Bundan bir yarim yil avval, 2018 yilning avgust oyida, Prezident Shavkat Mirziyoev Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlar rahbarlari majlisida Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi bo‘yicha beshta taklifni ilgari surib, Orolbo‘yi hududini Ekologik innovasiya va texnologiyalar zonasi, deb e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqish haqida to‘xtalgan edi.
Mutaxassislarning fikricha, bu tashabbus ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga xorijiy investisiyalarni jalb qilish uchun sharoit yaratish; “yashil iqtisodiyot”, ekologik toza, energiya va suv tejaydigan texnologiyalar tamoyillarini kompleks tatbiq etish; cho‘llanish va ekologik migratsiyaga barham berish; ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishga yordam beradi.
“Qum ko‘chkilarini mustahkamlash, Orolning qurigan qismidan havoga zaharli aerozol changlari ko‘tarilishini kamaytirish masalalari bizning e’tiborimiz markazida bo‘lishi zarur. Shu maqsadda cho‘l sharoitiga chidamli va ozuqa o‘simliklari ko‘chatlarini yetishtirish bo‘yicha Mintaqaviy markaz tashkil qilish maqsadga muvofiq. Olimlarimiz bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 10-12 yil davomida dengizning qurigan qismini daraxtzor va butazorlarga aylantirishimiz mumkin. Bundan tashqari, yangi unumdor yaylovlar yaratishga qurbimiz yetadi, bu chorvachilikni izchil rivojlantirish va o‘n minglab odamlarni ish bilan ta’minlash imkonini beradi. Mintaqaviy markaz esa ehtiyoj katta bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘ziga xos noyob ilmiy-ta’lim bazasiga aylanadi”, dedi Prezident.
Mintaqamizning noyob hayvonot dunyosini saqlash uchun Orolbo‘yi zonasida muhofaza qilinadigan transchegaraviy tabiiy hududlar tashkil etish ham taklif qilindi. Yo‘qolib borayotgan hayvonlar, jumladan, qoplon, qulon, sayg‘oq va boshqa noyob jonivorlarni saqlab qolish uchun barcha ishlarni o‘zaro kelishib amalga oshirish nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Suvni tejash, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va ulardan oqilona foydalanish masalalaridagi mintaqaviy hamkorlik darajasini keskin oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng mintaqada, xususan, O‘zbekistonda Orol dengizini qutqarish kampaniyasiga start berildi. Jumladan, yaqinda prezidentning yana bir muhim qarori e’lon qilindi. 2020 yil 12 fevral’ sanasida imzolangan hujjatga muvofiq, Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etish hamda sayyohlar sonini ko‘paytirishga qaratilgan “My garden in the Aral Sea” (“Oroldagi bog‘im”) agro va ekoturizm loyihasi amalga oshiriladi.
Xalqaro innovasiya markazining ehtiyojlaridan kelib chiqib, ko‘rgazmali tajriba-sinov maydonlarini tashkil etish maqsadida Qoraqalpog‘iston hududidagi zaxira yer maydonlari, Orol dengizining qurigan tubidagi hududdan hamda Orolbo‘yi hududidagi o‘rmon fondi yerlaridan yer maydonlari ajratiladi.
Nukus shahar Markaziy bozoridan Nukus tumanidagi Xalqaro innovasiya markazi hududigacha bo‘lgan yo‘nalishda muntazam jamoat transporti qatnovi tashkil etiladi. Ayni paytda Xalqaro innovasiya markazi tomonidan “Mo‘ynoq” va “Samanbay” tajriba-sinov maydonlari tashkil etilgan, shuningdek sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli cho‘l va manzarali o‘simliklar genofondi shakllantirilib, 13 turdagi o‘simlik dunyosi ob’ektlari sinovdan o‘tkazilmoqda.