Orol inqirozi qanday oqibatlarga olib keldi?

Orol inqirozi qanday oqibatlarga olib keldi?

Dunyodagi eng mashhur dengiz qaysi ekanligini bilasizmi? Mashhurligi shunda-ki, u haqida boshqa dengizlarga nisbatan ko‘p aytilgan, yozilgan, bong urilgan. Ha, bu Orol dengizi. Aslida Orol – ko‘l, uning hajmi katta bo‘lgandan keyin dengiz maqomini olgan. Ilmiy nuqtai nazardan olib qaraganda, Kaspiy ham ko‘l hisoblanadi. Bugungi kunda Orol dengiz ham emas, uni ko‘l deb ham aytib bo‘lmaydi. Sobiq dengizning o‘rnida paydo bo‘lgan tuzli barxanlar hozirda Orolqum deb nomlanadi.

Orol suvlari qurishi hali ham davom etmoqda. O‘zim bunga guvoh bo‘lib kelmoqdaman. 2015 yilda Orolning suvi saqlanib qolgan eng chuqur qismiga borib suvga suzgan joylarimiz hozirda botqoqlikka aylanib qolgan. Shaxsiy kuzatuvlarim bo‘yicha so‘nggi 7 yil ichida Orolning suvlari 300 metrgacha qaytgan. Suvda hozirda artemiya deb nomlanaligan zooplanktonlar oilasiga mansub jonzot yashaydi. Artemiyalar akvamadaniyatda faol iste’mol qilinmoqda va u iqtisodiyotga ma’lum darajada foyda keltirmoqda. Ammo, suvning tuzlilik darajasi 300 promillga yetganda (hozir 180-190 promill atrofi) ular ham qirilib ketadi.

Orol o‘z tarixida 4 marta qurigan, deyiladi. Insoniyatga katta kulfat keltirgani shu oxirgi qurishi bo‘lsa kerak. Orol qo‘rigandan keyin Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik ofatning salbiy oqibatlari global miqyosdagi ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni keltirib chiqardi. Orol dengizining qurishi va unga bog‘liq bo‘lgan inqiroz asosan quyidagi yo‘nalishlarda o‘z aksini topdi:

  1. Atrof-muhitning degradasiyasi:

Orol dengizining suvi sezilarli darajada kamayib, dengiz tubi ochilib qoldi. Shu sababli dengizning katta qismi qum va tuz bilan qoplangan cho‘l hududiga aylandi. Bu cho‘ldan shamollar tuz va chang ko‘tarib, yaqin atrofdagi qishloqlar va hududlarga, hatto uzoq masofalarga ham yetib boradigan chang bo‘ronlarini keltirib chiqarmoqda. Bu chang bo‘ronlari yer unumdorligini kamaytiradi va qishloq xo‘jaligiga zarar yetkazadi.

Orolning qurishi Orolbo‘yi mintaqasi yerlarining tez sho‘rlanishiga va cho‘llanishiga olib keldi. Natijada, suv yetishmasligi tufayli sobiq gidromorf tuproqlar 3-5 yil ichida sho‘rhoqliklarga aylandi. Masalan, Qoraqalpog‘istonda 1975 yilda sug‘oriladigan yerlarning 43% sho‘rlangan bo‘lsa, 1985 yilga kelib bu ko‘rsatkich 80%ga yetgan, 1997 yilda esa 93%ni tashkil etgan. Har o‘rtacha 8-10 yilda dengiz yaqinidagi sho‘rhoqlar qumli tuproqlarga aylanadi. 2000 yilga kelib Sirdaryo havzasida 750 ming gektar yer qurib qolgan. Sho‘rlanishdan tashqari, ifloslanish muammosi ham dolzarb bo‘lib qolgan, chunki qishloq xo‘jaligi yerlarini ishlov berishda qo‘llanilgan kimyoviy moddalar dengiz botqoqliklarida to‘planib qolgan. Orolning chekinishi natijasida shamol bu zararli moddalarni tarqatib, yanada ko‘proq yerlarga ziyon yetkaza boshlagan. 2006 yil oxiriga kelib O‘zbekiston hududida dengiz tubidan 785 ming gektar qurib qolgan yer yuqori ekologik xavf hududi sifatida tan olingan.

Ma’lumotlarga qaraganda, Qoraqalpog‘istonda 1 gektar joyga har yili 5 tonna tuz tushar ekan. Bular aynan Orol dengizining qurigan tubidan havoga ko‘tarilayotgan zararli aerozol tuzlardir. 2017 yil bahor oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Buxoro viloyatlariga, Turkmaniston Respublikasi hududlariga yopirilgan tuz bo‘roni muammoning naqadar dahshat ekanligini ko‘rsatib quydi.Shu paytlari qora rangli avtomashina haydar edim. Tuz yog‘gan kuni ertasiga qarasam, mashinam xuddi qor yog‘gandek oq tuz bilan burkangan ekan.

Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Qorao‘zak, Chimboy kabi Orolga yaqin hududlarda yer doim oppoq qor bilan qoplangandek sho‘rlanib yotadi. Bu yerlarda bahor-yoz oylari yursangiz tuzli shamollardan erningiz yorilib ketadi. Bexosdan tilingiz erningizga tegib ketsa, zaharli tuzning ta’mini sezasiz.

Orol dengizining qurishi bevosita iqlimning keskin o‘zgarishiga olib keldi, bu holat nafaqat Markaziy Osiyoda, balki boshqa hududlarda ham sezildi. 1960-yillardan boshlab, Orol dengizi atrofida harorati 40 darajadan yuqori bo‘lgan kunlar soni ikki barobarga oshgan. YuNEP xalqaro ekspertlarining 2035-2050 yillarga mo‘ljallangan baholariga ko‘ra, mintaqada havo harorati 1,5-3 darajaga oshishi mumkin. Bu o‘zgarish suvning bug‘lanishi hisobiga 10-15% va o‘simliklar transpiratsiyasi orqali 10-20% yo‘qotishga olib keladi.

