Adirlikni o‘rmonga aylantirayotgan Otabek

Adirlikni o‘rmonga aylantirayotgan Otabek

Tabiatga bo‘lgan muhabbat va insoniyatga xizmat qilish istagi ba’zan ulkan g‘oyalarga turtki bo‘ladi. O‘zbekistonning iqlimi quruq hududlardan biri bo‘lgan adirlikda o‘z hayotini atrof-muhit musaffoligini saqlashga bag‘ishlagan bir yigitning hayratlanarli sa’y-harakatlari bunga yorqin misol bo‘la oladi. www.ekolog.uz nashri muxbiri shu kunga qadar Andijon viloyatining Asaka tumani, “Ergashobod” MFY, “Sohibkor” massivida inson qadami yetmagan 220 gektar maydondagi adirlik hududida o‘rmon tashkil qilish kabi xayrli tashabbus bilan chiqqan Otabek Nuritdinov bilan suhbatda bo‘ldi.

 

–  Nima uchun Sizda aynan adirlikda o‘rmon tashkil qilish g‘oyasi tug‘ildi? Bu Siz uchun tabiatga bo‘lgan otashin mehrmi yoki bir shunchaki, tavakkalchilik ortidan qilinadigan havasmi?

– Har bir insonda bu hayotda avvalambor yashashdan bir maqsad bo‘lmog‘i zarur. Qolaversa, har bir odam o‘zidan so‘ng keyingi avlod uchun nimadir hayrli iz qoldirishi kerak. Bilasiz, dunyoda millionlab insonlar hayotga kelib ketyapti, uy-joy, mashina olishayapti, mol-davlat to‘plashayapti. Ularning bari ham o‘zidan so‘ng nafaqat o‘ziga, jamiyatga biror bir foydasi tegadigan xayrli iz qoldirayaptimi? Meni ana shu narsa azal-azaldan, yoshligimdan o‘ylantirib keladi.

Qisqaroq qilib aytganda, men ham bu o‘tkinchi dunyoda o‘zimdan keyin nimanidir qoldirishni istayman. Bu yerlarni ko‘rgan odam bunaqa joyda o‘rmon tashkil qilishning sira iloji yo‘q, deb o‘ylaydi. Odamlar haligacha bu ishga amalga oshmaydigan fantastik g‘oyadek qarashadi. Lekin ekologiyamiz yildan yilga og‘irlashib bormoqda. BMTning Bosh kotibi Antonio Guterres BMTning bosh minbaridan turib, dunyo olimlarining yozma matnlarini o‘qiganida eng og‘ir ekologik muammolarga duch keladigan davlatlar bu O‘rta Osiyo davlatlari deb gapirgan. Bu dolzarb muammo xususida Prezidentimiz ham ko‘p gapirganlar.

Ming afsuski, bizda aksariyat odamlar faqat buguni bilan yashashga o‘rgangan. Men shularni har tomonlama o‘ylab ko‘rib, ham odamlarimiz uchun, ham ekologiyamiz uchun foydali ish qilishni oldimga ezgu maqsad qilib qo‘ydim.

Bugun to‘g‘risi, yurtdoshlarimiz tabiat qo‘yniga chiqib miriqib dam olishga juda tashna. Haqiqiy tabiat manzaralari, ayniqsa qor sal bo‘lmasa “afsona”ga aylanib bormoqda. Yoshligimizda qanaqa qorlar yog‘ardi. Qorbo‘ronlar, miriqib chana uchishlardan charchamasdik, bugun-chi?! Bugungi avlod qorni ko‘rmay katta bo‘lyapti, desam ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Farzandiga qorni ko‘rsatish uchun ayrim imkoniyati bor ota-onalar qishda bolalarini tog‘ga olib chiqishadi.

Ijtimoiy tarmoqdagi sahifangizda besh yillik soliqlardan ozod qilinganingiz haqida ma’lumot joylashtirgan edingiz. Haqiqatdan soliqlardan ozod etilganmisiz?

– Bizning qonunchiligimizda bunday tashabbuslarni qo‘llab– quvvatlaydigan me’yoriy hujjatlar yo‘q. Bu narsa men kabi katta maqsad yo‘lida bel bog‘lagan insonlarning shashtini tushiradi, albatta. Buni qonun ishlab chiqaruvchi yuqori organlar mutasaddilari chuqurroq o‘ylab ko‘rib, bizday insonlar uchun me’yoriy va imtiyozli hujjatlar qabul qilishlari zarur, deb o‘ylayman. Sababi, ayrim davlatlarda, masalan, Germaniya davlatidagi o‘rmonlar xususiy hisoblanadi va davlat ularga alohida subsidiyalar va imtiyozlar beradi. Xususiy o‘rmon xo‘jaliklarini yuritishda ularda qiyinchiliklar yo‘q. Negaki, davlat tomonidan bu ish qo‘llab-quvvatlanishi natijasida, ular bu boradagi o‘z islohotlarini bemalol amalga oshirishadi.

