Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasi, 60-uy manzilida joylashgan savdo kompleksi oldida faoliyat yuritayotgan telefon savdo do‘konlaridan biri bitta chinor daraxtiga elektr tokini ulagan.
Bu holatga guvoh bo‘lgan fuqarolarning aytishicha, go‘yoki «innovatsion» uslubda daraxtdan elektr energiyasi olinayotgani yoki aksincha, daraxtni ataylab quritish uchun elektr tokiga ulab qo‘yilgan bo‘lishi mumkin. Har ikki holatda ham bu amaliyot atrof-muhit va yashil hududlarga nisbatan xavfli va noqonuniy munosabat bo‘lib, ekologik muvozanatga zarar yetkazadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 49, 61 va 62-moddalarida atrof-muhitni asrash har bir fuqaroning burchi ekani belgilangan. Yurtimiz Prezidenti tomonidan esa 2025-yil “Atrof-muhitni asrash yili” deb e’lon qilingan.
Shu munosabat bilan tegishli idoralardan daraxtga ulangan elektr simlarini zudlik bilan olib tashlash, shuningdek, Qatortol ko‘chasidagi daraxtlar atrofini 2×2 metr radiusda beton qoplamalardan tozalash bo‘yicha amaliy chora ko‘rishlarini so‘raymiz.
Tabiatni asrash – bu faqat davlatning emas, balki har birimizning burchimizdir!