Nashrimizga kuzatuvchimizdan 2-avgust kuni, Toshkentdagi Taras Shevchenko ko‘chasi rekonstruksiyasida daraxtlar qo‘porilgani haqida xabar kelib tushgan edi. Bizga xabar kelgan kuning o‘zidayoq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi Toshkent shahar boshqarmasi holat yuzasidan «ehtiyotsizlik oqibatida archa daraxti tag qismi bilan qo‘porilib tashlanganligi aniqlanib, fuqaro A.A ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtK ning 79-moddasi 1-qismi bilan 8 500 000 so‘m jarima hamda 1 360 000 so‘m miqdorida tabiatga zarar yetkazilgan deb» rasmiy munosabat bildirildi.
Saytimiz muxbirlari holat qanchalik haqiqatga yaqinligini o‘rganish uchun 5-avgust kuni Toshkentdagi Taras Shevchenko ko‘chasidagi rekonstruksiya maydoniga bordi. Afsuski, surishtiruvlarimiz davomida hududda 1 ta archa daraxti emas, balki 6 tadan ortiq daraxtlar nom-nishonsiz yo‘q qilinganini aniqladik. Daraxtlarning taqdiri nima bilan tugaganini aniqlash uchun tuman inspektori bilan bog‘landik, hududga yetib kelgan inspektor biz xabar berganimizdan keyingina qurilish maydonida yana qo‘shimcha ravishda daraxtlar kesilganidan xabar topdi.
Daraxtlar kesilganmi? degan savolimizga tuman ekologiya inspektori yo‘q, balki ular ko‘chirib o‘tkazilgan ham bo‘lishi mumkin, deya javob qaytardi. Berilgan javob bizni ajablantirdi. Daraxtlarni sizdan ruxsatsiz sizni ogohlantirmay ko‘chirib o‘tkazishlari mumkinmi degan? qo‘shimcha savolimizga inspektor javob berishni istamadi va ushbu savollarga javobni Toshkent shahar hokimligi qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosaridan olishimiz kerakligini bildirdi.
Gastronomik ko‘chaga aylantirish rejalashtirilgan Shevchenko ko‘chasini rekonstruksiya qilish rejasi ekologlar bilan kelishilganmi yoki yo‘qmi? O‘z hududida bo‘layotgan ishlardan xabari yo‘q inspektor shahar boshqarmasiga murojaatlar yuzasidan to‘liq o‘rganilmagan ma’lumotlarni uzatib, qanchalik ekologiyaga achinishini bildirib qo‘ydi.
Mirobod tumani hokimligi holat yuzasidan bildirgan rasmiy munosabatida sentyabr oyida qurib bitkazilishi rejalashtirilayotgan ushbu gastronomik ko‘chada tasdiqlangan loyiha bo‘yicha ko‘plab manzarali daraxt ko‘chatlari ekilishi va sug‘orish tizimi o‘rnatilishi ko‘zda tutilganini ma’lum qilgandi. Hokimiyatga qo‘shimcha daraxtlar ekish uchun ruxsat berilgan bo‘lishi mumkin, borlarini qo‘porib kesish uchun emas!
Videodan ko‘rinib turibdiki, ba’zi joylarda ekskavator kovshi yerni daraxt tanasiga yaqin joydan chopgan. Biz surishtiruv olib borgan kunimiz tuman inspektori qonunbuzarlar jazosini olishini bildirdi. Ammo shuncha kun o‘tgan bo‘lsa-da, qonunbuzarlar jazoga tortilmadi. Savollarimizga javob qaytarilmadi. Holat yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining mas’ul xodimlarini ham ogohlantirdik, ammo hamma jim. Agar qonunbuzarlar jarimaga tortilgan bo‘lsa, ularni kim? Qaysi quruvchi qo‘porgan? Tabiatga qancha zarar yetkazilgan? Nega ekologiya boshqarmasi tegishli hujjatlarni nashrimizga taqdim etolmayapti?
Iyul oyida Toshkent shahridagi Taras Shevchenko ko‘chasining bir qismini gastronomik ko‘chaga aylantirish rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Yangi yoritish tizimi, o‘rindiqlar, chiqindi qutilari, bolalar maydonchalari o‘rnatish rejalashtirilgan. Ammo bu loyiha sog‘lom va yosh daraxtlarni qurbon qilgan holda amalga oshirilmoqda.
Feruzbek Sayfullayev