Bizda o‘zlashtirilmagan yerlarni o‘zlashtirishda davlatning qo‘llab-quvvatlashi juda zarur. Men tanlagan yerlar hatto bazada ham bo‘lmagan. O‘zingizdan o‘zingiz yerga ko‘chat ekib ketolmaysiz, albatta avvalo hujjatlarni qilishingiz kerak. Biz qonuniy yo‘l bilan harakat qilamiz, deb hujjatlarni rasmiylashtirishga chog‘langanimizda yer olish tartibi faqat auksion orqali amalga oshirilishini aytishdi. Auksionga qo‘yish uchun biz adirni bazaga kiritdik, auksionga qo‘ydirdik va auksion orqali yerni sotib oldik.

Auksiondan olgan yer to‘g‘ridan–to‘g‘ri soliq to‘lanadigan ekin yeriga aylanarkan. O‘zi hujjat ishlari bilan ko‘proq oyim shug‘ullanadi, biz esa adirdagi ekin yerlari bilan band bo‘lamiz. Yerni bog‘dorchilik emas, o‘rmonchilik sohasi uchun olmoqchi edik, ammo birorta me’yoriy hujjatda o‘rmonchilik degan narsa yo‘q ekan. Toshkentga bir nechta tashkilotlarga ariza bilan murojaat qildik. Ular kelishib, haqiqatdan bu yerning quruq adirlikdan iborat maydon ekaniga guvoh bo‘lishdi.

Nachora, o‘rmonchilik sohasiga mo‘ljallagan maydonlar bog‘dorchilikka aylandi. Hozirgacha barcha qilinayotgan ishlarni imkoniyatimiz doirasida o‘z mablag‘larimiz hisobidan qilayapmiz. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim yurtdoshlarimiz g‘oyamizni qo‘llab-quvvatlagan holda o‘z fikr-mulohazalarini yozib, karta raqamlarimizga oz-ozdan bo‘lsa-da, yordam sifatida mablag‘ o‘tkazib berishadi. To‘g‘risi, bu mablag‘lar uncha katta summalarni tashkil etmasa-da, bugungi kunda boshlagan ishimizdagi qaysidir kichik muammomizni hal qilishda yordam berayapti. “Arg‘amchiga qil ham quvvat”, deganlaridek, bizni qo‘llab-quvvatlab turgan yurtdoshlarimizdan minnatdormiz.

O‘rmon xo‘jaligi tashkil etmoqchi bo‘lgan yerimiz, 220 gektar yerimiz uchun soliqdan berilgan besh yillik imtiyozimiz bor. Biz hozir imtiyoz berilgan yil ichida va shu besh yildan keyin nima qilishimizni o‘ylayapmiz. Agar moliyaviy qiyinchilik bo‘ladigan bo‘lsa, yerning ma’lum bir qismini olib qolib, qolgan qismini davlatga qaytib berishimizga to‘g‘ri keladi. Texnika xarid qilish, issiqxona va suv havzalari tashkil etish kabi rejalarimizni ham amalga oshirmoqchi bo‘lsak, bu bizdan yanada sabr-matonat talab qiladi va “bo‘z” yerlarni ham o‘zlashtirish imkoniyati bo‘ladi.

Agar davlatimiz tomonidan Sizga yana qo‘shimcha soliqlardan ozod qilingan imtiyozli muddat berilsa, o‘rmon barpo etish borasidagi ishlaringizni tag‘in davom ettirasizmi?

– O‘rmon tashkil qilishda faqat soliq to‘lovlaridan ozod qilish imtiyozi emas, balki moddiy tomondan ham bu ishni amalga oshirishim uchun mablag‘im ham bo‘lishi kerak. Chunki adirlikda texnikalarning ishlashi va ishchi kuchiga ehtiyojimiz bor. Bundan tashqari, suv tarmoqlari yetkazilmagan tarmoqlarga suv olib borish kerak. Menga hozir o‘rmonga ko‘chat ekishim uchun ko‘chatlarni yetishtiradigan issiqxona, ko‘chatlarni sug‘orishni doimiy ta’minlash uchun suv havzasi kerak. Ishchi kuchi muammosini esa hasharlar va boshlagan xayrli ishimni qo‘llab-quvvatlaydiganlarning yordami bilan hal qilsa bo‘ladi. Suv havzasi deganda faqat 220 gektar adir uchun emas, balki atrofidagi yerlar uchun ham suv yetkazib berish kuchiga ega bo‘la oladigan havza kerak.

