Yangioboddagi hayvonlarga yordam o‘rniga ularni zaharlashdi

Yangioboddagi hayvonlarga yordam o‘rniga ularni zaharlashdi

Yangiobod hududida so‘nggi kunlarda yuz bergan voqealar hayvonlarni himoya qiluvchi ko‘plab fuqarolarni larzaga soldi. Ko‘p yillardan buyon tashlab ketilgan hayvonlarga yordam ko‘rsatib kelayotgan faollar bu hududda vaziyat yomonlashgani, hatto ochiqchasiga zo‘ravonlik holatlari sodir bo‘lganini bildirishmoqda.

Faollardan biri shunday deydi:

“Yangiobadda hech narsa o‘zgarmadi – aksincha, yanada yomonlashdi! Biz – men, Alfiyaxon va boshqalar – bu yerda sodir bo‘layotgan holatlar haqida necha bor postlar yozdik, yordam so‘radik, lekin hech kim e’tibor qilmadi. Rasmiylar ‘chora ko‘rishdi – lekin bu chora hayvonlarni zaharlash bo‘ldi!”

Murojaatga ko‘ra, rasmiylar hududni “tozalash” nomi ostida ko‘plab itlarni zaharlab o‘ldirishgan. Ayni damda ko‘plab itlarning jasadlari konteynerlar ostida yotibdi va odamlar ularni chiqarib olishga ham ulgurmayapti.

“Biz bu itlarni karantin vaqtidayoq boqardik. Ular bu yerda osoyishta yashashardi. Endi esa – yo‘q. Ular azob ichida o‘lishdi… Bu itlardan biri – suratdagi ona it ham, qiynalib jon berdi. Ko‘pchilik itlar bilan birga.”

Faollar bu kabi “tozalash” usullarini qat’iyan qoralamoqda va mahalliy hokimiyatning bu harakatlarini insonparvarlikka zid, zolimona deb atashmoqda. Yangiobodda yashayotgan fuqarolar ham bu holatdan norozi – nafaqat azob chekkan hayvonlar, balki ularni boqib kelgan insonlar ham ruhan og‘ir ahvolda qolishgan.

Murojaatchilar Yangioboddagi tashlandiq hayvonlarga nisbatan bunday shafqatsiz munosabatni to‘xtatish, ularni himoya qilish uchun ijtimoiy tashkilotlar va mutasaddi idoralarni zudlik bilan choralar ko‘rishga chaqirishmoqda.