Qoraqalpog‘iston Respublikasida itlarni so‘yib sotish holati aniqlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida itlarni so‘yib sotish holati aniqlandi

So‘nggi kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro boshpanasiz itlarni so‘yib, ularning go‘shti va yog‘larini sotayotganligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Afsuski, bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topdi. Ushbu fuqarolar tomonidan so‘yilgan itlarning go‘shti kilogrammi uchun 25 000 so‘mdan sotilishi, it yog‘i esa xaridorning talabiga qarab, gramm bo‘yicha belgilab sotilishi qayd etildi.

Mazkur fuqaro mahalliy blogerlarga bergan intervyusida o‘zini himoya qilib, “jinoyat qilmayapman, birovning haqiga xiyonat qilmayapman”, deya bayonot bergan. U uchun joni bor hayvonlarni so‘yib sotish noto‘g‘ri ish emasligini bildirgan. Shuningdek, it go‘shtiga talab yuqori ekanligini va it yog‘ini ayniqsa bozorda chimchi qiladigan ayollar ko‘p sotib olishini ham qayd etgan. Fuqaroning hayvonlarni xonadoniga olib kelish uchun davlat raqami 95 854 FAA bo‘lgan «Damas» avtomobilidan foydalanganligi, shuningdek, uning Obodonlashtirish boshqarmasi qoshidagi it ovlov brigadasi xodimi ekanligi ham ma’lum bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lishga oid bir qator normalar mavjud. Jumladan, hayvonlarga g‘arazli yoki boshqa past niyatlarda qiynoqlar qo‘llash yoki ularga azob berish — BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga olib kelishi mumkin. Agar ushbu huquqbuzarlik voyaga etmagan shaxs hozirligida yoki ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilgan bo‘lsa, jarima miqdori BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha ko‘tarilishi yoki shaxs 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olinishi mumkin.

Bundan tashqari, agar hayvonlarning o‘limiga yoki mayib bo‘lishiga sabab bo‘lgan shafqatsiz munosabatda bo‘lish holati takroran sodir etilsa, BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha jarima yoki 240 soatgacha jamoat ishlari bilan jazolanadi. Qonunbuzarlik jiddiy bo‘lsa, 6 oygacha ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Bunday holatlar, ayniqsa, boshpanasiz hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lish masalasi jamoatchilikda jiddiy norozilik uyg‘otmoqda. Ko‘plab jamiyatlarda hayvonlarni azobga solish yoki ularning hayotiga tajovuz qilish nafaqat qonuniy jihatdan, balki axloqiy jihatdan ham qoralangan. Hayvonlarga nisbatan shafqatsizlik ekologik va etik me’yorlarga zid hisoblanadi, shuning uchun ham jamiyatda bunday holatlarni cheklash va bu kabi jinoyatlarni jazo bilan ta’minlash muhim hisoblanadi.

Mazkur holat atrofida paydo bo‘lgan muhokamalar fuqarolarni bunday xatti-harakatlarga jiddiy qarashga undamoqda. Biz ushbu holatga huquq targ‘ibot organlari e’tibor qaratishlarini, fuqaroning harakatlariga huquqiy baho berishlarini so‘raymiz.