Koreya davlatining 50-yillardagi tasvirlarini ko‘rganimda ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponlar Koreyaning o‘rmonlarini kesib ketishgan. Shu voqealardan keyin yerlar degradatsiya bo‘lishni boshlagan. Yer osti suvlari qochgan, yog‘ingarchilik kamaygan. Xuddi biznikidek holatga tushib qolgan. Undan keyin 1957-yilda o‘sha vaqtdagi davlat rahbari o‘rmon xo‘jaligini barpo qilish bo‘yicha hujjat imzolaydi va tegishli choralar ko‘radi. U paytlarda Koreya rivojlangan barqaror davlat bo‘lmagan, texnikalar bo‘lmagan. Lekin ularning eng katta yutug‘i xalqda birdamlik bo‘lgan. Katta-katta hasharlar qilib, o‘rmonlar qilishdi. Hozir borsangiz havas qilasiz.

-O‘zingiz yuqorida aytganingizdek, ko‘chatlar uchun suv juda muhim. Adirlikka suv qayerdan keladi?

– Biz adirga suvni pastda nasos stansiyalari bor, asosan shulardan olamiz. Rayish hakan bir, rayish hakan ikki, degan nasos stansiyalarimiz bor. Nasos stansiyalari suvni sobiq ittifoq davridan qolib ketgan lotoklarga to‘kib beradi, keyin suv lotokdan uch yarim kilometr yurib bizning tarmoqqa tushadi. Kelajakda reja qilganmiz, shu uch yarim kilometrli tarmoqni polietilen tarmoqdan tortishni niyat qilganmiz. Buning sababi ham bor, chunki hali ko‘p odamlarimiz suvning qanchalik muammoga aylanib borayotganini tushunmayapti. Chorvaga sal yem-xashak qilib olsam, deb suv kelish tarmoqlarini o‘zgartirib qo‘yayapti. Adirlikka 3 ta nasos suv tashlab beradi. Bitta nasosning bir oylik limiti, bir milliard ikki yuz million so‘m. Bu mablag‘ davlat hisobidan to‘lab beriladi. Davlat u pulni nimaga to‘laydi, odamlar bog‘ qilsin, ko‘chat eksin deb to‘laydi. Ammo, ayrim odamlar bundan noto‘g‘ri foydalanmoqda. Qisqa qilib aytsam, menga keladigan suvni yo‘lda “qaroqchilar” urib qolmoqda. Shunga suv tarmog‘i tortsakkina, bu borada muammo bo‘lmaydi.

-Bugungacha o‘rmon xo‘jaligingizga qaysi turdagi daraxtlardan ekdingiz?

-Qayrag‘och, Albitsiya kabi daraxt nihollari, aksariyat maydonlarga esa  o‘zimizda mavjud bo‘lgan pavloniya ko‘chatlarini ekdik.   Suv bilan muammo bo‘lganiga qaramay, qayrag‘och va Albitsiya ko‘chatlari ko‘karib ketdi. Pavloniya daraxtini esa qalamchalardan ko‘paytirdik. Polsha, Amerika, Turkiya va boshqa mamlakatlardan yurtdoshlarimiz urug‘lar uzatishyapti. Ayrim urug‘lar hali bizning iqlimimizga moslashmagan.

Xorijdan jo‘natilayotgan urug‘larni ochiqlikda ekishni iloji yo‘q. Avvalo, issiqxona qurib, urug‘larni o‘sha yerda ko‘paytirgan holda keyin ochiq maydonlarga o‘tqazsak bo‘ladi. Agar issiqxona qurib ishga tushirsak, o‘sha yerda urug‘larni parvarishlab o‘stirib ko‘paytiramiz va keyin ochiq maydonlarda ekamiz.

-Bilamizki, adirlikda siz yolg‘iz emassiz, ilonlar, tulkilar, qushlar, hatto O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan bo‘z echkiemarlar ham o‘rmonga tashrif buyurib turishadi. Sizning bu hayvonlarga munosabatingiz qanday?

-Siz aytgandek, atrofimizda noyob hayvonlar bor ekan. Suv hovuzlarimizga bir necha martalab bo‘z echkiemarlari tushib ketgan holatlar bo‘ldi. Biz ularni albatta ochiq tabiatga qo‘yib yubordik. Boshida ularni ko‘paytirish fikri ham paydo bo‘ldi. Lekin bilsam, ular tutqunlikda ko‘paymas ekan. Keyin adirlikda ko‘payganlari ma’qul deb, qanday hayvon kelib qolsa ham o‘ldirmay qo‘yib yuboramiz. Men o‘zim shahar hududida yashaganim uchun bunday hayvonlarni ochiq tabiatda ko‘rish menga zavq beradi. Aslida bu yerlar ularning uylari, biz ular bilan bir-birimizni tushunib yashayapmiz.

