O‘zbekistonda mini GESlar qurilishi qayta tiklanadigan manbalardan “toza” energiya olish yo‘li sifatida joylashtirilgan, bu esa issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish imkonini beradi. Boshqa tomondan, mini GESlarning nazoratsiz va o‘ylamasdan qurish salbiy ekologik oqibatlarga olib kelishi, oxir-oqibat, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni kuchaytirishi mumkin.
Bu borada Energetika vazirligi mutaxassislarining fikrlari quyidagicha:
“2024 – 2028 yillarda gidroenergetika sohasini rivojlantirishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan umumiy quvvati 1018 MVt bo‘lgan GESlarni qurish bo‘yicha amalga oshiriladigan investisiya loyihalari ro‘yxati shakllantirilgan. Bunda katta GESlar bilan bir qatorda kichik va mikroGESlarni ishga tushirish orqali aholini ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlash qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Kichik GESlar O‘zbekistonda eng samarali va ekologik toza energiya manbalaridan hisoblanib, kanallardagi suvni potensial energiyasidan foydalanib, suv tarkibiga zararli o‘zgarishlar etkazmagan holda yana takroran daryolarga qaytariladi.
GESlar ishlash jarayonida zararli chiqindilar hosil qilmasdan, ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarini atmosfera havosiga chiqarmasdan, ifloslangan oqava suvlar hosil qilmasdan hamda tabiiy gaz ishlatmasdan elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Xususan, kichik GESlar energiya ta’minoti bilan bir qatorda atmosferaga issiqxona gazlari tashlamalari miqdorini kamaytirishga ham xizmat qiladi.
Barcha loyihalashtirilgan kichik GESlar qurilish oldidan “Atrof-muhitga ko‘rsatadigan ta’sirini baholash arizasi loyihasi” ishlab chiqilib, hududiy ekologik ekspertiza markazlari tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi va ijobiy xulosa olingandan so‘nggina qurilish boshlanadi.
Kichik GESlar daryodan suvning faqat bir qismini gidroturbinalarni harakatga keltirish uchun oladi. Bu daryodagi suv oqimiga, baliqlar migratsiyasiga, flora va faunaga aytarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Suv kam bo‘lgan davrda kichik GESlar ishlash tizimini kamaytirish yoki to‘xtatib turish qobiliyati ham ega.
MikroGESlar kanallarning bosim bilan tushadigan o‘zanlarida barpo etilib, atrof-muxit va ekologiyaga umuman ta’siri yo‘q. Ular chekka xududlardagi aholini ekologik toza, sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Natijada elektr energiyasini uzatish tarmoqlarida texnologik yo‘qotishlar va avariyaviy o‘chishlarni yo‘qotishga erishiladi, aholiga sifatli elektr energiyasi etkazib berilishi ta’minlanadi. O‘zbekistonda kichik GESlar barqaror kelajakka o‘tishda muhim o‘rin tutadigan samarali va ekologik toza “Yashil” energiya manbai hisoblanadi”.
Ma’lumot o‘rnida: “O‘zbekgidroenergo” AJ O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 maydagi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida” Farmoni va “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 iyundagi “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.
Mazkur aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi suv-energetika resurslarining yagona boshqaruv tizimini shakllantirishni va gidroenergetika ob’ektlarining markazlashgan texnologik boshqaruvini ta’minlaydi.
“O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibida 5 ta aksiyadorlik jamiyati, 15 ta filial hamda 7 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat mavjud. U mamlakatimizda gidroenergetika salohiyatini yanada rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, gidroenergetika salohiyatini kompleks o‘zlashtirish asosida sohani rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasida respublikadagi yagona tashkilot hisoblanadi.
Mini GESlar iqlim o‘zgarishiga ta’sir qiladimi?
Elektr energiyasidan universal foydalanishni ta’minlash ham iqtisodiyot, ham atrof-muhitni muhofaza qilish, ham ijtimoiy rivojlanish nuqtai nazaridan jahonning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. 700 milliondan ortiq kishi, ya’ni dunyo aholisining asosan qishloq joylarda yashovchi taxminan 9,5 foizi hali ham elektr energiyasidan foydalana olmaydi. Ishonchli va arzon elektr energiyasidan foydalanish hayot sifatiga bevosita o‘zgaruvchan ta’sir ko‘rsatadi hamda sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi muhim ijtimoiy xizmatlardan foydalanishni ta’minlash uchun zarurdir. Shu bilan birga, rivojlanayotgan va rivojlangan mamlakatlarda ham iqlim inqirozi va atrof-muhitning tanazzulga uchrashi sharoitida toza va barqaror energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoj tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Shunday qilib, qayta tiklanadigan energiya qashshoqlikni tugatish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanishni ta’minlash, shuningdek, iqlim inqirozini yumshatish va atrof-muhit degradasiyasi oldini olish kabi kengroq rivojlanish maqsadlariga erishish uchun kalit hisoblanadi. Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarishning eng arzon texnologiyasi sifatida gidroenergetika iqlim inqiroziga qarshi kurashish va toza energiyaga o‘tishga erishish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarning ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda. Kichik gidroenergetika mahalliy ehtiyojlar va mahalliy sharoitlarga moslashishi, shuningdek, energiyaga talab zichligi past bo‘lgan chekka qishloq joylarda foydalanishga yaroqliligi tufayli butun dunyo bo‘ylab energetikani rivojlantirish strategiyalarining markazida bo‘lib kelgan.
