Yangiyo‘l tumanida noqonuniy ilon boqish holati aniqlandi

Yangiyo‘l tumanida noqonuniy ilon boqish holati aniqlandi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani Qirariq mahallasida yashovchi shaxsi bizga noma’lum fuqaro tomonidan O‘zbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan Kapcha ilonlari (kobra) noqonuniy ushlab boqilgan. Fuqaro ilonlarni zaharini olib sotish maqsadida noqonuniy tarzda saqlab kelgani xabar berilmoqda.

Qo‘shnilar bu holatdan xabar topgach, fuqaro ilonlarni ochiq tabiatga qo‘yib yuborgan. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2-oktyabr kuni tushlik vaqtigacha aholi tomonidan 30 ga yaqin ilon ushlangan. Ushbu ilonlar Darxon va Qirariq mahallalarida paydo bo‘lgan.

Holatga oydinlik kiritish va bu holat qanchalik haqiqatga yaqin ekanini oʻrganish maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot xizmati bilan bog‘landik. Boshqarma matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra:

“Haqiqatan ham Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaro ilonlarni boqib kelgani aniqlandi. U o‘zini ilonlarni Qashqadaryo viloyatidagi tog‘larga qo‘yib yuborganini aytmoqda, ammo ilonlar tumandagi mahallalarda ushlanganligi to‘g‘risidagi xabarlar tarqaldi. Hozirda ushbu holatni chuqur o‘rganish uchun maxsus ishchi guruh tashkil etildi. Ilonlarning soni, aholi tomonidan haqiqatdan 30 ta ilon ushlangani haqidagi ma’lumotlar oʻrganilmoqda hali. Tasdiqlanmagan ma’lumotlar tarqatib aholi orasida vahima uygʻotmasliklarini soʻraymiz”.

Tuman hokimligi matbuot xizmati esa hali hech qanday ma’lumotga ega emasligini bildirdi. Vaziyat ishchi guruh tomonidan o‘rganilgach, tuman hokimligining rasmiy Telegram kanali orqali ma’lumot berilishi rejalashtirilgani aytildi.

Kapcha ilonlari haqida ma’lumot:

Kapcha ilonlari yerlarning o‘zlashtirilishi, brakonyerlik va odamlar tomonidan ta’qib qilinishi tufayli yo‘qolib borayotgan turlar sirasiga kiradi. Ularni shag‘al va tuproqli adirliklar, qoldiq tog‘lar, daryo qayirlari va vohalarda uchratish mumkin. Ba’zan cho‘l va yarim cho‘llarda ham uchraydi. Shu bilan birga ular Oʻzbekiston Qizil Kitobiga kiritilgan.

☘️Atrof-muhitga oid soʻnggi yangiliklarni @ekologuz saytida oʻqing. Bizga obuna bo’ling va taklif va tilaklaringizni @eklguz_bot orqali yuboring!