-Adirlikda o‘rnatilgan quyosh panellari kim tomonidan o‘rnatib berilgan? Homiylik asosida qilindimi yoki o‘z mablag‘laringiz evazigami?

-Quyosh panellari o‘rnatish uchun bajarilgan 75 million so‘mlik barcha ishlar to‘liq o‘z mablag‘larimiz hisobidan amalga oshirildi. Faqat birozgina qarz bo‘lib qoldik. Nasib qilsa, bu qarzlarni ham uzib qolamiz yaqin kunlarda. Har bir qadamimizda bitta muammo, bitta muammodan o‘tsak, ikkinchisiga duch kelamiz. Hozirda eng katta muammo bu suv tarmog‘ini tashkil etish va kapelni trubkalar bor shularni barcha jo‘mraklarga ulash kerak.

O‘rmonni tashkil qilish faqat inson qo‘l mehnati bilan bog‘liq emas. Sizning qanday texnikalarga muhtojligingiz bor?

-To‘g‘ri aytasiz, barcha ishni inson qo‘l mehnati bilan bajarish qiyin. Bizga hech bo‘lmaganda mini-traktor kerak. Men o‘zim “Lovol 504” rusumli mini-traktorni ko‘rdim, narxiyam o‘rtacha ekan. Shu bilan birga tarmoqlarda ishlashimiz uchun  mini-ekskavator  ham zarur.

-O‘rmon tashkil qilayotganingizdan viloyat hokimining xabari bor, albatta. Ular tomonidan Sizga qanday yordam ko‘rsatildi?

-Viloyat hokimining yordami katta bo‘ldi. Boshidan doimiy qo‘llab-quvvatlash bo‘lgan. Hujjat masalalarida muammolar bo‘lganida doim viloyat hokimiga borib, hal qilganmiz. Endi hozirgi muammoli holatlardan xabari yo‘q, chunki hadeb hamma muammoni viloyat hokimiga olib borish uyatli.

Aslida men qilayotgan ish uchun mas’ul tashkilotlar bor ekan, lekin ular menga deyarli yordam ko‘rsatmaydi. Masalan, men ekopartiya haqida ham eshitmagan ekanman. Bunaqa partiya borligi hozir siz bilan muloqot davomida yodimga keldi. Birorta shu yo‘nalishga mas’ul tashkilot kelib “uka tomchilab sug‘orishda bunday subsidiya bor, o‘rmonchilik uchun bunday imtiyoz bor foydalaning”, deb aytmagan. Xayolimda ular menga chetdan nazar tashlab, “Qani, Otabek qayergacha yetib borar ekan”, deb kuzatib turishgandek.

-Yaqinda Asaka tumani hokimi siz tashkil qilayotgan o‘rmonga tashrif buyurib, suv bilan bog‘liq muammoni hal etamiz, degan. Bu gaplar shunchaki qog‘ozda qolib ketadimi?

-Asaka tuman hokimligiga ko‘chat yetkazib berganimiz uchun ularning bizdan 55 million qarzdorligi qolgan edi. Shu pullar unmayotgandi, lekin tuman hokimiga to‘g‘ri tushuntirib aytgandim, hozirda mablag‘larda byudjet taqchilligi bor ekan. Keyingi chorakdan yordam qilamiz, dedi. Ungacha nasoslardan yordam qilamiz, deb 2 ta nasos tashlab ketishdi yigitlar. Hozir 200 metr kabelga, suv havzalariga qo‘shimcha shitlar olishga ehtiyojimiz bor. Suv tarmog‘ini to‘g‘rilab, kapelni trubkalarni o‘tkazib olsak, kuzgi mavsumda 10-15 gektar yerni tayyorlab qo‘ysak bo‘ladi.

-O‘rmonga ko‘chat ekib o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lganlar ham yetarlicha. Ular ham o‘rmonga tashrif buyurib, ko‘chat ekishi mumkinmi?

-Albatta mumkin. Istalgan odam safimizga qo‘shilib, o‘rmon barpo etishga o‘z hissasini qo‘shishi mumkin.  Biz bundan xursand bo‘lamiz faqat. Bu loyiha nafaqat atrof-tabiiy muhitni tiklashga, balki kelajak avlodlar uchun barqaror yashash muhiti yaratishga qaratilgan. Biz ham barchaning bu sa’y-harakatlarimiz haqida bilib, yurtimiz kelajagi uchun qilinayotgan bu yirik loyihaga e’tibor qaratishlari tarafdorimiz.

Nargis Qosimova

Feruzbek SAYFULLAYEV