Toshkent hayvonot bog‘idagi oq sher Jonning tinchligini buzgan fuqaro qamaldimi?

Toshkent hayvonot bog‘idagi oq sher Jonning tinchligini buzgan fuqaro qamaldimi?

2024-yil 5-sentyabrda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent hayvonot bog‘iga tashrif buyuruvchilaridan biri hayvonlarga sabzavot uloqtirgan. Bu xatti-harakatni boshqa mehmonlar vaqtida videoga olishgan. Toshkent hayvonot bog‘i ushbu holatga javoban: «Bunday xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, bu jonivorlar uchun xavflidir. Afsuski, bu birinchi marta emas,» deb izoh berdi. Mazkur holat aholining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

2024-yil 10-sentyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 111-moddasi 1-qismi bilan huquqbuzarlik sodir etgan Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilmagan A.SH.ga (fuqaroning ismi sharifi shartli ravishda o‘zgartirilgan) nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqildi.

Fuqaro A.SH. 2024-yil 6-sentyabrda Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Bog‘ishamol ko‘chasi, 232-A-uyda joylashgan «Hayvonot bog‘i»da saqlanayotgan Afrika sheriga «narsa otish mumkin bo‘lmagan taqiq belgisi» qo‘yilganiga qaramasdan, shafqatsiz munosabatda bo‘lgan va unga yemak narsasini otib, uning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi omillarni yaratgan.

Sudda A.SH. aybini tan olib, qilmishidan pushaymon ekanini bildirgan va unga nisbatan oqilona qaror chiqarishni so‘ragan.

Sud, A.SH.ga nisbatan jazo tayinlashda, uning g‘ayrihuquqiy harakat sodir etgandan keyingi xulq-atvorini, shuningdek, ishdagi mavjud javobgarlikni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi omillarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2018-yil 30-noyabrdagi «Sudlar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi 35-sonli qarori talablariga rioya qilgan holda, MJtKning 111-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosini tayinlashni lozim deb topdi. Fuqaro O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 111-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdori, ya’ni 1.700.000 so‘m jarima jazosiga tortildi.

Toshkent hayvonot bog‘i matbuot xizmati esa, «Hayvonlarga g‘amxo‘rlik qilish bizning umumiy mas’uliyatimizdir va har bir hayvonot bog‘i mehmoni barchaning xavfsizligi va qulayligini ta’minlash uchun qoidalarga rioya qilishi kerak. Tartibni saqlashga yordam beradiganlar va jonivorlarimizni hurmat qiladiganlardan minnatdormiz,» deb ta’kidladi.