Barchasi qandaydir daydi itning uy yaqinidagi axlatxonaga joylashib olganidan boshlandi.
Shundan so‘ng ko‘z o‘ngimda haqiqiy melodrama yuz berdi…
Mening ish stolim deraza yonida joylashgan bo‘lib, menda tashqarida sodir bo‘layotgan hamma narsani kuzatish uchun noyob imkoniyat bor edi. Garchi e’tiborga molik biror-bir voqea bo‘lmasa ham… Sokin shaharcha. Jimjitlik saltanati. Buning ustiga qish. Ammo bularning bari aldamchi bo‘lib chiqdi. Chunki ko‘z o‘ngimda haqiqiy melodrama sodir bo‘lgan edi.
Barchasi daydi itning axlatxonamizga joylashishi bilan boshlandi. Oddiy erkak zotli it. Jonivor tezda o‘rnashib oldi va o‘z hududini raqobatchilarning hujumlaridan faol himoya qila boshladi. O‘sha yerdagi issiq kanalizatsiya lyukida dam olar, uxlar edi. Agar sahnadaboshqa qahramon paydo bo‘lmaganida, bu voqea qanday tugashi noma’lum bo‘lardi…
Bir kuni yozayotganlarimdan bo‘shab, derazadan tashqariga qaradim. Axlatxona – ko‘zga birinchi tashlanadigan joy. Shu payt to‘rt oyoqli daydining yoniga bir bola yaqinlashdi. Bu – ro‘paradagi besh qavatli binoda yashaydigan o‘n yoshlar chamasidagi oddiy bola edi.
U itning yonida to‘xtadi. It boshini ko‘tardi. Ular bir daqiqa jimgina bir-birlariga qarab turishdi. Bola cho‘ntaklarini titkilab, yeyishga nimadir chiqardi. It irg‘ib o‘rnidan turdi va dumini likillata boshladi. U bola bergan narsani yedi, so‘ng uning qo‘lini yaladi va bolani o‘ynashga taklif qildi. Qaysi bola buni rad etardi?..
Shundan so‘ng, ular hovli bo‘ylab yugurib ketishdi. Bolaning jaranglagan kulgisi va itning hurishi birlashib ketdi. Bu ikki jonzot bir-birini topgani aniq edi.
Shunday qilib, ularning tanishuv epizodini kuzatish baxtiga muyassar bo‘ldim, keyinchalik bu haqiqiy erkaklar do‘stligiga aylandi. Endi hovli menga unchalik zerikarli ko‘rinmasdi!
Har kuni itning hurishi va bolaning ovozini eshitib, derazadan tashqariga qarardim. Do‘stlar bir-birlari tomon yugurishar va quchoqlashishardi. Bolaning cho‘ntagida doimo mazali luqma bo‘lardi. Keyin ular uzoq vaqt o‘ynashardi. Va keyin – ta’sirli xayrlashuv bo‘lardi.
Kunlarning birida bola uyi tomon yurdi. It uning ortidan ergashdi. Bola tiz cho‘kib, do‘stining yungdor boshidan ushlab nimadir dedi va qo‘li bilan bo‘m-bo‘sh derazaga ishora qildi. Hammasi so‘zsiz tushunarli edi. “Kechir, do‘stim, seni o‘zim bilan uyga olib kirolmayman, ular ruxsat berishmaydi”. It tushungancha bosh irg‘adi va panjasini bolaning qo‘liga tashlab qo‘ydi. Bola kiraverish tomon yurdi. It esa do‘sti ikkinchi qavat derazasidan unga qo‘l silkitguncha kutib turdi. Va shundan keyingina ma’yus holda ortga qaytdi.
Bularning barchasi taxminan ikki hafta davom etdi. Men buni qanday qilib to‘g‘ri aytishni bilmayman – ikki haftalarmi yoki aniq ikki haftami?.. Axir, bu davrda juda ko‘p narsalar sodir bo‘ldi.
Men bir safar bolakayni bir bezoridan itni qanday himoya qilganingning guvohi bo‘ldim – bezori bola undan taxminan besh yosh katta va bo‘yi ikki baravar baland edi. U bolakayni urmoqchi bo‘lganida, it unga tashlandi. Yordamimga hojat qolmagan edi – bezori sharmandalarcha qochib qoldi.
Men ayozli kunda bola uyidan adyol olib chiqib, uysiz do‘stini sovuqdan himoya qilib, ehtiyotkorlik bilan uni o‘rab qo‘yganini ko‘rdim.
