2040-yilga borib sayyoramizning 80 foiz aholisi suvsiz qolishi mumkin

2040-yilga borib sayyoramizning 80 foiz aholisi suvsiz qolishi mumkin

Butun dunyoda bugungi kunda eng dolzarb muammolardan biri atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi bo‘lib qoldi.

Foto: «Freepik»

Mamlakatimizda ham bu borada izchil siyosat olib borilmoqda. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan beshta ustuvor yo‘nalishlardan biri atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslaridan tejab–tergab foydalanishdir. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, “Ekologiya va atrof- muhitni asrash,suv taqchilligining oldini olish bundan buyon ham biz uchun dolzarb vazifa bo‘lib qoladi.”

Men ko‘p yillardan beri o‘quvchi- yoshlarga fizika fanidan dars berib kelaman. Shuning uchun har bir mavzuni hayotga bog‘lab tushuntirishga harakat qilaman. Ayniqsa, keyingi yillarda iqlim o‘zgarayotganligi, kunlar birdan isib yoki sovib ketayotganligi hammamizga ayon. Yoshi katta ota-bobolarimiz, momolarimiz bilan suhbatlashsak, “eh, bizlarning yoshlik yillarimizda tizza baravar qorlar yog‘ardi, tomni kurab, shundoq qor uyumining ustiga tomdan sakrab tushardik. Bugungi avlod unaqangi qorlarni hali ko‘rishgani yo‘q”, – deyishadi. O‘tgan yilgi anomal sovuq esa hammani birdan shoshirib qo‘ydi. Xullas, iqlim yildan yilga o‘zgarib bormoqda.

Men buni o‘quvchilarga tushuntirishda fizik hodislarni tahlil qilib, olimlarning bu haqdagi, jumladan, parnik ta’siri xususidagi ilmiy kuzatishlari, xulosalaridan foydalanishga harakat qilaman.

Parnik ta’siri deganda atmosfera quyi qatlamining issiqlik gazlari ta’sirida qizishi tushuniladi. Natijada yer yuzasining harorati ko‘tariladi. Buni avtomobillardan chiqadigan is gazi, sanoatda ko‘mir, neft, tabiiy gaz yoqilganda atmosferaga katta miqdorda karbonat angidrid va boshqa zararli birikmalarning tarqalishi, poligonlarning ko‘payib borayotganligi, o‘rmonlarning qisqarayotganligi va boshqa qator omillar keltirib chiqarayotganligiga e’tiborni qarataman.

Shuningdek, parnik ta’siri kasalliklar va epidemiyalarning rivojlanishiga olib kelishini aytaman: (ebola isitmasi, vabo, sil kasalligi, tashqi va ichki parazitlar, uyqu kasalligi, sariq isitma), Qutb muzliklari erib, dengiz sathining ko‘tarilishi (bo‘ron, kuchli yashinlar ko‘payib borayotganligi.) Atmosferaning isishi tufayli qor tez eriyotganligi, mavsumiy yomg‘irlar tezroq tugab qolayotganligi va natijada quruq kunlar soni ortib borayotganligini ta’kidlayman. Misol uchun, o‘rtacha yillik haroratning bir darajaga ko‘tarilishi tufayli 200 million gektarga yaqin o‘rmonlar dashtga aylanadi. Yashil maydonlaring qisqarishi tufayli fotosintez bo‘lib, karbonat angidridni qayta ishlash kamayib boryapti. Bundan tashqari Er yuzasining isishi tufayli suvning bug‘lanishi kuchayadi, bu esa parnik ta’sirini yanada oshiradi. Suv va havo haroratining oshishi munosabati bilan bir qator tirik mavjudotlar hayotiga ham jiddiy xavf tug‘iladi.

Parnik effektidan darak berayotgan ayrim  hodisalarga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Masalan, 1880-yildan buyon olib borilayotgan kuzatishlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, 2023-yil yozi shu davr ichidagi eng issiq fasl bo‘ldi. BMT “global isish”dan «global qaynash davri»ga o‘tilganini e’lon qildi.

2040-yilga borib sayyoramizning 80 foiz aholisi suv muammosiga yo‘liqishi prognoz qilinmoqda. O‘zbekiston  ham bu ro‘yxatda eng og‘ir hududlardan biri sifatida qayd etilgan. Yoki Erondagi Urmiya ko‘li bir vaqtlar Yaqin Sharqdagi eng katta tuzli ko‘l bo‘lgan bo‘lsa,bugungi kunda  iqlim o‘zgarishi tufayli u ulkan sho‘r cho‘lga aylangan. Kaspiy dengizining qirg‘og‘i so‘nggi 6-yilning o‘zida 12 km ichkariga chekingan. 2011-yildan buyon dengiz sathi naqd 1.5 metrga pasaygan. Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimida suv hajmi 36 km kubgacha kamaygan..Oxirgi 30-yil ichida Jahon okeanining sathi 9 sm dan sal ko‘proq ko‘tarilgan. Kuzatuvlarga ko‘ra, bu vaqt ichida okean sathining ko‘tarilish tezligi 3 barobarga oshgan.

Endi savol tug‘iladi: xo‘sh,parnik effektini sekinlatish, u keltiradigan salbiy oqibatlarning oldini olish uchun insoniyat tomonidan qanday choralarni amalga oshirish zarur bo‘ladi?

Birinchidan,ichki yonuv dvigateli bilan ishlaydigan avtomobillar o‘rniga elektromobillardan foydalanishga o‘tish. Ikkinchidan, Ko‘mir, neft va gaz yoqilg‘isi bilan ishlaydigan sanoat korxonalarini,qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ishlashga almashtirish.Uchinchidan,Yangi o‘rmon zonalarini yaratish. To‘rtinchidan, energiya samaradorligini oshirish va barcha sohalarni energiya tejovchi texnologiyalar bilan modernizatsiya qilish.Beshinchidan, tuproq tarkibidagi organik moddalarni saqlab qolish (chunki ularning yo‘qolishi to‘g‘ridan to‘g‘ri parnik effektiga ta’sir qiladi). Oltinchidan, professor Jeremi Mandeyning fikricha, Yer yuzasining 1-2 foizini oq bo‘yoq bilan qoplash orqali koinotga qaytariladigan yorug‘lik miqdorini ko‘paytirish mumkin va bu global haroratni barqarorlashtirish uchun yetarli bo‘ladi.Yettinchidan, Shimoliy muz okeani va Antarktidani oq mato bilan qoplansa ko‘p miqdordagi yorug‘likning qaytarilishi hisobiga muz tog‘lari erishi sekinlashadi.

Xulosa shuki, dunyo olimlarining parnik effektini sekinlashtirishga oid bu tavsiyalarini imkon qadar tezroq amalga tatbiq etilsa, o‘ylaymizki, insoniyatni tashvishga solayotgan jiddiy muammolarga albatta, yechim topiladi. Shunday ekan, mamlakatimizda davom etayotgan yashil makonumummilliyy loyihasini amalga oshirishda barcha, ayniqsa,yoshlar  faol ishtirok   etishlari, bir tupdan bo‘lsa ham ko‘chat ekib, bog‘ yaratib, iqlim musaffoligini ta’minlashga o‘z hissalarini qo‘shishlari zarur.

Avazjon TOSHPO‘LATOV,
Chust tumanidagi 14-maktab fizika fani o‘qituvchisi.