O‘zbekiston bugun Markaziy Osiyo mintaqasining dolzarb ekologik muammolarini hal qilishda asosiy davlatga aylandi. Davlatimiz rahbari xalqaro tadbirlarda jamoatchilik e’tiborini atrof-muhit muammolariga qaratib kelmoqda va O‘zbekiston bir qator xalqaro anjumanlarga mezbonlik qilgan va qilmoqda. Bunga misol sifatida Samarqandda 2025-yilning 4—5-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan Xalqaro iqlim forumini keltirish mumkin. Ushbu forum O‘zbekistonning iqlim muammolarini hal qilishdagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor ko‘rsatadi. Bugun, 4-aprel kuni “Silk Road Samarkand» kongress markazida “Global iqlim muammolari va Markaziy Osiyo – umumiy farovonlik yo‘lida birlashish” mavzusidagi Samarqand iqlim forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish (videomurojaat), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso, Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen, Yevropa kengashi prezidenti Antonio Kosta, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va UN-Habitat ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax, BMT Bosh kotibi o’rinbosari, cho’llanish va qurg’oqchilikka qarshi kurash bo’yicha Konvensiya (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari va BMT YeIK Ijrochi kotibi Tatyana Molchan ishtirok etdi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. O‘zbekiston Prezidenti iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda birdamlik ramzi sifatida Navro‘z bayrami arafasida har yili birgalikda daraxt ekish bo‘yicha “Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i” mintaqaviy aksiyasini boshlashni taklif qildi. Shuningdek, mintaqadagi iqlim muammolarini hal qilish uchun moliya, texnologiya va bilimlarni jalb qilish maqsadida Toshkentda “Suv — Energiya — iqlim oʻzgarishi” tashabbusi Kotibiyatini tashkil etish gʻoyasini ilgari surdi.
Forumda iqlim o‘zgarishining ijtimoiy va iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish, qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish, suv resurslarini kompleks boshqarish, biologik xilma-xillikni saqlash va barqaror shahar taraqqiyoti kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ekspert panellari, yalpi sessiyalar va siyosiy muloqotlar tashkil etiladi. Bu tadbir iqlim muammolarini yechishdagi global hamkorlikni mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda. Muhokamaning asosiy mavzularidan biri global miqyosdagi ekologik halokatning yaqqol namunasi bo‘lgan Orol dengizi inqirozidir. Mutaxassislar va hukumat vakillari zarar ko‘rgan hududlarda yerlarni tiklash, cho‘llanishga qarshi kurashish va iqlim o‘zgarishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha barcha mumkin bo‘lgan yechimlarni ko‘rib chiqadilar.
Forumda mintaqadagi eng yirik ekologik inqirozlardan biri bo‘lgan Orol dengizi muammosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.Orol dengizining qurishi iqlimning jiddiy o‘zgarishlariga, jumladan, chang bo‘ronlari ko‘payishiga, bioxilma-xillikning yo‘qolishiga va aholi salomatligining yomonlashishiga olib keldi. Orol dengizi ekotizimini tiklash va mintaqa uchun barqaror yechimlarni topish xalqaro darajada muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlarni talab qiladi. Forum yakunida iqlim oʻzgarishi sohasida Markaziy Osiyo davlatlarining umumiy mintaqaviy qarashlarini shakllantirish uchun asos boʻladigan “Yashil” rivojlanishning Mintaqaviy konsepsiyasi taqdim etiladi. Ushbu hujjat mintaqadagi ekologik muammolarni hal qilishda xalqaro tashkilotlarning ilg‘or yondashuvlarini aks ettiradi.
Biz forumni kuzatishda davom etamiz va qo‘shimcha ma’lumotlarni taqdim etamiz.