“O‘zbekgidroenergo” AJ Axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda energiyaning 10,8 foizi gidroelektr stansiyalari yordamida ishlab chiqariladi. Xususan, hududlardagi gidroenergetika stansiyalari kunlik energiya extiyojini ta’minlash uchun qulay va samarali yechim beradi. Bunday stansiyalar umumiy tarmoqqa ulanmasdan alohida hududlar va mahallalarni elektr energiyasi bilan ta’minlashga qodir. Ishlab chiqarilgan energiyaning narxi boshqa manbalarga nisbatan ancha past, bu esa gidroenergetikani rivojlanishning ustuvor yo‘nalishiga aylantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 28 martdagi “Respublika hududlarida mikro gidroelektr stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda mini va mikro GESlar qurilishida yangi bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatlidir. Hujjatda, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan:
– 2025-2026 yillarda Respublika hududlarida jami quvvati 164 MVt bo‘lgan 2 983 ta mikro GES qurish va yiliga 500 mln kVt/soat ekologik toza elektr energiyasini ishlab chiqarish;
– yangi mikro GESlarni ishga tushirish hisobiga 280 mingta aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash;
– aholi va sanoat korxonalarining yillik tabiiy gaz iste’molini 151 mln metr kubga kamaytirish va buning hisobiga 251 ming tonna karbonat angidrid chiqarilishini qisqartirish;
– mikro GES quriladigan yer maydonida qurilish-montaj ishlarini bajarishda daraxt va butalarni ko‘chirish zarurati yuzaga kelganda, ular buyurtmachi mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda ko‘chirilishi, ko‘chirish imkoni mavjud bo‘lmagan taqdirda esa, kesiladigan daraxt va butalarning har birining o‘rniga qimmatliligi jihatidan kam bo‘lmagan 10 tup yirik o‘lchamli ko‘chat kompensasiya sifatida ekilishi hamda 2 yil davomida parvarishlanishi kafolatlanadi.
Mini GESlar qurilishida nimalarga e’tibor berish zarur?
Yevgeniy Simonov, “Chegara bilmas daryolar” xalqaro jamoat fondi yetakchi eksperti:
– Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonning tog‘ daryolari kelib chiqadigan muzliklar iqlim o‘zgarishi tufayli juda tez erimoqda. Bunday tog‘li daryolarda mini GESlar qurilishi esa daryo qaysidir vaqtda qurib qolishi xavfini tug‘dirishi mumkin. Iqlim o‘zgarishi tufayli suv hajmining kamayishi oqibatida u ilgari rejalashtirilgan elektr energiyasini kamroq ishlab chiqaradi. O‘zbekistonda mikro va kichik gidroenergetikani qurish va ulardan foydalanishda shu kabi jihatlar inobatga olinishi kerak.
Timur Abduraupov, Zoologiya instituti kichik ilmiy xodimi:
– Biron-bir inshoot qurilishini rejalashtirayotganda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bu hududda endemik turlar yashaydimi yoki o‘sadimi, qurilish ushbu turlarga qanday zarar yetkazishi haqida ekspertiza o‘tkazib, tahlillar asosida aniq javob berishi kerak. Aksariyat holatda ayni paytda qurilgan mini GESlar tufayli qurilish jarayonida hududdagi bioxilmaxilikka zarar yetkazilishi kuzatilgan.
Baxtiyor Sheraliev, biolog-ixtiolog, genetik:
– Mini GESlarning aksariyati tog‘ daryolarida qurilayotgani bois, mahalliy gidrobiontlar qay darajada hisobga olinayotganiga, albatta, e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Sababi, aksariyat tog‘ daryolarimizda uchrovchi ixtiofaunamiz tarkibi unikal bo‘lib, mintaqa endemik turlari hisoblanadi. Masalan, Farg‘ona vodiysidagi So‘x daryosida, Shohimardonsoyda, Chodaksoyda, Toshkent viloyatidagi Dukentsoyda, Ugom daryosida kamyob va noyob baliq turlari uchraydi. Mazkur daryo va soylar o‘zanida tashkil etiladigan kichik GESlar ushbu baliq turlarining havza bo‘ylab migratsiyasiga to‘siq bo‘lishi va turning ko‘payish jarayoniga ta’sir qilishi extimolini ilmiy asosda baholash kerak.
Mutaxassislarning fikricha, ayrim kamchiliklarga qaramay, O‘zbekistonda mini GESlar barqaror kelajakka o‘tishda muhim o‘rin tutadigan samarali va ekologik toza energiya manbai sanaladi. Mini GESlar energiya bilan ta’minlash va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishning bir usuli hisoblanadi. Lekin u iqlim o‘zgarishi muammolarini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ekologik va ijtimoiy xavflarni ham keltirib chiqarishi mumkinligini inobatga olgan holda, ushbu xatarlarni minimallashtirish va barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun, GESlar qurilishini boshlashdan oldin har tomonlama baholash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va ekologik standartlarga rioya qilishni ta’minlash kerak.
Nargis Qosimova,
ekojurnalist