Navoi shahri – unutilgan goʻshamizga qaytish vaqti keldimi?

Navoi shahri – unutilgan goʻshamizga qaytish vaqti keldimi?

Navoi – mamlakatimizdagi eng yosh shaharlardan biri. Bir paytlar u yam-yashil bogʻlar, sahro oʻrtasidagi goʻzal bir oazis sifatida tanilgan edi. Atigi 67-68 yillik tarixga ega bu shahar bugun qarovsiz holga kelib qolmoqda. Bir paytlar gullab-yashnagan joylar endi vayron, qarovsiz va unutilgan.

Shahar infratuzilmasiga, madaniy obidalarga katta mablagʻlar sarflangan, fuqarolarning soliqlari evaziga barpo etilgan loyihalar endi tanazzulga yuz tutmoqda. Eng achinarlisi – shahar markazidagi sun’iy koʻl bugun botqoqqa aylangan. Uning atrofida hashamatli restoranlar va mehmonxonalar qad rostlagan boʻlsa-da, manzara – ichidagi iflos suv va botqoq – bu muassasalarning obroʻsiga ham, shahar qiyofasiga ham putur yetkazmoqda.

Fuqarolar ko‘tarayotgan asosiy savol – mas’ullar qayerda? Nega bu muammo yillar davomida e’tiborsiz qolmoqda? Suv holati tekshirilyaptimi? Ekologik nazorat bormi? Axir bu joyda odamlar dam oladi, bolalar suzadi, sayr qiladi.

Yana bir ogʻriqli masala – shahar ekologik xizmatlarining loqaydligi. Chuqur tozalash ishlari kamdan-kam amalga oshiriladi. Axlat, qamish va ifloslik to‘planib qolgan. Xalq bu joy uchun qayg‘uradi, lekin mas’ul tashkilotlar jim.

Mualliflarning murojaati aniq: bu shahar bizniki, bu yerda biz, farzandlarimiz va kelajak avlodlarimiz yashaydi. Bugun e’tibor bermasak, ertaga meros sifatida chiriyotgan bir shahar qoldiramiz. Hamma muammo faqat hokimga bogʻliq emas, balki uning yordamchilari, ekologiya bo‘limlari, deputatlar va boshqa mutasaddilar ham javobgar.

Shahar aholisi va faollari nihoyat bir narsani talab qilmoqda: eshiting! Bu yerda yashayotgan odamlarga befarq bo‘lmang! Bugun qilinmagan harakat, ertaga yuksak javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.