Itning deraza tagida, qorda uch kun qimirlamasdan yotganini kuzatdim. Bola esa tomog‘i og‘riyotganini qo‘li bilan ko‘rsatib, unga tushuntirgan bo‘ldi. Uch kunlik ajralishdan keyin ularning uchrashuvi naqadar quvonchli edi! Keyin yana ayriliq, bo‘m-bo‘sh deraza… Deraza doim bo‘sh edi.
Ammo bir kuni qahramonlarimiz odatdagidek hovlida yugurib yurganlarida, men ongsiz ravishda nimadir o‘zgarganini his qildim.
Aniq. Derazada bir shakl paydo bo‘ldi. Men ko‘zoynagimni taqdim. Ha. Ayol jussasi. Chiroyli chehra, betartib sochlar. Ayol baxtli do‘stlarni qimirlamay tomosha qildi. Tushunishimcha, u bolaning onasi edi. U peshonasini deraza oynasiga bosdi. Men yuzlarni silayotgan nafis qo‘llarni aniq ko‘rdim. Yupqa barmoqlar asta-sekin lablar, so‘ngra ko‘zlar ustidan yugurdi. Bu ko‘z yoshlarmi? U yig‘layotgan edi…
Derazada yana bir shakl paydo bo‘ldi. Jiddiy qiyofa. Ayol deraza shishasidan uzoqlashdi va boshini erkakning yelkasiga qo‘ydi. Bu orada do‘stlarning o‘yini tugadi. Vidolashuv vaqti keldi. Bola har doimgidek qo‘li bilan deraza tomonni ko‘rsatdi… Va ota-onasini ko‘rib xijolat tortdi.
o‘sti bilan tezda xayrlashib, uyi tomon yugurdi.
Keyin nima bo‘ldi, deysizmi? Men voqealar rivoji kulminatsiyaga chiqqanini his qilib turardim. Janr qonunlariga ko‘ra, voqea yakuni baxtli va ta’sirli bo‘lishi kerak. Agar bu melodrama bo‘lsa, albatta. Va agar … Ammo men boshqa variant haqida o‘ylashni ham xohlamasdim.
Ertasi kuni barcha savollarimga javob oldim. Har doimgidek, ma’lum bir vaqtda itning hurishi va bolaning baland ovozi eshitildi. Ammo ularga yangi ovozlar ham qo‘shilgan edi. Ya’ni, ayol kulgisi va erkakning yo‘g‘on xoxolashi.
U yerda nimalar bo‘lyapti? Deraza tomon yugurdim, borib boshimni urib olishimga bir bahya qoldi. Bu oilani birinchi marta birga ko‘rishim edi. Ota, ona va o‘g‘il qorbo‘ron o‘ynashardi. Va ularning o‘rtasida quvonchdan ichiga sig‘may ketayotgan bir it yugurib yurardi. Haqiqatan ham… Itning bo‘ynida yangi bo‘yinbog‘ bor edi. Va nihoyat bularning bari melodrama bo‘lib chiqdi. Bunga menda hech qanday shubha yo‘q edi!
Keyin bilsam, bolaga o‘sal tashxisi qo‘yilgan, shu sabab oilaning quvonchi yo‘qolgan, bundan ona adoyi tamom bo‘lgan, otaning yuzidan quvonch yyo‘qolgan ekan. Oila rutubatga giriftor bo‘lgan ekan.Bu oilaning yana boshqa muammolari bor edimi yoki yo‘q? Bunisini bilmayman. Ammo shundan so‘ng, ularni doim birga, xursand bir holatda ko‘radigan bo‘ldim.
O‘yin tugadi. Baxtli oila uyga qaytdi, it ham ularga qo‘shildi. Men esdalik sifatida ularni suratga tushirdim. Fotosuratga emas, yo‘q… Shunchaki qalbimga ushbu oilaning baxtli chehralarini va itning shodon yuzini abadiy muhrladim. Endi men bu portretni oilaviy albomdagi kabi xotiramda uzoq saqlayman.
Buning menga yoki sizga nima aloqasi bor? Barchasi oddiy. Baxt – baham ko‘rishingiz kerak bo‘lgan dunyodagi eng yaxshi narsa… Judayam yaxshi narsa. Va men bu baxtni sizga ilindim.
Sarvar Rahimiy tarjimasi
