Ekologik muvozanatga jiddiy tahdid

Ekologik muvozanatga jiddiy tahdid

Angren shahri, Toshkent viloyati — hududda faoliyat yuritayotgan ko‘mir qazib oluvchi Appartak 3 dagi shaxsiy karyer aholining sog‘lig‘i va ekologik muvozanatga jiddiy tahdid solmoqda. Mahalliy aholi vakillarining bildirishicha, ushbu karyer yo‘llariga muntazam ravishda suv sepilmagani sababli katta miqdorda chang havoga ko‘tarilmoqda va bu fuqarolarning toza havo bilan nafas olishini qiyinlashtirmoqda.

Chang zarralari havoda uzoq vaqt saqlanib qolishi mumkin bo‘lib, u nafaqat nafas olish yo‘llariga, balki yurak-qon tomir tizimiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayni vaqtda karyer faoliyatida changni bostirish uchun maxsus texnikalar yordamida yo‘llarga suv sepilishi lozim bo‘lsa-da, amalda bu talabga rioya qilinmayapti.

Bu holat ekologik xavfsizlik talablariga zid bo‘lib, atrof-muhitni muhofaza qilishga doir qonunlar va normalarning buzilishi hisoblanadi. Tabiiy muhitni saqlash va aholining sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mas’ul organlar tomonidan tezkor choralar ko‘rilishi lozim.

Aholi vakillari ushbu muammoni ommaga yetkazish, ekologik nazoratni kuchaytirish va tegishli davlat tashkilotlari aralashuvi orqali muammoni hal etishga umid qilmoqda.