EKOLOGIYA SOHASIDA YAGONA AYOL RAHBAR RO‘ZIGUL SAFAROVA NEGA ISHDAN KETDI?

EKOLOGIYA SOHASIDA YAGONA AYOL RAHBAR RO‘ZIGUL SAFAROVA NEGA ISHDAN KETDI?

Ona tabiatni asrashga faqat erkaklar mas’ulmi? Dunyo amaliyotida  tabiatni asrashga bel bog‘lagan va bu borada muvaffaqiyatga erishgan ayollar anchagina. Masalan, qo‘shni Qozog‘istonda “Borsa-kelmas”  qo‘riqxonasining rahbari bo‘lib ishlagan  Zauresh Alimbetova davrida qo‘riqxonanig flora va faunasi tiklangan, brakon’erlik holati keskin kamaygan. Bunday misollarni Rossiya, Kanada, Yevropa davlatlari misolida ko‘plab keltirish mumkin. Nega ayollar ekologik muammolarni bartaraf etishga,  Ona tabiatimizni muhofaza qilishga bel bog‘laganda  brakon’erlik holati kamayadi? Nega o‘sha joyning bioxilmaxilligi tiklanadi? Chunki ayol tabiatan oilasini, farzandlarini, uyini asrab-avaylashga moyil. U qurol ko‘tarib, ov qilmaydi. Aksincha  onasidan ayrilgan jonivorni boqishga, uyiga,  ko‘chasiga gul ekib, ko‘kalamzorlashtirishga harakat qiladi.

 

“Erkaklar ishi” deb qaraladigan o‘ta ma’suliyatli va murakkab sohada 35 yil faoliyat yuritgan, ekologiya tarmog‘ida yagona ayol rahbar Ro‘zigul To‘xtaevna Safarovaning yaqinda o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketganligi haqida xabarlar tarqalganini eshitib, juda xafa bo‘ldim. Ilk marotaba Ro‘zigul opa bilan  bundan ikki yil oldin uchrashgan va uning qat’iyati, tabiatni asrash borasidagi jonkuyarligini ko‘rib, qani endi tabiatimiz ana shunday insonlar qo‘lida bo‘lsa, bugungi kundagi mavjud ekologik muammolarning yarmi ham  bo‘lmasdi, deb o‘ylagan edim..

Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati chiqargan xabarda Ro‘zigul Safarovani o‘z arizasiga binoan nafaqaga chiqqanligi, xayrlashuv tadbirida Ro‘zigul opaga viloyat Ekologiyasining vise prizidenti maqomi berilganligi ma’lum qilingan.

Chindan ham tabiat  va uning ne’matlarini asrab qolish yo‘lida qattiqqo‘l rahbar, tabiatning asl jonkuyariga  vise prezident maqomi berilishi o‘rinli.  Lekin  tabiat uchun doimo jon fido qilishga tayyor turgan, o‘tgan yillarda buning zaqqum azobini ham boshdan kechirgan Ro‘zigul Safarova xabardagidek o‘z xohishi bilan emas balki shunga majbur qilingan holatda tazyiqlar bilan ishdan olingandek tuyuladi.

Oqsab turgan ekologiya tizimini oyoqqa turg‘azgan, har qanday odamlar o‘simlik dunyosiga zarar yetkazishdan qo‘rqish darajasiga olib kelgan  tiyrak rahbarning xizmatlaridan nega voz kechildi? Vazirlik bergan munosabatda 6 ta viloyat Ekologiya boshqarmasi boshliqlari lavozimidan ozod etilgani aytiladi. Bu haqiqatga yaqin xabar, deb bilsak bo‘ladi. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda,  joriy yilning 27-iyun sanasida Ekologiya vazirligiga har bir viloyat boshqarma boshliqlari chaqirtiriladi va vazir huzurida 6 oy davomida bajargan ishlari yuzasidan taqdimot qilishadi. Ammo barcha «shartnomasi tugagan” viloyat boshqarma boshliqlari qaytadan ishga olinib, R.Safarova o‘sha holatda o‘z arizasi bilan ishdan ketishga majbur qilinadi. Avvalo xalqning, jamoat vakillarining ko‘nglidan joy olgan tizimdagi yagona ayol rahbar Ro‘zigul Safarovaning  har qanday og‘ir vaziyatda ham haqiqat tarafida turishi, tizimdagi muammolarni ko‘tarib chiqishi, uni qo‘rqmasdan aytishi kimlargadir yana yoqmadi.  Har xil bosimlar va hiylalar ishlatishdi va alal-oqibat maqsadlariga ham yetishishdi ham. Fidoiy rahbar  lavozimni emas faqatgina daraxtlarni, o‘zi yaratgan bog‘larni, o‘zi jon jahdi bilan himoya qilgan o‘simlik va hayvonot dunyosini tashlab ketishga ich-ichidan rozi bo‘lmadi. Ammo uni shunday yo‘l tutishga majbur etishdi.

