Farg‘onada mahalla raisi jarimaga tortildi

Farg‘onada mahalla raisi jarimaga tortildi

Farg‘ona viloyati Buvayda tumani “Bumozor” MFY raisi 6 ta archa ko‘chatlarini qurib qolishiga yo‘l qo‘ygani uchun jarimaga tortildi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 5 yoshli 6 ta archa ko‘chatlari ekilib, ular “Bumozor” MFY raisi va hudud profilaktika inspektori tomonidan boshqa joyga ko‘chirilgani, hozirda archalarni sug‘orish va parvarishlash ishlarini olib borilmagani sabab archa ko‘chatlari qurib, qo‘porib tashlangani mavzusida xabarlar tarqagan.

Xabarga ko‘ra, Farg‘ona viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari tomonidan joyida o‘rganish ishlari olib borildi.

O‘rganish davomida 2023-yil Bahor mavsumida Buvayda tumani hokimligi “Bumozor” MFY hududiga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan archa ko‘chatlari Buvayda tuman inspektorlari tomonidan “Elektron platformaga” ro‘yxatga olingan.

Holatga ko‘ra fuqaro Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 95-moddasida (Tabiiy muhitni tiklash, tabiiy zaxiralarni qayta hosil qilish va tabiiy muhitga zararli ta’sir ko‘rsatish oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rmaganlik) nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilib 330 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima tayinlangan.