo‘l oldk. Maqsadimiz – bu zaharning nomi va talabgorlarini aniqlash.
Tastablik, turar joy – Eski Jova Dexon bozori.
O‘simliklarning dori-darmoni bilan shug‘ullanadigan sotuvchilardan daraxtlarni yashirincha quritsa bo‘ladigan suyuqlik haqida so‘radik. Ular hadiksirab, o‘sha dori haqida so‘zlab berishdi. Aytishlaricha, bu modda daraxtning tanasiga quyilsa, bir necha kunda ta’siri sezilarkan.
Bu mahsulot haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun boshqa bozorlarga ham yo‘l oldik.
Nazarbek bozoridagi bir sotuvchining ta’kidlashicha, «begona o‘tlarni o‘ldirish uchun», – deb sotuvga chiqarilayotgan «Uragan», «Tornado», «Raundap» nomli bir qator suyuqliklarni xaridorlar aynan daraxtlarni quritish niyatida sotib olayotgan ekan.
Bunday dorilar ichida «nomsiz zahar» deb yuritiladigan turi ham bor ekan. Ayni vaqtda u qo‘lbola usulda tayyorlanib sotilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, aynan u dorining bozori chaqqon.
O‘rganishlar davomida so‘ragan mahsulotimizni shunchaki indamay topib berganlar ham, obdon so‘rab-surishtirganlar ham bo‘ldi. Ammo «maqsadingiz daraxtlarga ozor berish bo‘lsa, sizga hech narsa sotmayman», – degan sotuvchini uchratmadik.
Ism-sharifi sir qolishi sharti bilan bir sotuvchi bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:
«To‘g‘risi, bunday dorilarning turi ko‘p. Asosan, begona o‘tlarni yo‘q qilish maqsadida ishlab chiqarilgan. Ammo shunday dorilarning dozasi kuchli bo‘lgani katta daraxtlarni ham bemalol nobut qila oladi. O‘zimizda qo‘lbola usulda tayyorlanib, «nomsiz zahar», deb sotilayotgan suyuqlikning ta’siri ham juda yuqori.
Kukun, kapsula shaklidagisi esa asosan Rossiyadan keltiriladi. Ularga suv aralashtirib, daraxtlarning ildiziga quyilsa, taxminan, 15-20 kun orasida o‘z natijasini beradi. Narxi 30 mingdan, 300 ming so‘mgacha. Bu dorilarning xaridori ayniqsa, Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Surxondaryo viloyatida ko‘p. Bir kelganda 100-200 qutigacha sotib olishadi.
Bu mahsulotlarni xaridorlar qo‘shni Qozog‘istondan keladi. Muxtasar qilib aytganda, hozir bu dorilar bozori tez.
Ochig‘i, sotuvchining javoblari bizni qattiq ranjitdi. Zotan, bugungi ekologik inqiroz asrida ataylab daraxtlar nobud qilinayotgani katta fojea. Ekologiya va tabiatni asrab-avaylashga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar mana shu masalalarni zudlik bilan nazoratga olishi shart.
Diora Ravshanova,
Maftuna Karimova