Yaralangan ohu tog‘ning kimsasiz joyidan mo‘miyo axtarib topadi hamda o‘z-o‘zini davolaydi deb eshitganmiz. Darhaqiqat oramizda ham mana shunday insonlar bor. Ular o‘z jarohatlarini o‘zlari davolashni ma’qul ko‘rishadi. Ro‘zigul opa ham xuddi shunday insonlardan.  Ro‘zigul Safarovani Surxon ahli  hayoti davomida juda ko‘p haqsizliklar va xiyonatlarga uchrasa-da, g‘ururi bir necha bor toptalsada o‘rnidan turolgan, kurashga kirishga chog‘lanadigan irodali inson deb bilishadi. Biz tanigan Ro‘zigul opa o‘ziga shaxsiy yomonlik qilganlarni ehtimol kechira olishga kuch qudrat topa olar, lekin tabiatni oyoqosti qilgan odamlarga juda ham shafqatsiz va murosasiz.

Tanaffuslardan so‘ng  yana 2 yarim yil Ekologiya boshqarmasida  rahbarlik qilganida ham ona tabiat uchun juda katta ishlarni amalga oshirdi.  Bir necha yillardan buyon viloyat ahlini qiynab kelayotgan, dolzarb muammo bo‘lsada bunga chek qo‘yish uchun  tashabbus ko‘rsatilmayotgan “Afg‘on shamoliga qarshi chora tadbirlarni ilk bor Ro‘zigul Safarova ishlab chiqdi va amalda tadbiq etishni boshladi.

-Bu Termiz, Angor, Jarqo‘rg‘on tumanlarini o‘zaro bog‘lab turuvchi “Kattaqum” massivida  saksovul ko‘chatlarini ekish g‘oyasi edi. Viloyat hokimligi boshchiligida boshlangan xayrli ishda “Kattaqum” massivida 20 ming gektar yer maydoniga 200 ming tup saksovul ko‘chatlari ekilib,  qariyb 100 tonna  saksovul urug‘lari sepilib, yashil koplamaga aylantirdik. Bundan tashqari, Termiz tumanining qo‘shni Afg‘oniston davlati bilan chegaradosh hududida qum bo‘ronlarining ta’sirini kamaytirishga xizmat qiladigan ihota o‘rmonzorlari yaratildi, dedi biz bilan suhbatda R.Safarova. Opa kamtarlik qilib, bularning barchasi uning shaxsiy tashabbusi bilan boshlangan harakatlar ekanligini aytmadi.

O‘tgan yili yozda aynan Ro‘zigul Safarovaning tashabbusi bilan yana bir xayrli va xavfli  harakatga ham  qo‘l urilgan desak to‘g‘ri bo‘ladi. Bu Bobotog‘ kovragining noqonuniy kesilishiga tamomila chek qo‘yilishi hisoblanadi. R. Safarovaning tashabbusi, bu tashabbusga viloyat hokimining  xayrixohligi ortidan boshlangan keng ko‘lamli nazorat tadbirlari davomida kovrak shirasining noqonuniy olinishi bilan bog‘liq 10 dan ortiq jinoyat ishlari ochildi. Bunda 11 dan ortiq ekologik huquqbuzarlar qamoqqa olindi. Natijada esa bugungi kunda  Surxondaryo viloyatida kovrak shirasini noqonuniy olish deyarli to‘xtatildi. Ha, ekolog mana shunday jasur bo‘lishi lozim. Eng muhimi inson o‘zi uchun, manfaati uchun emas, chinakamiga xalqi, yurtining ertangi kunini o‘ylab yashashi kerak. Ro‘zigul Safarova 35 yillik zalvorli mehnat faoliyatini, umrining katta qismini ana shunday xayrli amallarga, Vatan taraqqiyotiga bag‘ishladi. Bu yo‘llarda  gohida asl tabiatparvar insonlarning rahmatiga gohida esa ekohuquqbuzarlarning nafratiga ham duchor bo‘ldi.