O‘zbekistonda mavsumiy quruqchilikning kuchayish tendensiyasi aniq ko‘zga tashlanib, Orol dengizi qurish jarayoni mintaqadagi iqlim sharoitlarini o‘zgartirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini tasdiqlaydi.

Orol dengizi halokati iqlimning kontinentalligini kuchaytirdi, yozgi qurg‘oqchilik va issiqlikni oshirib, sovuq va qattiq qishlarni uzaytirdi. Shuningdek, landshaft biohafzasiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, Ustyurt chinklari, orollarning quruq pasttekisliklari, eroziya va sho‘rhoqli havzalari, eol qum tepaliklari kabi landshaftlarning yo‘qolishiga olib keldi.

 

  1. Salomatlik muammolari:

Orol inqirozi mintaqada yashaydigan odamlarning salomatligiga ham jiddiy xavf solmoqda. Aholi uchun sifatli ichimlik suvidan foydalanish masalasi eng dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Xususan, Orolbo‘yi aholisining yarmidan ko‘pi, ayniqsa qishloq hududlarida yashovchilar yetarli darajada tozalanmagan va yuqoriНачало формы

Конец формы

  1. Iqtisodiy tanazzul:

Orol dengizining qurishi bilan baliqchilik sanoati inqirozga uchradi. Ilgari baliqchilik bilan mashhur bo‘lgan bu hududda ko‘plab odamlar ishini yo‘qotdi. Buning oqibatida mahalliy iqtisodiyot zaiflashib, ko‘plab oilalar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Orol dengizi mavj urib turgan paytida uning atrofida 60 ming kishi ish (asosan baliqchilik) bilan band bo‘lishgan. Mo‘ynoqda butun sobiq Ittifoqga nomi ma’lum bo‘lgan oromgoh va pansionatlar faoliyat yuritgan.

«Ikkinchi Artek» deb nomlangan «Raxat» bolalar dam olish oromgohiga butun Sobiq Ittifoq davlatlaridan bolalar kelgan. Bularning barchasi hozir sarobli o‘tmishda qolib ketdi.

  1. Biologik xilma-xillikning yo‘qolishi:

Orol dengizining ekologik tizimi jiddiy zarar ko‘rgan. Dengiz suvlari sho‘rligi ortgani sababli baliq va boshqa dengiz hayvonlari yo‘q bo‘lib ketdi. Orol atrofidagi o‘simlik va hayvonot dunyosi ham kamaydi, bu hududning biologik xilma-xilligini pasaytirdi. Xususan, Orol dengizida noyob hisoblangan bakra balig‘i yo‘qolib ketdi.

Orol dengizi suv rejimi o‘zgarishi Amudaryo va Sirdaryo daryolari havzasidagi ekotizimlarga katta ta’sir ko‘rsatdi. Dengiz o‘zining 200 km atrofidagi iqlimga shakllantiruvchi ta’sir ko‘rsatgan. 1974 yilga kelib, umumiy maydoni 7 ming gektar bo‘lgan 30 ko‘l qurib qoldi, 1961 yilda 600 ming gektarga teng qamish zahiralari 100 ming gektargacha qisqardi. Qamish bilan qoplangan tog‘onli-botqoq yerlar sho‘rlanishga duchor bo‘ldi. Yer osti suvlari sathining tushib ketishi to‘qay o‘rmonlarining yo‘qolishiga olib keldi. 173 ta hayvonot turlaridan faqat 38 tasi saqlanib qoldi, ularning ham populyasiyasi juda nozik holatda. Masalan, Orol qurishidan oldin sayg‘oqlar soni 1 millionga yetib borgan bo‘lsa, hozirda ularning soni 150-200 tagacha tushib qolgan.

Orol ixtiofaunasiga katta zarar yetkazildi — dengiz maydonining qisqarishi va sho‘rlanishning o‘sishi natijasida deyarli barcha endemik turlar yo‘qoldi. Dengiz atrofidagi ko‘l tizimlaridagi baliqlar soni 20 barobarga qisqardi. XX asrning o‘rtasigacha Orol dengizida 30 tur baliq mavjud bo‘lib, ulardan 10 tasi sun’iy yo‘l bilan olib kelingan edi. 1970-yillarga kelib, barcha endemik turlar yo‘q bo‘lgan. 2004 yildan boshlab Katta Orolda baliq qolmagan.

Orolbo‘yi mintaqasidagi bu ekologik ofat global miqyosda ham jiddiy tashvishga sabab bo‘lmoqda. Shu boisdan xalqaro hamkorlikda bir qator tiklash loyihalari amalga oshirilmoqda.

Umuman olganda, Orol inqirozining salbiy oqibatlarini shular bilan yakunlab qo‘yish noto‘g‘ri bo‘ladi. Global miqyosdagi muammo kasb etgan Orol inqirozi aholining demografik, ijtimoiy muammolariga ham sabab bo‘lmoqda. 2017 yildan keyin Orol muammosiga O‘zbekiston Hukumati jiddiy nazar tashlay boshladi va sobiq dengizning qurigan maydoniga cho‘lga chidamli o‘simliklarni ekish kampaniyasini boshlab yubordi. Mo‘ynoq shahrini butunlay yangi qiyofaga keltirdi. Tumanda aholining ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash maqsadida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Dengiz esa odamlar qalbida hamisha yashab qolmoqda.

Yesimqan Qanaatov, jurnalist