Respublikamizda 2018 yildan buyon amalga oshirilib kelinayotgan gender tengligi siyosati nafaqat zo‘ravonlikka uchragan ayollar himoyasini kuchaytirish, balki barcha sohalarda erkaklar qatorida ayollar sonini ham ko‘paytirishni taqozo etadi. Ammo ekologiya sohasida bu ko‘rsatkich bilan maqtanib bo‘lmaydi. Zero, endilikda viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmalari, muhofaza etiladigan hududlarning rahbarlari, o‘rmon xo‘jaliklari ichida birorta ham ayol rahbar yo‘q. Bundan avval o‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan Dehqonobod o‘rmon xo‘jaligining rahbari Ra’no Bozorova, endilikda Ro‘zigul Safarovalar ham  sohani tark etishdi. Bugun  Prezidentimizning tashabbusi bilan faqat erkaklarning ishi deb qaraladigan sohalarda rahbar ayollar, xokim-ayollarning soni ortib bormoqda. Nega bu jarayon ekologiya sohasida sust?

Viloyatning ijtimoiy va siyosiy hayotida muhim o‘rin egallagan ayol rahbarlardan biri Shohida Oripova:

– Opa ishga kelgan kunidan boshlab, ekologiya, tizimini xalqqa, ayniqsa rahbarlarning ko‘zini ochishdan boshladi, bir so‘z bilan aytganda, ekologiya madaniyatini vohaning katta kichik rahbarlariga tushintirdi. Bu oson bo‘lmagan. Ro‘zigul Safarovani yaxshi biladigan odam sifatida aytishim kerakki, Ro‘zigul opa 7 yoshdan 70 yoshgacha o‘zini ekologiyaning bir bo‘lagi, ekologiya sog‘lom bo‘lmasa hayotida inqirozlar  qo‘vishini anglab yetgandan keyin ishlashning ikkinchi bosqichiga o‘tdi. Bizlar uchun ishlash oson bo‘la boshladi, xuquqbuzarlik keskin kamaya boshladi. Doim bizlarga maksad xuquqbuzarlikni aniqlash darajasiga yetish emas, oldini olishni o‘rganish kerak, deb ta’kidlagan tadbirlarda. Respublikada ham yig‘ilishlarda  bitta ko‘rsatkich – jarima bo‘lsa, opa qaytmasdan yuzing ko‘zing deb o‘tirmasdan maqsadimiz jarima sonini ko‘paytirib ko‘rsatkichni bholash emas, huquqbuzarlikning oldini olib, ko‘rsatkich baholanishi kerak, der edi.

Rahbarlar ham xalq ham ekologiya  degan tashkilot borligini, uning boshida tabiatning jonkuyar onasi borligini tushinib yetgan edi. Vazirlikdan bo‘ladimi, xokimiyatdan bo‘ladimi, topshiriqlarni noto‘g‘ri deb bilsa bajarmas edi.  Shuning uchun ham opani yoqtirishmadi. Zimdan tizimdan yuqotish payiga tushishgan.

Ro‘zigul opa biror bir xodimini boshqa tashkilotlardan himoya qilib kelgan. Menimcha 2 yarim yilda haqiqiy tizim yaratilgan edi, endi  ishlay deganda bunday o‘zgarishlarni ochig‘ini aytsam tushunmayapman. Bu holat uchun vazirlik tayinli bir izoh bildirishi kerak.

Bugun Ro‘zigul Safarovani amal kursisidan  ketkizishgani bilan u tabiat himoyachisi  maqomidan  ketmadi. Hali hayotda bajariladigan vazifalari juda ham ko‘p.  Hayot doimo bir tekis emas- go‘yo u misoli bir charxpalakka o‘xshaydi. Ba’zan sokin, gohida shiddatli. Gohida bemavrid turgan dovul yoinki  to‘fon insonni o‘zi tanlagan yo‘ldan uloqtirib tashlaydi. Haqiqatning egilganiga bu dunyo ko‘p bora guvoh bo‘lgan ammo yakunda baribir u tantana qilavergan. Hali yillar o‘tib,  ehtimol yoshi  sakson- to‘qsonlarga borganda  jajji  evarayu, chevaralarining qo‘lidan tutib, bolalarim ko‘rayapsizlarmi, yurtimiz qanchalar go‘zal, tabiatimiz qanchalar betakror,  uning shunday ko‘rkam va obod bo‘lishiga  mening ham hissam  bor, deya iftihor qilishga haqli bu inson.

 

Nargis Qosimova